Myunxenliklarning mavsumdagi ilk mag‘lubiyati
«Arsenal» kuzning asosiy o‘yinida «Bavariya»ni mag‘lub etdi (3:1). Londonliklar himoyasi myunxenliklar hujum chizig‘ini to‘xtatdi, Harri Keynga umuman imkon berilmadi.
«Arsenal» – «Bavariya» 3:1
Gollar: Timber, 22 (1:0). Karl, 32 (1:1). Madueke, 69 (2:1). Martinelli, 77 (3:1)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Moskera, Lyuis-Skelli (Kalafiori, 68), Timber (Uayt, 80), Subimendi, Rays, Eze (Edegor, 80), Trossar (Madueke, 38), Saka (Martinelli, 68), Merino
«Bavariya»: Noyyer, Upamekano (Kim Min Je, 81), Ta, Stanishich, Laymer (Bishof, 72), Kimmih (Rafael Gerreyru, 81), Pavlovich, Karl (Goretska, 81), Gnabri (Jyekson, 72), Olise, Keyn
Ogohlantirishlar: Saliba, 74. Merino, 80 – Upamekano, 23. Laymer, 43
Bu o‘yin oldidan intrigalar yetarlicha edi. «Arsenal» APLda, «Bavariya» – Bundesligada yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Ular Chempionlar ligasi startida ham to‘rt o‘yinda maksimum ochko to‘plab (12 tadan), birinchi va ikkinchi o‘rinlarni bo‘lishib turishgandi. Londonliklar bu to‘rt o‘yinning birortasida gol o‘tkazmagan, myunxenliklar esa barchadan ko‘p gol urgandi. «Arsenal» sentabr oyi boshidan buyon mag‘lubiyatsiz seriya qayd etayotgan, «Bavariya» esa bu mavsumda umuman yutqazmagandi. Umuman olganda, qaysi rakursdan qaralsa ham, bu YeChL guruh bosqichidagi eng asosiy to‘qnashuv bo‘lishi kutilayotgandi.
Mikel Arteta boshlang‘ich tarkib bo‘yicha ikki qarori bilan biroz ajablanirdi: chap qanot himoyasida tajribali Rikkardo Kalafiori emas, 19 yoshli Maylz Lyuis-Skelli tushdi. Markaziy himoyaning chap qanotida esa jarohatdagi Gabriyel Magalyayesh o‘rniga «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda ishonchli harakatlangan Piyero Inkapie emas, 21 yoshli Kristian Moskera tushdi. Asosiy markaziy hujumchi Viktor Yokeresh, ikkinchi va uchinchi hujumchilar Kay Havers hamda Gabriyel Jyezus hali jarohatdan to‘liq tuzalib safga qaytmagani tufayli bu vazifa yana bir bor asli yarimhimoyachi bo‘lgan Mikel Merinoga ishonib topshirildi.
O‘z navbatida, «Bavariya» diskvalifikatsiya tufayli Luis Dias xizmatlaridan foydalana olmasdi va uning o‘rniga 17 yoshli vunderkind Lennart Karl boshlang‘ich tarkibda tushdi. Shuningdek, Vensan Kompani tezkor Sakaga qarshi chap qanot himoyasida asli o‘ng qanot vakili bo‘lgan Laymerga ishonch bildirdi.
Myunxenliklar o‘yinning dastlabki daqiqalarida to‘pga egalik qilishdi, ammo vaziyatlar yarata olishmadi, mezbonlar esa asta-sekinlik bilan raqib jarima maydoni atrofida bosim uyushtirishga kirishishdi va ketma-ket vaziyatlarga ega bo‘lishdi. Myunxenliklar esa ilk zarbasini faqat 20-daqiqaga kelib yo‘lladi, ammo Upamekano Olisening qanotdan uzatmasiga to‘g‘ri zarba berolmadi. Javob hujumida esa «Arsenal» asosiy fishkasini ishga solib, hisobni ochdi: Subimendining pressingdagi faolligi evaziga o‘yindagi ilk burchak zarbasi ishlandi, Saka u yerdan to‘pni yaqin ustun oldiga yetkazib berdi, bu yerda esa Timber Noyyerdan ildamroq harakat qildi va to‘pni bosh bilan darvoza to‘riga kiritdi.












