Jamiyat | 12:37 / 16.02.2021
8199
6 daqiqa o‘qiladi

«Saraton hukm emas, agar...» - Bolalar onkologiyasidagi muammolar bo‘yicha jamoatchilik murojaati

Rivojlangan davlatlarda bolalarning onkologik kasalliklardan tuzalish darajasi 70–80 foiz, O‘zbekistonda esa atigi 20 foiz. Respublikada onkologiya sohasini isloh qilishga oid hujjatlar ijrosi qoniqarsizligicha qolmoqda.

15 fevral – Xalqaro bolalar onkologiyasiga qarshi kurashish kunida, O‘zbekistonda onkologik tashxis qo‘yilgan bolalarga yordam ko‘rsatuvchi «Ezgu amal» jamoat fondi o‘z faoliyatiga doir hisobot taqdimotini o‘tkazdi.

Taqdimotda bolalar onkologiyasi sohasidagi muammolar xususida so‘z bordi va davlat rahbariga murojaat qilindi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Bugungi kunda bolalar onkologiyasi mavzusi qanchalik dolzarbligi barchaga ma'lum. Har biringiz ijtimoiy tarmoqlarda ota-onalarning o‘z farzandlariga qimmat dorilar, muolajalar uchun mablag‘ yig‘ishga yordam so‘rashlarini uchratgansiz. Onko-gematologiya xizmatini yaxshilash bo‘yicha hukumat qaror va hujjatlari chiqarilganidan beri yillar o‘tdi. Ammo ota-onalarning yordam so‘rab qiladigan murojaatlari kamaygani yo‘q. Bu – onkogematologiya xizmatining darajasini va normativ hujjatlar ijrosi qay ahvoldaligini ko‘rsatadi.

Shu bois jamoatchilik bu masalada prezidentga murojaat qilish va onkogematologiya sohasini takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini berishga qaror qildi.

Saraton hukm emas, agar u erta bosqichlarda aniqlansa. Saraton hukm emas, agar poliklinikaning oddiy pediatri bolani o‘z vaqtida mutaxassisga yo‘naltirsa. Saraton hukm emas, agar bolalar klinikasi zamonaviy tibbiyot uskunalari, dorilar va reagentlar bilan jihozlangan bo‘lsa. Saraton hukm emas, agar onkogematologiya mutaxassislari xalqaro darajada xizmat ko‘rsatishsa. Saraton hukm emas, agar ota-onalar bolalarini davolatish uchun mablag‘ topa olishsa», – dedi jamoat fondi vasiylar kengashi raisi Munira Xojaxonova.

«Bolasi jon berayotganda telbalikdan sochini yulayotgan onani hech ko‘rganmisiz? Chorasizlikdan qalb og‘rig‘ini tinchlantirish uchun o‘zini butun tanasi bilan devorga urayotgan otani-chi?» – ta'kidladi u.

Fond ma'lumotlariga ko‘ra, rivojlangan davlatlarda bolalarning onkologiyadan tuzalish darajasi 70–80 foizni tashkil qilgani holda, bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda 20 foizga ham yetmaydi.

«Onkologik xizmat sohasini isloh qilish bo‘yicha qator hujjatlar qabul qilingan bo‘lsa-da, ularning barcha bandlari qoniqarli darajada ijro etilayotgani yo‘q», – deyiladi «Ezgu amal»ning davlat rahbariga murojaatida.

Murojaatda bolalar onkologiyasiga oid quyidagi muammolar sanab o‘tilgan:

— Bolalar onkologiya va gematologiya bo‘limlari kattalar uchun mo‘ljallangan onkologiya va gematologiya markazlarida joylashgan. Bunday tizim hozirda faqatgina Tojikiston va Turkmanistonda saqlanib qolgan. MDHning boshqa davlatlari, AQSh va Germaniya singari rivojlangan mamlakatlarda bolalar gematologiyasi va onkologiyasi uzviy bog‘liq yo‘nalishlar bo‘lgani bois birlashtirilgan holda bolalar ko‘p tarmoqli markazlarida joylashtirilgan.

Ko‘p tarmoqli bolalar markazlari bemorlarga zarur mutaxassislar (pediatr, kardiolog, jarroh, travmatolog, neyroxirurg), reanimatsiya bo‘limlari bir joyda jamlanishi bilan qulaydir. O‘zbekistondagi Gematologiya va onkologiya markazlarida esa shu kunga qadar bolalar reanimatsiya bo‘limi mavjud emas.

— Erta tashxis xizmatining yo‘qligi. Respublikaning chekka hududlarida tibbiyot yetarli rivojlanmagani sababli onkologiya tashxisi kech bosqichlarda aniqlanmoqda. Kasallikning 3-, 4-darajasida qo‘yilgan tashxis bemor hayotini saqlab qolish imkoniyatini qisqartiradi.

Zamonaviy tashxislash tekshiruvlari xususiy klinikalarda pulli. Bemor to‘liq tekshiruvdan o‘tishi uchun 800−1000 dollar xarajat qilishga majbur.

— Davolashning zamonaviy standartlari yo‘q. Onkologiya bo‘limlarida xalqaro standartlarga asoslangan davolash protokollarini qo‘llash uchun yetarli sharoit yo‘q. Chunki yetarli asbob-uskuna, tibbiy anjomlar, qimmat dori vositalari, qon va qon mahsulotlari xamda malakali kadrlar yetishmovchiligi mavjud.

Kadrlar muammosi. Malakali mutaxassislar yetishmovchiligi, ayniqsa viloyatlarda, maosh kamligi bois yosh kadrlarning mazkur sohaga qiziqishi pastligi, yaxshi mutaxassislarning boshqa sohaga yoki chet elga ishga o‘tib ketishi, chet elda malaka oshirish imkoniyatining yo‘qligi, shuningdek, til bilmasligi va o‘qish uchun sharoit yo‘qligi bolalar onkologiyasi rivojlanishiga to‘siq bo‘lyapti.

Jamoat fondi davlat rahbariga murojaatda bu muammolarni hal qilishni so‘ragan holda, yechim uchun takliflarni ilgari surgan.

Jumladan, xalqaro standarlarga asoslangan holda ko‘p tarmoqli bolalar markazlarida onkologiya va gematologiya uchun umumiy bo‘lim tashkil qilish, onko-gematologik xastaliklar bilan og‘rigan bolalarga erta tashxis, davo va palliativ yordam ko‘rsatilishini ta'minlash, zamonaviy standartlar asosida davolash metod va protokollarini ishlab chiqish, sohada xizmat ko‘rsatuvchilar uchun kasbiy standartlarni ishlab chiqish, mazkur tavsiyalarning bajarilishini monitoring va nazorat qilish uchun ekspertlar guruhini tashkil qilish taklif qilinmoqda.

Murojaatning matni bilan ushbu havolada to‘liq tanishish va uni qo‘llab-quvvatlash uchun imzo qoldirish mumkin.

Mavzuga oid