O‘zbekiston | 14:40 / 29.08.2019
3384
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy bilan qo‘shma tibbiyot texnoparki tashkil etiladi

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga rasmiy safari doirasida innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoyning ilm-fan va texnika vaziri Van Chjigan bilan uchrashdi

I. Abdurahmonov Innovatsion rivojlanish vazirligi O‘zbekiston—Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining ilmiy-texnikaviy hamkorligi doirasida “Iqtidorli yosh olimlar” dasturi bo‘yicha ishlar olib borilayotganini gapirarkan, mana shu dastur orqali munosabatlar yanada mustahkamlanishini qayd etdi.
 
- Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasining yosh olimlari XXRning yetakchi ilmiy muassasalarida stajirovka kurslarini o‘tash uchun jo‘natilishiga doir tanlov e'lon qilingan bo‘lib, tanlovga arizalar topshirish jarayoni davom etmoqda, - dedi Innovatsion rivojlanish vaziri. - Joriy yilning sentabr oyida esa 20 ta maqsadli loyihalar tanlovi e'lon qilinadi. Tanlov g‘oliblarining loyihalari 2020 yilning yanvar oyidan O‘zbekiston va Xitoy tomondan moliyalashtiriladi.
 
Xitoyning ilm-fan va texnika vaziri Van Chjigan mazkur tanlovni o‘tkazish va moliyalashtirish reglamenti yaqin kunlarda o‘zbekistonlik hamkorlarga jo‘natilishini, va o‘zaro kelishilgan holda shaffoflik va ochiqlikka asoslangan tanlov qonun-qoidalari tasdiqlanishini aytdi.
 
- O‘zbekistonlik yoshlarning Xitoyda ta'lim olishi kelajakda hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlarning sifatini ko‘tarishga qaratilgan, - dedi xitoylik vazir. - Yoshlar jamiyatning eng muhim bo‘g‘inidir, kelgusida foyda olish istagimiz bor ekan, avvalo, yoshlarga investitsiya qilishimiz kerak.
 
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma texnoparklarini yaratish va rivojlantirish borasida ham fikrlar almashdilar. Xususan O‘zbekistondagi texnopark xodimlari va rezidentlaridan iborat mutaxassislar Xitoyda sohaga doir amaliyotdan o‘tishlari borasida kelishildi. Bundan tashqari, Xitoy bilan hamkorlikda dori vositalari substansiyalari (biologik faol moddasi)ni kimyoviy sintez qiladigan qo‘shma tibbiyot texnoparki tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid