Jamiyat | 13:14 / 11.12.2019
23376
4 daqiqa o‘qiladi

«Yozda chang-to‘zon, yomg‘irda botqoq» - Pitnak aholisi abgor yo‘llardan aziyat chekmoqda

Xorazm viloyati, Hazorasp tumani, Pitnak shaharchasidagi bir necha mahalla yo‘llari ahvoli yomonligi odamlarni qiynab qo‘ygan. Pitnakliklar mahalliy hokimlik va mutasaddi idoralar ko‘p yillik muammoga e'tibor qaratishini so‘ramoqda.

Yo‘llar holati – har qanday davlatning rivojlanish darajasini ko‘rsatib beruvchi muhim omillardan biridir. Odamlar har kuni transportda, velosipedda yoki piyoda ishga, yumushga, o‘qishga boradi. Agar yo‘llarning holati yaxshi bo‘lsa, odamlarning og‘iri yengillashadi, uzog‘i yaqinlashadi, turmush sharoiti yaxshilanadi, turli qulayliklardan bahramand bo‘lishadi. Yomon bo‘lsa-chi? Yo‘llar rasvoligi natijasida yengili og‘irlashayotgan aholining kayfiyati qanday bo‘lishi mumkin?

Kun.uz tahririyatiga kelgan murojaatlardan biri aynan shu mazmunda bo‘ldi. Unda Xorazm viloyati, Hazorasp tumani, Pitnak shaharchasidagi «Sayapr», «Shexlar», «Saidlar» mahallalarida yo‘llarning abgor ahvolga kelib qolganidan shikoyat qilingan edi. 

Uchta mahallani bog‘lab turgan bu yo‘l taxminan 7-8 km uzunlikka ega. Yillar davomida uning asfalt qoplamasi yemirilib, to‘liq yaroqsiz holatga kelib qolgan. Issiq va quruq mavsumda bu yo‘llar chang-to‘zon bilan qoplanmoqda, yomg‘irli kunlarda loyga bulg‘anib, o‘tish qiyin bo‘lgan botqoqqa aylanmoqda. Bu yo‘ldan harakatlanayotgan transport vositalari tezda ishdan chiqib, ta'mirtalab bo‘lib qolyapti.

Serqatnov yo‘ldan ko‘tarilayotgan chang uylarni, dov-daraxtlarni, avtomashinalarni qoplab oladi. Mahalla aholisi shikoyat qilishicha, chang-to‘zon tufayli nafas olish ham qiyinlashib qolgan. Odamlar yozda ham oyna va eshiklarini yopib o‘tirishga majbur. Aks holda ovqatga ham chang o‘tirmoqda. Chang-to‘zon oqibatida nafas yo‘llari bilan bog‘liq bo‘lgan turli kasalliklar ko‘payib borayotgan bo‘lsa ham ajab emas.

Bu yo‘l bo‘ylab ishga boradigan kattalar, maktabga qatnaydigan bolalar bezib ketishgan. Chang tufayli kiyim-boshlari bir kunda kir bo‘lib qolmoqda. Ularni yuvib, quritish ham muammo. Bog‘da quritish uchun osib qo‘yilgan kirlarga tezda chang o‘tirib, yana yaroqsiz holatga keltiryapti.

Mahallada piyodalar yo‘lagi ham yo‘q. Natijada, odamlar chang-to‘zonda, yo‘lning qatnov qismidan yurishga majbur bo‘lishyapti. Ayniqsa, bolalarning yo‘lning serqatnov va xavfli qismidan bog‘chaga, maktabga borayotgani ota-onalarni xavotirga solyapti.

Bu yo‘llarga suv sepib, namlab, chang-to‘zonni kamaytirish mumkindir? Xorazm viloyatining issiq va quruq iqlimida bu qisqa vaqt samara beradi xolos. Yo‘l tezda qurib, yana chang-to‘zon bilan qoplanadi. 

So‘nggi yillarda aholining ko‘payishi, transport vositalari sonining keskin oshishi natijasida yo‘llarning eskirishi ham tezlashdi. Ularni ta'mirlash masalasi O‘zbekiston uchun kun tartibidagi o‘tkir muammoga aylandi. Respublika, viloyat ahamiyatidagi yo‘llar baholi qudrat ta'mirlanayotganini ko‘ryapmiz. Ammo tumanlar ahamiyatidagi, ayniqsa aholi yashash joylaridagi ichki yo‘llarning ahvoli achinarli. Bu masala odamlarning turmushida juda ko‘p noqulayliklarni keltirib chiqaryapti. Mahalliy hokimliklar va yo‘llarni ta'mirlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar muammoga bir xil mazmunda izoh berishmoqda – mablag‘ tanqisligi, asfalt qoplamasi yoki bitum yetishmasligi. Yo‘llarning ahvoli esa kundan-kunga yomonlashib boryapti.

Pitnak shaharchasidagi «Sayapr», «Shexlar», «Saidlar» mahallalaridagi yo‘l muammosini mutasaddi tashkilotlar o‘rganib chiqib, ijobiy hal qilishadi degan umiddamiz.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid