Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropa va Lotin Amerikasi vakillari dunyodagi eng yirik erkin savdo hududi bo‘yicha kelishuv imzoladi
Trampning yangi boj tahdidlari yangragan kuni Yevropa Ittifoqi va Janubiy Amerikaning 4 davlati Mercosur savdo bitimini imzoladi. Kelishuv – Argentina go‘shtidan tortib nemis avtomobillarigacha bo‘lgan mahsulotlarga qo‘yilgan bojlarni bosqichma-bosqich bekor qiladi.
Asuncionda o‘tkazilgan imzolash marosimi / Foto: AP
17 yanvar kuni Yevropa Ittifoqi va Janubiy Amerikaning Mercosur savdo bloki uzoq yillardan beri kutilgan erkin savdo bitimini rasman imzoladi.
Paragvay poytaxti Asuncionda o‘tkazilgan imzolash marosimi chorak asrdan ortiq davom etgan mashaqqatli muzokaralarga nuqta qo‘ydi. Bitim AQSh boj siyosati va Xitoy eksportining jadal o‘sishi davrida Yevropa Ittifoqi uchun katta geosiyosiy g‘alaba sifatida baholanmoqda.
Mercosur tarkibiga mintaqaning ikki yirik iqtisodiyoti — Argentina va Braziliya, shuningdek, Paragvay va Urugvay kiradi. Blokning eng yangi a’zosi Boliviya hozircha bitimga kiritilmagan, biroq kelgusi yillarda qo‘shilishi mumkin. Venesuela esa Mercosurʼdan chetlatilgan va kelishuvda ishtirok etmaydi.
Janubiy Amerikadagi chorvachilikka tayanuvchi davlatlar va Yevropadagi sanoat doiralari qo‘llab-quvvatlagan ushbu bitim Argentina mol go‘shtidan tortib Germaniya avtomobillarigacha bo‘lgan mahsulotlarga qo‘yilgan bojlarning 90 foizidan ortig‘ini bosqichma-bosqich bekor qiladi. Rasmiylarga ko‘ra, natijada dunyodagi eng yirik erkin savdo hududlaridan biri yaratiladi va 700 milliondan ortiq iste’molchilar uchun narxlar arzonlashadi.
Reutersʼning yozishicha, Yevropa Ittifoqi va Mercosur o‘rtasidagi savdo hajmi 2024 yilda 111 mlrd yevroga yetdi. Ittifoq eksportining asosiy qismini mashinalar, kimyo mahsulotlari va transport uskunalari tashkil etadi. Mercosur eksporti esa asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, foydali qazilmalar, sellyuloza va qog‘ozdan iborat.
Bitim kuchga kirishi uchun Yevropa parlamenti roziligini olishi, shuningdek, Mercosur a’zolari — Argentina, Braziliya, Paragvay va Urugvay parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak.
Fermerlar masalasidagi tortishuv va kelishmovchiliklar
O‘tgan yili Mercosurʼga raislik qilgan Braziliya 2025 yil dekabr oyida imzolash marosimini o‘tkazishga hozirlik ko‘rgandi. Ammo Yevropa davlatlari arzon qishloq xo‘jaligi mahsulotlari oqimidan cho‘chigan fermerlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar talab qilib, marosimni bekor qildi. Shu sababli Lula imzolash marosimida qatnashmadi — bu savdo bloklari o‘rtasida hanuz keskinliklar mavjudligidan darak berdi.
Janubiy Amerikada bu holat Yevropaning haddan tashqari talabchanligining navbatdagi namunasi sifatida qabul qilindi.
Kelishuvning cho‘zilib ketishiga sabab bo‘lgan asosiy omillardan biri – yevropaliklar Janubiy Amerika qishloq xo‘jaligiga qo‘ygan qat’iy talablari bo‘ldi. Bular qatoriga: o‘rmonlarni kesishga qarshi qoidalar, plastik qadoqlash me’yorlari va boshqa standartlar kiradi. Chunki yevropalik fermerlar, agar Janubiy Amerikadagi raqobatchilar pastroq talablar ostida ishlasa, raqobatlasha olmasligini ta’kidladi.
Bundan tashqari Yevropa poytaxtlarida traktorlar bilan kelgan fermerlarning keng ko‘lamli namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Yevropaliklar o‘zlari saylagan amaldorlarga bosim o‘tkaza oldi. Natijada kelishuvga ekologik me’yorlar, mol go‘shti va shakar kabi mahsulotlarga qat’iy kvotalar, bojlarni bekor qilishning bosqichli jadvali kiritildi. Yevropa fermerlarni tinchlantirish uchun katta subsidiyalar va’da qilgach, Italiya ham bitim tarafdoriga aylandi.
Associated Press nashrining yozishicha, Yevropadagi qudratli lobbilar bitimning asosiy so‘nggi bosqichi — Yevropa Parlamenti ratifikatsiyasini to‘sib qolishga umid qilmoqda.
Xususan, Fransiya hanuz Mercosur bitimiga qarshi. Prezident Emmanuel Makron fermerlarning noroziligi 2027 yilgi prezident saylovida o‘ta o‘ng kuchlar foydasiga ishlashi mumkinligidan xavotirda.
Yevroittifoq savdo komissari Maros Sefkovis Yevropa parlamenti a’zolarini ko‘ndirish ishlarini boshlashini, bitimni joriy yilning birinchi yarmida tasdiqlatishga umid qilayotganini aytdi.
«Guruhlar darajasida ham, individual darajada ham juda faol muloqot bo‘ladi», dedi u. «Bu tarixiy yutuqdan imkon qadar tezroq foyda olishimiz uchun barcha protseduralar tez bajarilishiga ishonaman».
Proteksionizmga qarshi g‘alaba
Kelishuv so‘nggi yillarda siyosiy tortishuvlar va iqtisodiy inqirozlar sabab nufuzi pasaygan Mercosurʼning qayta jonlanayotganini ko‘rsatadi.
Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen bitimni Tramp ma’muriyatining parchalovchi siyosatiga qarshi himoya devori sifatida ta’rifladi.
«Bu aniq va ongli tanlovni aks ettiradi: biz bojlarni emas, adolatli savdoni tanlaymiz. Yakkalanish emas, uzoq muddatli samarali hamkorlikni tanlaymiz. Biz hech qachon bo‘lmagandek kuchlarimizni birlashtiramiz, chunki bu xalqlarimiz va davlatlarimiz farovonligi uchun eng to‘g‘ri yo‘l ekaniga ishonamiz», dedi u marosimda.
O‘sha kuni Tramp Grenlandiya ustidan AQSh nazoratiga qarshilik bildirgani uchun Yevropaning sakkiz davlatiga 10 foizlik qo‘shimcha bojlar e’lon qilgandi.
Braziliya prezidenti Lula da Silva ham bitimning uzoq yillik tarafdori sifatida uni global hamkorlik g‘alabasi deb atadi. «Biryoqlama siyosat bozorlarni yakkalab, proteksionizm global o‘sishni bo‘g‘ayotgan bir paytda, demokratik qadriyatlar va ko‘p tomonlama hamkorlikka sodiq ikki mintaqa boshqa yo‘lni tanlamoqda», deb yozdi Lula.
Eng e’tiborlisi — Argentina prezidenti Haver Mileyning ham keskin pozitsiyasi o‘zgargani. Tramp muxlisi bo‘lgan Miley hokimiyatga kelganida Mercosurʼni «qamoqxona» deb atagan, undan chiqish bilan tahdid qilgandi. Ammo shanba kungi marosimda uning erkin savdoga bo‘lgan ishtiyoqi barcha shubhalardan ustun keldi va hujjatni imzoladi.
Bitim shuningdek, Vashington va Pekin o‘rtasida tobora raqobat maydoniga aylanayotgan, tabiiy resurslarga boy Lotin Amerikasida Yevroittifoq ta’sirini kengaytirishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, ushbu kelishuv Donald Tramp G‘arbiy yarimsharda geosiyosiy ustunlikni kuchaytirishga intilayotgan bir vaqtda, Janubiy Amerika savdo va diplomatik aloqalarni diversifikatsiya qilishda davom etayotganini ko‘rsatadi.
Mavzuga oid
18:27 / 31.03.2026
Uzoqni yaqin qiluvchi temir ot – nega dunyoning turli hududlarida temiryo‘llar har xil o‘lchamda qurilgan?
09:14 / 27.03.2026
NATO davlatlari mudofaa xarajatlarini keskin oshirmoqda
19:22 / 23.03.2026
Yevropa Ittifoqi Putinni migratsiyaning «asosiy harakatlantiruvchi kuchi» deb atadi
12:29 / 20.03.2026