Sport | 10:47 / 03.10.2017
10778
9 daqiqa o‘qiladi

«Bavariya»da nimalar bo‘ldi? Anchelottining Myunxendagi sarguzashtlari

O‘tgan juma kuni Karlo Anchelotti «Bavariya» bilan xayrlashdi. Jamoa yetakchisi Mats Hummelsdan bunday tez ro‘y bergan iste'fo unga qanchalik kutilmagan bo‘lgani haqida so‘rashganda u «iste'fo tez bo‘ldimi, sizningcha?» deb javob berdi. Ya'ni futbolchi uchun bu voqea qaysidir ma'noda kechikib sodir bo‘lgandek...

«Bavariya» xo‘jayinlari uchun bu voqea tez amalga oshdi. Ular Parijga kelishayotganida, balki bu haqida o‘ylashmagan ham, balki shuning uchun Anchelottiga o‘rinbosar topish masalasi hali ham ochiq qolmoqda.

Karl Xaynts Ruminigge Parijdagi o‘yindan bir kun oldin maydonga tushadigan asosiy tarkibni ko‘rib, ko‘ngli to‘lmagan. Rost ekan. «Bavariya» muhim uchrashuvni yirik hisobda boy berdi va Anchelotti endi jamoani butunlay yo‘qotdi. Myunxenga qaytilgach, Uli Xyoness jamoaning 5 nafar futbolchisi murabbiyga qarshi ekanini aytdi. Bu guruhga Frank Riberi va Jyerom Boateng, shuningdek o‘tgan yildan beri Karloning qarorlaridan noroziligini yashirmayotgan Tomas Myullerni ham kiritish mumkin.

Foto: Bild

2017 yilning barcha katta o‘yinlarida Anchelotti Myullerga, jamoaning o‘ziga xos ramzi va muxlislarning yoqimtoyi bo‘lgan futbolchiga asosiy tarkibdan joy topib bera olmadi. Osiyoda o‘tgan mavsumoldi turnesida uzoq vaqt Myuller jamoa sardori bo‘lib yurgan bo‘lsa-da, ikkinchi turga kelib u yana zaxirada qoldirildi. «Mening mahoratim murabbiyni qoniqtirmasa kerak» – dedi hujumchi ochiqchasiga.

Myullerning o‘rniga uzoq vaqt jarohati tufayli maydonga tusha olmagan Tyago Alkantara o‘ynadi. U Xames va Xavi Martines bilan birgalikda, Anchelottining «sevimli» futbolchilari bo‘lib qolishdi. Umuman italiyalik murabbiyning ispanlarga munosabati klubdagilarga yoqmadi, ularning o‘zaro yig‘ilishlari, oilaviy bordi-keldilari tarkibni aniqlashga xalaqit berishini ayta boshlashgandi. Jamoaviy muhitning buzilishida ham buning salbiy ta'siridan qo‘rqishdi.

«Real» va «Borussiya»ga qarshi o‘yinlarda Riberining almashtirib yuborilishi, shuningdek, «Volfsburg»ga qarshi chempionlik o‘yinida fransuz futbolchisining umuman zayavkadan chetda qolishi Anchelotti dushmanlarini bittaga ko‘paytirgani tabiiy. Bu holatning jamoatchilikka tarqalishi ham kuttirmadi – «Anderleht»ga qarshi o‘yinda ham almashtirilgan Riberi futbolkasini zaxira o‘rindig‘iga qarab otib yubordi.

Foto: Bild

Parijdagi o‘yinga Riberi 40 nafarga yaqin do‘stlari va oila a'zolari uchun chipta olgandi, ular esa o‘z yaqinlari 90 daqiqa zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib, jahl qilishini tomosha qilishdi.

Sal teparoqda Jyerom Boateng ham achchiqlanib o‘tirardi. Unga asosiy tarkibda tushmasligini aytishgan, ammo umuman zayavkadan chetda qolishi jahon chempioni uchun kutilmagan bo‘lgandi. Bu holat o‘tgan mavsum oxirida ham kuzatilgan, Germaniya Kubogi yarim finalida, shu paytgacha «Bavariya» himoyasi yetakchisi sanalgan Boateng o‘rniga Xavi Martines afzal ko‘rilgandi.

Foto: Reuters

Endi murabbiyning tarkibni tanlash siyosatiga bo‘lgan tanqidlar to‘xtamaydi. Uning Madriddagi o‘yinda sariq kartochkaga «osilib qolgan» Vidalning o‘z vaqtida almashtirmagani ham yana bir bahs mavzusi – xuddi shunday holatda raqib ustozi Zidan Kazemironi almashtirgan va yakunda Vidalning qizil kartochkasi o‘yin taqdirini hal qilgandi. Yoki yaqinda «Volfburg»ga qarshi (2:2) muvaffaqiyatsiz kechgan uchrashuv tanaffusidagi holat eslanadi: «e'tiborliroq bo‘linglar» – murabbiyning jami taktik ko‘rsatmalari atigi mana shu so‘zga jo bo‘lgan ekan.    

Italiyalik murabbiyning ko‘p holatlarda bo‘shanglik qilgani yana bir faktor bilan ham izohlanadi -  Anchelottining yordamchisi o‘z o‘g‘li Davide, fitnes-murabbiy esa, «kashanda» laqabi bilan tanilgan Jovanni Maur edi. Mauri hatto yechinish xonalarida ham chekavergan, uning mutaxassislik darajasi haqida ham afsonalar to‘qilgan – uning hisoblashicha, mashg‘ulotlar oldidan 3 daqiqalik chigalyozdi mashqlari yetarli ekan.

Foto: Bild

Noyyer, Boateng, Myuller kabi yetakchilar mashg‘ulotlardagi yuklamalar yetarli bo‘lmayotgani haqida Rummeniggega arz qilishdi, bir qator futbolchilar o‘z tashabbuslari bilan qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil qilganlarida murabbiy taqiqladi – futbolchilar alohida boshqa yerlarda shug‘ullana boshlashdi. Aren Robbenning gaplari esa yanada achchiq edi: «Mening o‘g‘lim shug‘ullanadigan «Gryunvaldershtadion»da yaxshiroq shug‘ullantirishadi» – deb yubordi jahl ustida niderlandiyalik yarim himoyachi.

Kimmih, Kuman kabi yosh futbolchilar jamoada o‘zlarini u qadar kerakli his qilmadilar, hatto yozda kelajaklari borasida klub rahbariyatiga murojaat qildilar. Boateng ham jamoani tark etish haqida o‘ylab qolgandi.

Mavsum boshidagi iste'fo ko‘pchilik uchun erta amalga oshirilgandek tuyulsa-da, bu  aslida kechroq sodir bo‘lganini ham isbotlaydi. Aslida bir yillik faoliyatdan keyin Karlo Anchelottiga javob berilishi kerak edi, degan fikrlar hozir eng baland ovozlarda yangramoqda. Mashg‘ulotlar yetarlicha intensiv emasligi haqida o‘tgan yili Filip Lam va Xabi Alonso kabi veteranlar ham aytishgandi. Jamoadagi professional muhit haqida gap ham yo‘q, hamma o‘z bilganicha, istaganini qilavergan. Anchelotti atrofida yig‘ilib olgan bir guruh malakasiz italiyaliklar chetdan qaraganda o‘z holicha yashab yurishar, futbolchilarning murabbiylar «yoqimtoyi» Alkantaraga bo‘lgan rashki ham, Riberi, Boateng yoki Myullerning nafrati ham kundan kunga oshib borar edi.

Lekin ketma-ket beshinchi chempionlik klub rahbarlarining ko‘zlarini shamg‘alat qilgandi – axir qanday qilib 15 ochkolik farq bilan mamlakat chempioni bo‘lgan murabbiyni haydash mumkin? Rahbarlar Anchelottining qaysarligi yaxshilik bilan to‘xtashiga, ba'zi masalalar asta-sekinlik bilan o‘z yechimini topishiga ishonib xato qilgan edilar. Ammo ikki marta «Milan»ni, bir marta «Real»ni Chempionlar ligasi g‘olibligiga yetaklab borgan buyuk murabbiydan faqat bundesliga chempionligi qoldi xolos. Jamoani taktik qoliplarga tushirib tashlagan Pep Gvardioladan so‘ng, Anchelotti faoliyati biroz erkinroq, quvnoqroq va osonroq kechishi taxmin qilingandi, ammo hammasi aksi bo‘lib chiqdi.

Foto: Bild

Levandovski to‘purarlik bahsida uni murabbiy quvvatlamagani haqida ochiqchasiga aytayotganda, Riberi futbolkasini zaxira o‘rindig‘iga irg‘itayotganda rahbariyat aralashmadi, Anchelotti ham ojiz qoldi – bu murabbiyning jamoa ichidagi avtoritetiga putur yetkazdi. Parijdagi o‘yinda tanlangan boshlang‘ich tarkib esa, «bomba»ni portlatib yuborishga yetarli bo‘ldi. 

Yangi murabbiy uchun eng muhim vazifa jamoaning ichki muhitini yaxshilash va eng avvalo, «hamma narsa uchun birgalikda kurashish» g‘oyasini qaytadan singdirishdir. Aks holda, shunchaki norozilarni tarkibga qo‘shish bilan ish bitmaydi, bu holda boshqa norozi futbolchilar ham paydo bo‘lishi tabiiy. Shu bilan birgalikda, klub rahbariyati ham bu yo‘lda jamoa bilan birga bo‘lishi va murabbiyni qo‘llab-quvvatlashlari kerak bo‘ladi.

Kicker materiali asosida

Mavzuga oid