O‘zbekiston | 14:10 / 09.07.2024
7138
2 daqiqa o‘qiladi

Endi hokimlar bir vaqtning o‘zida mahalliy kengash raisi bo‘lolmaydi

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari kengashi raisi bo‘lishi mumkin emasligi nazarda tutilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Foto: Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi. Unda hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari kengashi raisi bo‘lishi mumkin emasligini nazarda tutilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada xalq deputatlari kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi hamda viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligini nazarda tutuvchi yangi norma o‘z aksini topgan. Shu bilan birga, yangi konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda hokim va mahalliy kengash raisi lavozimlari ajratilayotgani amaldagi qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish hamda takomillashtirish zaruriyatini keltirib chiqarmoqda.

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan qonun loyihasi bilan O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga hokimlar hamda mahalliy kengashlarning vakolatlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun loyihasida quyidagilar belgilanmoqda:

– mahalliy kengashlar faoliyatiga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi;

– xalq deputatlari kengashi raisi o‘z vazifalarini bajarish davrida doimiy va boshqa komissiyalar, partiya guruhlari tarkibiga kirishi mumkin emasligi;

– kengashlar yig‘ilishlarida hokim nomzodi ko‘rib chiqilayotganida nomzod mahalliy kengash deputatlariga hududni rivojlantirish dasturini taqdim etishi shartligi;

– mahalliy kengash va hokim qabul qiladigan hujjatlar Yagona elektron tizimda (e-qaror.gov.uz) ro‘yxatdan o‘tkazilishi va tizimga joylashtirilishi, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hujjatlarning haqiqiy emas deb hisoblanishi.

Qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi mahalliy kengashlar faoliyati samaradorligi yanada oshirishga, hokimlarning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid