O‘zbekiston | 11:14 / 07.03.2022
15247
2 daqiqa o‘qiladi

Ipoteka subsidiyalarining 40 foizi xotin-qizlar uchun ajratiladi – Prezident

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbirida nutq so‘zlamoqda. 

Foto: Kun.uz

“Mamlakatimizda tadbirkorlik sohasida ishlayotgan xotin-qizlar sonini yanada ko‘paytirish maqsadida “Bizneschi ayollar” dasturi qabul qilinib, uning doirasida 8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. 

Shuningdek, joriy yilda Ipoteka kreditlari bo‘yicha beriladigan subsidiyalarning 40 foizi xotin-qizlar uchun ajratiladi. Bu muhtoj ayollarni 12 mingta qulay uy-joy bilan ta’minlash imkoniyatini beradi. Tariximizda ilgari bo‘lmagan bunday keng ko‘lamli ishlar ijrosi uchun 15 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda. 

Bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman. Xotin-qizlar va oila masalasi – bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan hal qiluvchi omildir. Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli, xonadonlarimiz farishtasi bo‘lgan ayollarga bitta yaxshilik qilsak, hech shubhasiz, bu o‘nta yaxshilik bo‘lib qaytadi. 

Hozirgi kunda xotin-qizlar mamlakatimizdagi demokratik jarayonlarning, xalqchil islohotlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi. Biz respublikamiz boshqaruv tizimida, parlament va mahalliy kengashlarda, turli sohalarda bilimdon va fidoyi opa-singillarimizning ulushini ko‘paytirishga alohida ahamiyat qaratamiz. Ularning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada kuchaytirish bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi. 

Bugungi fayzli davramizda ishtirok etayotgan diplomat xonimlarni – xorijiy davlatlarning hurmatli elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini ham, chin dildan samimiy qutlayman. Sizlarga o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali munosabatlarimiz rivojiga qo‘shayotgan munosib hissangiz uchun, alohida tashakkur izhor etaman”, – deya davlat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid