O‘zbekiston | 20:51 / 16.10.2025
2711
3 daqiqa o‘qiladi

Kosmik ma’lumotlar tahlili orqali daraxtlar kesilishini aniqlash joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni aerokosmik monitoring orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlash yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda ta’kidlanganidek, endi aerokosmik tahlillar yordamida iqtisodiyotga turtki beradigan yangi imkoniyatlarni aniqlash lozim.

Qayd qilinishicha, yil boshidan kosmik monitoring yordamida 2 mingdan ziyod kondan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan. Bosh prokuratura oldiga iqtisodiy jinoyatlarning oldini olish va ularni o‘z vaqtida fosh etishda yer, ishlab chiqarish obektlari va konlarni sun’iy yo‘ldosh orqali tahlil qilish ma’lumotlaridan samarali foydalanish vazifasi qo‘yildi.

Yil boshidan 33 mingdan ziyod o‘zboshimcha qurilish aniqlangan bo‘lsa, ularning ko‘pi qishloq xo‘jaligi yerlarida joylashgan. Shu munosabat bilan qisqa muddatda tegishli axborot platformalarini integratsiya qilib, noqonuniy qurilish holatlarini tezkor o‘rganish va bartaraf etish imkonini beradigan tizim yaratish topshirildi.

Taqdimotda kosmik monitoring asosida joylarda bo‘sh turgan yerlarni aniqlash va iqtisodiy aktivga aylantirishga alohida e’tibor qaratildi. Oltita hududida olib borilgan o‘rganishlar natijasida 300 gektarga yaqin bo‘sh yerlar aniqlandi. Birgina Toshkent shahrida 95 gektar bo‘sh yer uchastkasi topilib, auksionga chiqarilgan. Prezident bu yil yana 8 ta hududda, kelgusi yilda barcha tuman markazlarida o‘rganishlarni oxiriga yetkazish vazifasini qo‘ydi.

Sohada xalqaro tajriba va ilg‘or yechimlarni faol joriy qilish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilar bu borada ishlab chiqilgan loyihalar yuzasidan axborot berdi.

Jumladan, kosmik ma’lumotlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, daraxtlar kesilishi, metan gaz sizib chiqishi, quyosh panellarining samaradorligi, yo‘l qoplamasi holati, temir yo‘l va elektr tarmoqlaridagi nosozliklar va ortiqcha yuklamalarni aniqlash ishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, taqdimotda kosmik sohada ta’lim ekotizimini yaratish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish, yo‘ldoshli aloqa texnologiyalarini joriy etish orqali olis hududlarida aloqa qamrovini oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. 2028 yilda Samarqandda o‘tkaziladigan Xalqaro astronavtika kongressiga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan topshiriq berildi.

Mavzuga oid