Donetsk oblastining vaqtincha okkupatsiya qilingan Horlivka shahridagi Rossiya armiyasi bo‘linmalarida O‘zbekiston fuqarolari ham borligi aniqlandi. Bu haqda Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabining kunlik hisobotida keltirilgan.
«Mazkur shaxslar Mariupolga qurilish ishlari uchun kelgan. Yetib kelgach, ularning pasportlari olib qo‘yilib, ko‘ngillilar sifatida bosqinchi kuchlar safiga safarbar qilingan», — deyilgan xabarda.
Horlivka Mariupol shahridan 115 km shimolda, Donetsk shahridan Baxmutga olib boruvchi yo‘l bo‘yida, front chizig‘ida joylashgan.
Biroz avvalroq, Rossiyaning Volgograd shahrida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini «maxsus harbiy amaliyot»ga chaqirish boshlangani haqida xabar paydo bo‘lgandi. Mahalliy aholi vakillari jamoat transporti salonlarida shunday chaqiriqlar aks etgan plakatlarga guvoh bo‘lishgan.
«Bu avtobuslarda xorijliklar yurishadi. Bu reklama ular uchun. Reklamani biz joylashtirdik va o‘zbek tilidan boshlashga qaror qildik. Kelgusida biz bu tashviqotni boshqa tillarda ham olib boramiz: tojik, qozoq va hokazo. Bunday e’lonlarni avtobuslardan boshqa joylarda ham joylashtirish haqida hozircha buyruq bo‘lmadi», – degan saralash punkti xodimi mahalliy nashrlardan biriga bergan izohida.

Mart oyida O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanida yashovchi, Rossiyada qamoq muddatini o‘tagan fuqaro Ukrainada halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi. U Ukrainaga qurilish ishlari uchun jo‘natilgan va u turgan joyga snaryad kelib tushgani ma’lum bo‘lgandi.
DXX may oyi oxirida ham Rossiya qamoqxonasidan Ukrainadagi urushga safarbar qilingan O‘zbekiston fuqarosi vafot etgani haqida xabar bergandi. Marhumning onasi ta’kidlashicha, u ilgari hech qachon qo‘liga qurol olmagan. «Ona, men ularga odamlarni o‘ldirmasligimni, u yerga bormasligimni aytdim, lekin ular baribir meni majburlashdi», — degan u o‘g‘li bilan oxirgi suhbati haqida.










