Jahon | 11:24 / 17.01.2026
4338
3 daqiqa o‘qiladi

Kanada Xitoy elektromobillariga bojlarni keskin pasaytiradi

Tramp bilan savdo kelishuviga erisholmagan Kanada bosh vaziri Mark Karni Pekinga safar qildi. Kelishuvga ko‘ra, Xitoyning BYD va boshqa elektromobillarini Kanadaga olib kirishdagi 100 foizlik boj muayyan kvota doirasida 6,1 foizga tushiriladi, buning evaziga Xitoy tomoni Kanadada yetishtirilgan kolza urug‘i uchun bojni 84 foizdan 15 foizga pasaytiradi.

Foto: Sean Kilpatrick / Reuters

Kanada Xitoy elektromobillari importi uchun 100 foizlik boj tariflarini keskin pasaytiradi. O‘z navbatida, Xitoy Kanadada ishlab chiqarilgan ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun bojni kamaytiradi.

Bu haqda 4 kunlik tashrif bilan Pekinga borgan Kanada bosh vaziri Mark Karni XXR raisi Si Jinping bilan muzokaralardan keyin ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Associated Press.

Karnining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy elektromobillari uchun 100 foizlik boj 6,1 foizga tushiriladi va pasaytirilgan boj avvaliga yillik 49 mingta elektromobilga nisbatan tatbiq etiladi, keyinchalik bu kvota oshirilib, 5 yil ichida 70 mingtaga yetadi.

Xitoy esa Kanadaning asosiy eksport tovarlaridan biri bo‘lmish kolza urug‘i uchun bojni 84 foizdan 15 foizga tushiradi, dedi Kanada bosh vaziri.

“Xitoy bilan munosabatlarimiz oxirgi oylarda ancha rivojlandi, natijalarni hali ko‘rasiz”, dedi Mark Karni.

2025 yilda Kanada yetakchisiga aylangan iqtisodchi Karni 2008-2013 yillarda Kanada Markaziy banki, 2013-2020 yillarda Angliya Markaziy banki raisi bo‘lgan. U hukumat rahbarligiga kelganidan buyon AQSh prezidenti Donald Tramp bilan savdo kelishuviga erisholmay kelmoqda. Tramp Kanadani AQShning 51-shtatiga aylantirishni istashini ochiq aytadi.

AQSh prezidenti bu kelishuv haqidagi savolga javob berarkan, biror e’tiroz bildirmadi.

“U qilishi kerak bo‘lgan ishni qilyapti, savdo kelishuvini imzolagan bo‘lsa, o‘zi uchun yaxshi bo‘libdi. Agar Xitoy bilan kelishuvga erisha olsang, buni qilishing kerak”, – dedi Tramp.

Ma’lumot uchun, Kanada Xitoy elektromobillariga 100 foiz boj, po‘lat va alyuminiyga esa 25 foizlik bojni sobiq bosh vazir Jastin Tryudo davrida, Donald Trampning qaroriga ergashgan holda kiritgan edi. Bunga javoban Xitoy Kanadadan keladigan kolza yog‘i, kunjarasi va urug‘i uchun, shuningdek, cho‘chqa go‘shti va dengiz mahsulotlari uchun yuqori boj kiritgan.

Xitoy tomoni statistikasiga ko‘ra, 2025 yilda Kanadadan import 10,4 foizga yoki 41,7 mlrd dollarga qisqargan.

Kanada avtosanoat korxonalari va ularning xodimlari Xitoy elektromobillari uchun bozorning ochilishiga qarshi. Avvalroq Mark Karni ularni tinchlantirishga urinib, 49 mingta avtomobil – yiliga 1,8 millionta avtomobil sotiladigan Kanada bozorining atigi 3 foizini tashkil etishini, uning evaziga Xitoy 3 yil ichida Kanada avtosanoatiga investitsiya kiritishini aytgan.

Shunga qaramay, mahalliy avtosanoat Xitoy bilan kelishuv uchun Tramp Kanadani jazolashi, natijada ular asosiy eksport bozori – AQShni yo‘qotishi mumkinligidan xavotir olmoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid