O‘zbekiston | 11:11 / 30.03.2019
15776
6 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Uzcard va Rossiyaning “Mir” to‘lov tizimlari o‘rtasida memorandum imzolandi: endilikda qanday imkoniyatlar yaratiladi?

Kelishuv “Mir” kartalarining Uzcard to‘lov tizimi infratuzilmasida qabul qilinishini ko‘zda tutadi. Integratsiya jarayoni 2019 yil oxirigacha amalga oshiriladi.

 Joriy yilning 28 mart kuni MDH ishtirokchi-davlatlarining Xalqaro moliya-iqtisod forumi doirasida Uzcard va “Mir” to‘lov tizimlarining integratsiyalashuvi e'lon qilindi. Tadbirda  Rossiyaning “To‘lov kartalari milliy tizimi”ning (TKMT) boshqaruv jamoasi, jumladan, TKMTning Bosh direktori (“Mir” to‘lov tizimi operatori) Vladimir Komlev ishtirok etdi. Tadbir davomida Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi (YaUPM) va TKMT o‘rtasida “Mir” milliy to‘lov tizimi kartalari ekvayringini yaratish va Uzcard-“Mir” kobeydjing kartalarini muomalaga chiqarish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Bugungi kunga kelib, “Mir” plastik kartalarining soni 55 mlndan ortig‘ini tashkil etadi va ularga Rossiyaning To‘lov kartalari milliy tizimi tomonidan operatorlik xizmatlari ko‘rsatilib kelinmoqda. Hozirda “Mir”-Maestro, “Mir”-JCB i “Mir”-UnionPay kabi yirik xalqaro to‘lov tizimlari bilan hamkorlikda kobeydjing kartalari muomalaga chiqarilgan, endilikda ularning safiga Uzcard banklararo to‘lov tizimi ham qo‘shildi.

“Bugungi kunni tom ma'noda tarixiy, deb atash mumkin. Yil davomida mutaxassislarimiz tomonidan samarali ishlar amalga oshirildi, jumladan, karta egalarimizning Rossiya Federatsiyasi hududida o‘z mablag‘laridan foydalanishlari uchun barcha imkoniyatimizni ishga soldik. Rossiyaning «Mir» to‘lov tizimi Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarida amal qiladi. Endilikda, qariyb 18 millionga teng Uzcard karta egalarida ham qo‘shimcha imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Ular Uzcard-“Mir” kobeydjing kartalariga ega bo‘lib, “Mir” kartalari amal qiluvchi hududlarda ularni ishlatishlari mumkin bo‘ladi. Ayni imkoniyat tez orada Rossiyada ham joriy etiladi. Jumladan, “Mir” kartalari egalari O‘zbekiston hududida o‘z kartalaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Bu juda muhim qadam”, - deydi YaUPM Bosh direktori Ahror Mahmudov.

“Mir” to‘lov tizimi bilan hamkorlikda kobeydjing kartalarining chiqarilishi sayyohlar va mahalliy savdo hududlari egalariga muhim qulayliklarni yaratadi, shuningdek, ko‘p sonli sayyohlar oqimini inobatga olsak, O‘zbekistondagi turistik muhitni yanada yaxshilaydi.

“O‘zbekiston va Rossiyani azaldan iqtisodiy va siyosiy aloqalar bog‘lab turadi. Moliyachi sifatida aytishim mumkinki, ikkala Davlat fuqarolari mamlakatlarimizga safarga kelganlarida, o‘zlari uchun odatiy sanalgan to‘lov vositalaridan qiyinchiliklarsiz foydalanishlari biz uchun muhim omil hisoblanadi. Bu nafaqat Rossiyaning “Mir” va O‘zbekistonning Uzcard tizimlari kelishuvi doirasidagina, balki MDH davlatlari o‘rtasida uzluksiz to‘lov muhitining hosil qilinishi darajasida shakllanishi demakdir. Uzcard hamkorligidagi integratsiya qilish jarayoni 2017 yilda boshlanib, 2018 yilda ham davom etdi. Umid qilamanki, 2019 yilda tizimlarimizni to‘liq integratsiya qilishga erishamiz. Bugun imzolangan bitim xalqaro hamkorlik yo‘lida muhim qadam”, - deydi Rossiyaning “To‘lov kartalarining milliy tizimi” AJ (“Mir” to‘lov tizimi) Boshqaruv Raisi, Bosh direktori Komlev Vladimir.

Xalqaro moliyaviy-iqtisodiy forum mutaxassislar uchun tajriba almashinuvi, muhokamalar o‘tkazilishi, alohida sohalarning vakillari hamda moliya bozorining turli sektorlari a'zolari o‘rtasida manfaatli uchrashuvlar tashkil qilishning o‘ziga xos ishbilarmonlik maydonchasi bo‘ldi.

Hozirda Uzcard banklararo to‘lov tizimi O‘zbekiston banklar Assotsiatsiyasi, Markaziy Bank, Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi, O‘zbekiston Respublikasining 29 ta banki va 40 ta to‘lov agregatlarini birlashtiradi. Tizim havfsizligi to‘liq maxfiylik siyosatiga amal qilinishi bilan mustahkamlanadi va shartnoma, shuningdek, O‘zbekiston Qonunchiligi bilan kafolatlanadi.

2019 yildagi hisobotga binoan,  provayderlik vazifasini bajaruvchi Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi O‘zbekiston bo‘ylab 17 milliondan ortiq  plastik kartalarga xizmat ko‘rsatmoqda.  Uzcard kartalari foydalanuvchilari 250 000 dan ortiq terminallar orqali tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin. Xizmatlar 1000 dan ortiq banklar va 3000 ta infokiosklar, mobil ilovalar va internet saytlari orqali ko‘rsatiladi.

2018 yilda Markaz mutaxassislari tomonidan Uzcard plastik kartalari va xalqaro kartalari yordamida amaldagi POS-terminal, infokiosklar orqali tranzaksiyalarni amalga oshirishga imkon yaratuvchi “Xalqaro to‘lov tizimi” nomli dastur ishlab chiqildi. Ushbu imkoniyat xalqaro to‘lov tizimlari bilan hamkorlik qilishga qulay sharoit yaratib berdi.

Mavzuga oid