Jamiyat | 15:36 / 27.12.2025
3745
2 daqiqa o‘qiladi

“8,5 trillionning hammasi dastur bo‘yicha ishlatiladi” – Qahramon Quronboyev

Prezident 26 dekabr kungi yillik murojaatnomasida mahallalarni rivojlantirish bo‘yicha kompleks yondashuv uchun 8,5 trln so‘m ajratilishini e’lon qildi. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisining Kun.uz’ga aytishicha, bu katta miqdor bo‘lgani bois pul mahallabay taqsimlanadi. Qilinadigan dasturda yo‘l, suv, infratuzilma va raqamlashtirish masalalari oldingi o‘rinda bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev 2026 yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qildi. Yillik murojaatnomasida davlat rahbari mahalla tizimiga bir necha marta to‘xtaldi. Ma’lum bo‘lishicha, kelgusi yildan mahallani rivojlantirish bo‘yicha kompleks yondashuv joriy etiladi. Har bir viloyatda 2-3 tadan tumanni tanlab, hamma mahalladagi barcha muammolarni bir vaqtning o‘zida hal qiladigan tizim yaratiladi. Ularda bir vaqtning o‘zida tadbirkorlik infratuzilmasi ham rivojlantirilishi kerak.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Prezident bu maqsadlar uchun jami 8,5 trillion so‘m ajratilishini e’lon qildi. Deputatlarga esa o‘z okrugidagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard so‘m berilmoqda.

Murojaatnomada prezident 2026 yil korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ishlar jiddiy olib boriladigan davr bo‘lishini eslatdi. Hattoki yangi yilda korrupsiya bo‘yicha favqulodda holat e’lon qilindi. Shunday ekan, mahalla tizimiga beriladigan 8,5 trillionning nimalarga ishlatilishi – o‘rinli savol. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyevning Kun.uz’ga aytishicha, pul miqdori ko‘pligi bois mahallabay taqsimlanadi.

“Endi bir narsani to‘g‘ri bilishimiz kerakki, 8,5 trillion so‘m pul – ishlab chiqilgan dastur asosida ishlatiladi. Har bitta mahallaga qancha ajratiladi, yo‘liga qancha-yu suviga qancha – har bittasi dastur orqali. Prezidentimiz raqamlashtirish masalasiga alohida e’tibor berdilar. 2025 yildagi raqamli mahalla platformasi orqali pulning to‘g‘ri ishlatilishi nazorat qilib boriladi”, - deydi Qahramon Quronboyev.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning oktyabrida prezident 2026 yildan boshlab mahallalar budjetiga har yili 200 mlrd so‘mdan berilishini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid