Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2026 yil uchun mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda qayd qilinishicha, yanvar-sentabr oylarida iqtisodiyot prognozdan ancha yuqori sur’atda – 7,6 foizga o‘sdi. Sanoat hajmi 6,8 foiz, qurilish – 14,2 foiz, xizmatlar – 14 foiz, qishloq xo‘jaligi – 4,1 foizga oshdi.

Oltin-valuta zaxiralari o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga ko‘payib, 55 milliard dollarga yetdi. Nufuzli xalqaro reyting agentliklari mamlakatimiz iqtisodiy istiqbollarini yuqori baholamoqda. “Fitch Ratings” ilk bor mamlakatimiz suveren reytingini bir pog‘onaga oshirgan bo‘lsa, “Moody’s” va “S&P Global” o‘z kutilmasini “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi.

– Eng muhimi, erishilgan natijalar aholi farovonligini oshirishga xizmat qilyapti, – dedi davlat rahbari.

Aholi daromadlari 18,4 foizga, omonatlar 35,3 foizga, o‘rtacha ish haqi esa 19,2 foizga o‘sdi.

Prezident yuqori o‘sish sur’atlarini yil yakunigacha saqlab qolib, yalpi ichki mahsulot hajmini 135 milliard dollardan oshirish iqtisodiy kompleksning asosiy vazifasi bo‘lishini qayd etdi.

Yig‘ilishda kelgusi yil uchun asosiy rejalar ko‘rib chiqildi.

Mutasaddilar kelgusi yilda o‘sish sur’atini 6,6 foiz darajasida ta’minlab, yalpi ichki mahsulot hajmini 150 milliard dollardan oshirish, iqtisodiyotga barcha manbalardan kamida 400 trillion so‘m yo‘naltirish, inflatsiyani 7 foizdan ortiq bo‘lmagan darajada saqlab qolish prognoz qilingani yuzasidan axborot berdi.

Prezident bu rejalarga erishish uchun barcha imkoniyat va sharoit mavjudligini ta’kidlab, har bir vazirlik, tarmoq va hudud rahbarlari jiddiy e’tibor qaratishi zarur bo‘lgan muhim masalalarni ko‘rsatib o‘tdi.

2026 yilgi budjet loyihasida asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolayotgan sharoitda budjet daromadlarini izchillik bilan oshirib borish, shu bilan birga, xarajatlar qismining samarali sarflanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish shartligi qayd etildi.