Jahon | 15:36 / 08.10.2024
4965
2 daqiqa o‘qiladi

Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sun’iy intellekt ustida olib borilgan ishlar uchun berildi

Jon Hopfild va Jyeffri Hinton 2024 yilgi mukofot sohiblariga aylandi.

Nobel qo‘mitasi fizika bo‘yich 2024 yilgi mukofot sovrindorlarini e’lon qildi. Amerikalik Jon Hopfild hamda britaniya-kanadalik Jyeffri Hinton ushbu mukofotga sazovor bo‘ldi.

Mukofot “sun’iy neyron tarmoqlari yordamida Machine Learning’ning asosini tashkil etuvchi fundamental kashfiyotlar va ixtirolar uchun” berildi.

Ikkala laureat ham statistik fizika bilan shug‘ullangan. Ularning ishlari zamonaviy neyron tarmoqlari yaratilishiga olib keldi. Bugungi kunda ushbu tarmoqlar sun’iy intellektning ko‘plab sohalarida keng qo‘llanilmoqda.

Fizika bo‘yicha 2023 yilgi Nobel mukofoti elektronlar bo‘yicha tadqiqotlari uchun AQSh, Germaniya va Shvetsiyadan uch nafar olimga berilgandi. Per Agostini, Ferens Kraus va Ann L-Yuile mukofot sohiblariga aylangan.

Umuman olganda, fizika bo‘yicha Nobel 1901 yildan beri har yili beriladi, 1916, 1931, 1934 va 1940-1942 yillar bundan mustasno. 2024 yilgacha mukofotga jami 224 kishi sazovor bo‘ldi. Aksraiyat lauretlar AQShdan.

7 oktyabr kuni Nobel haftaligiga start berildi. Birinchi bo‘lib, fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha mukofot egalarining nomi e’lon qilindi. Amerikalik olimlar Viktor Ambros va Geri Ravkan mikroRNKni kashf qilgani uchun bu yilgi mukofot bilan taqdirlandi.

9 oktyabrda kimyo, 10 oktyabrda esa adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti g‘oliblarining nomlari ma’lum bo‘ladi. 11 oktyabr kuni Osloda tinchlik mukofoti sovrindori e’lon qilinadi, 14 oktyabrda esa iqtisodiyot bo‘yicha mukofot g‘olibi aniqlanadi.

Nobel mukofotining har bir kategoriyasi uchun 11 million shved kronasi tadqim etiladi. Bu bir million dollardan biroz ko‘proq.

Mavzuga oid