O‘zbekiston | 19:31 / 14.06.2023
16781
2 daqiqa o‘qiladi

Yil oxirigacha «Toshkent-Andijon» pulli avtomobil yo‘lini qurish ishlari boshlanadi 

Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturidan o‘rin olgan rejalarini e’lon qildi. 

Foto: LiveJournal

Vodiy aholisining uzog‘ini yaqin qilish maqsadida «Andijon–Farg‘ona–Qo‘qon–Namangan–Andijon» temiryo‘l halqasi bo‘ylab 4 ta elektropoyezd harakati yo‘lga qo‘yiladi. Natijada, kuniga 8 ta qatnov tashkil etilib, 10 mingga yaqin yo‘lovchi tashiladi. Bunga, 40 million dollar jalb qilinadi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev andijonlik saylovchilar bilan uchrashuvida e’lon qildi. Uning so‘zlaridan Kun.uz muxbiri iqtiboslar keltirdi. 

«Shu yil oxirigacha Jahon banki bilan birga «Toshkent – Andijon» muqobil pulli avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha 2,5 milliard dollarlik mega loyiha boshlanadi. Loyihani amalga oshirish natijasida Andijondan Toshkent shahriga borish vaqti hozirgi 5 soatdan 3 soatga qisqaradi», dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Andijon xalqaro aeroporti ham zamonaviy standartlar asosida to‘liq ta’mirlanadi va bu ishlarga 350 million dollar yo‘naltiriladi. 

Shu bilan birga, 2030 yilga qadar 427 ta mahallada 600 ming aholi markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanadi hamda 1 million aholi uchun suv ta’minoti yaxshilanadi. 

Andijon, Xonobod va Qorasuv shaharlari, Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq, Andijon, Asaka va Oltinko‘l tumanlaridagi 510 ming aholining suv ta’minotini yaxshilash uchun, «Xonobod-Andijon» magistral suv quvurining ikkinchi tarmog‘i quriladi. Bunga 35 million dollar investitsiya jalb qilinadi.

«Umuman, viloyatda markazlashgan ichimlik suvi qamrovini hozirgi 87 foizdan 97 foizga yetkazamiz», dedi nomzod.

Mavzuga oid