O‘zbekiston | 17:28 / 30.10.2020
1660
3 daqiqa o‘qiladi

ShHTga a'zo davlatlar Oliy sudlari raislari qo‘shma bayonot qabul qildi. Inson huquqlari bo‘yicha o‘zaro munosabatlar kuchaytiriladi

30 oktabr kuni Oliy sud raisi K. Komilov rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga a'zo davlatlar Oliy sudlari raislarining Qozog‘iston raisligida videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan o‘n beshinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tadbirda ShHTga a'zo davlatlar Oliy sudlari raislarining qonun ustuvorligi, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash hamda ushbu sohada tajriba almashish borasidagi hamkorligini yanada faollashtirishga qaratilgan qator dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. 

Ishtirokchilar sudlarning konstitutsiyaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlash, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi davrida huquqiy munosabatlarni hal qilishdagi rolini yanada oshirish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldilar.

Shuningdek, sudlar faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari va global pandemiya hamda iqtisodiy inqiroz davrida odil sudlovni amalga oshirish, sud tizimining bu sharoitda faoliyat yuritishiga moslashishi, COVID-19 ning oldini olish va nazorat qilishdagi o‘rni bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. 

Inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish jarayonida insonning majburiyatlariga e'tibor qaratish muhimligi masalasi ham uchrashuv kun tartibidan o‘rin oldi.   

Tomonlar ShHTga a'zo davlatlar o‘rtasidagi tijorat nizolarini hal etish mexanizmini takomillashtirish, sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish va sudlarda korrupsiya xavfining oldini olishga e'tibor qaratdilar.

Ishtirokchilar migratsiya munosabatlari jarayonidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik va ShHTga a'zo davlatlar sudlari tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish amaliyoti masalalariga ham to‘xtalib o‘tdilar.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilindi. Unga muvofiq ShHTga a'zo davlatlarning Oliy sudlari o‘zaro ishonchni mustahkamlash, xavfsizlik, barqarorlik, xayrixohlik, xalqlar tinchligi va farovonligini saqlashga yanada ko‘proq hissa qo‘shish niyatidalar.

Shu bilan birga, ShHTga a'zo davlatlarning Oliy sudlari ShHT Xartiyasi, Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma va ShHT doirasida qabul qilingan boshqa xalqaro shartnomalar qoidalarini inobatga olgan holda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo‘yicha o‘zaro munosabatlarni yanada kuchaytirish niyatidalar.

Shuningdek, huquqni muhofaza qilish idoralarining jinoyatlarni tergov qilish vakolatlarini aniq chegaralash bilan birga jinoyat protsessida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini takomillashtirishni davom ettirish zarurligi ta'kidlandi.

Imzolangan yakuniy bayonotga muvofiq ShHTga a'zo davlatlar Oliy sudlari raislarining navbatdagi yig‘ilishi 2021 yilda Qirg‘izistonda o‘tkaziladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid