Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hafta davomida issiq kuchayishi kutilmoqda
O‘zbekistonda ish haftasining birinchi yarmida harorat +36…+39 daraja, qolganida +40…+44 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Ayrim joylarda chang-to‘zonlar, ba’zi tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘irlar kuzatilishi mumkin.
Foto: Kun.uz
Ish haftasining birinchi yarmida O‘zbekiston hududida biroz issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet.
Kunduz kunlari harorat +36…+39 daraja atrofida, respublika janubida va cho‘l hududlarida +40…+42 darajagacha bo‘ladi.
Haftaning ikkinchi yarmida issiq kuchayadi. Juda issiq ob-havo davri shanba kuniga qadar davom etadi. Kunduz kunlari termometr ustuni +40…+42 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +44 darajagacha ko‘tariladi.
Shu kunlarda O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Qisqa muddatli yomg‘irlar faqat 14–16 iyul kunlari ayrim tog‘li hududlarda kuzatilishi mumkin.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13–18 metr/soniyagacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi.
Toshkent shahrida havo asosan biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 14–16 iyulda kechalari +22…+24 daraja, kunduz kunlari +37…+39 daraja bo‘ladi.
17–19 iyulda harorat kechalari +25…+27 darajagacha, kunduz kunlari +40…+42 darajagacha ko‘tariladi.