O‘zbekiston | 10:47 / 19.12.2020
11672
2 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaga oid anonim murojaatlar asosida ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkin

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Foto: Getty Images

Qonun loyihasiga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror jinoyatga oid ma'lumotlar mavjud bo‘lgan anonim murojaatlarni ko‘rib chiqish chog‘ida ular bilan bog‘liq  ma'lumotlarni aniqlaganida, jinoyat ishini qo‘zg‘atishga sabab bo‘lishi mumkin.

Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya faktlariga doir murojaatlari, shu jumladan anonim murojaatlarini ko‘rib chiqadi.

  • Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, jinoyat haqidagi imzosiz, qalbaki imzoli yoki uydirma shaxs nomidan yozilgan xat, ariza yoki boshqa anonim xabarlar jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun sabab bo‘la olmaydi.

Tahlillarga ko‘ra, 2018-2020 yillarda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga 90ta hamda Ichki ishlar vazirligiga 106ta jinoyatga, shu jumladan korrupsiyaga oid ma'lumotlar bo‘lgan anonim murojaatlar kelib tushgan.

«Milliy qonunchiligimizda bunday murojaatlarni ko‘rib chiqish hamda bu jarayonda aniqlangan qonunbuzilishlarga nisbatan choralar ko‘rish tartibiga doir huquqiy asoslar yaratilmaganligi o‘z vaqtida jinoyatlarni fosh etish imkonini bermayapti.

Shu sababli, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda jamiyatda qonuniylikni ta'minlash maqsadida yuqoridagi qoidadan farqli o‘laroq, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokurorga sodir etilgan, sodir etilayotgan yoki tayyorlanayotgan jinoyatlar to‘g‘risida ma'lumotlar mavjud bo‘lgan anonim murojaatni ko‘rib chiqish chog‘ida jinoyatga oid ma'lumotlar aniqlanganida, Jinoyat-protsessual kodeksining 330-moddasida ko‘rsatilgan qarorlarning  birini  qabul  qilish  vakolati  berilmoqda», deyiladi hujjat loyihasida.

Mavzuga oid