O‘zbekiston | 14:03 / 24.07.2023
30424
4 daqiqa o‘qiladi

Donetsk oblastidagi RF qo‘shinlari safida O‘zbekiston fuqarolari ham bor - Ukraina QK bosh shtabi

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabining kunlik svodkasida ilk bor urushga jalb etilgan O‘zbekiston fuqarolari haqida ma’lumot berildi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘zbekistonliklar qurilish ishlarida qatnashish uchun Ukrainaga kelishgan, ammo Mariupolda ularning pasportlari olib qo‘yilgan va rus qo‘shinlari safiga safarbar etilgan.

Foto: Getty Images

Donetsk oblastining vaqtincha okkupatsiya qilingan Horlivka shahridagi Rossiya armiyasi bo‘linmalarida O‘zbekiston fuqarolari ham borligi aniqlandi. Bu haqda Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabining kunlik hisobotida keltirilgan.

«Mazkur shaxslar Mariupolga qurilish ishlari uchun kelgan. Yetib kelgach, ularning pasportlari olib qo‘yilib, ko‘ngillilar sifatida bosqinchi kuchlar safiga safarbar qilingan», — deyilgan xabarda.

Horlivka Mariupol shahridan 115 km shimolda, Donetsk shahridan Baxmutga olib boruvchi yo‘l bo‘yida, front chizig‘ida joylashgan.

Biroz avvalroq, Rossiyaning Volgograd shahrida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini «maxsus harbiy amaliyot»ga chaqirish boshlangani haqida xabar paydo bo‘lgandi. Mahalliy aholi vakillari jamoat transporti salonlarida shunday chaqiriqlar aks etgan plakatlarga guvoh bo‘lishgan.

«Bu avtobuslarda xorijliklar yurishadi. Bu reklama ular uchun. Reklamani biz joylashtirdik va o‘zbek tilidan boshlashga qaror qildik. Kelgusida biz bu tashviqotni boshqa tillarda ham olib boramiz: tojik, qozoq va hokazo. Bunday e’lonlarni avtobuslardan boshqa joylarda ham joylashtirish haqida hozircha buyruq bo‘lmadi», – degan saralash punkti xodimi mahalliy nashrlardan biriga bergan izohida.

Foto: Ilya Vorobushkin

Mart oyida O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanida yashovchi, Rossiyada qamoq muddatini o‘tagan fuqaro Ukrainada halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi. U Ukrainaga qurilish ishlari uchun jo‘natilgan va u turgan joyga snaryad kelib tushgani ma’lum bo‘lgandi.

DXX may oyi oxirida ham Rossiya qamoqxonasidan Ukrainadagi urushga safarbar qilingan O‘zbekiston fuqarosi vafot etgani haqida xabar bergandi. Marhumning onasi ta’kidlashicha, u ilgari hech qachon qo‘liga qurol olmagan. «Ona, men ularga odamlarni o‘ldirmasligimni, u yerga bormasligimni aytdim, lekin ular baribir meni majburlashdi», — degan u o‘g‘li bilan oxirgi suhbati haqida.

Iyun oyida BBC Rus xizmati Rossiya qamoqxonalaridagi Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolarining Ukrainadagi urushga yollanishi mavzusidagi surishtiruvni e’lon qilgandi. Sayt ma’lumotlariga ko‘ra, qamoqxonalarda yollanganlarning 93 nafari urushda halok bo‘lgan, shundan 34 nafari o‘zbekistonliklardir.

Ma’lumot uchun, o‘zbekistonliklarning chet davlatlar harbiylashgan tuzilmalariga yollanishi jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining 154-moddasi birinchi qismiga ko‘ra yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biror shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 154-1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan, yollanishi esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishiga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid