O‘zbekiston | 15:46 / 20.08.2025
2497
4 daqiqa o‘qiladi

Biznesga sodda shaklda investitsiya jalb qilish platformasi ishga tushiriladi

Tadbirkorlar va investorlarni o‘zaro bog‘lovchi investitsiya platformasi tashkil etiladi. Bunda investor MChJning ta’sischisi bo‘lmay turib, ulushdor sifatida foydaga sherik bo‘ladi. Mahsulotini marketpleyslar orqali eksport qilganlarga ham QQS qaytarib beriladi. 100 ta startapni xalqaro darajaga olib chiqish uchun 100 mln dollar beriladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda yangi investitsiya platformasi ishga tushiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvida ma’lum qildi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar investitsiya kiritayotgan shaxsni ta’sischi qilib olishga majbur. Lekin bunga hamma ham rozi bo‘lmaydi. Shu bois resurs bo‘yicha asosiy yuklama haligacha banklarga tushyapti.

Endilikda loyihaga soddalashgan tartibda mablag‘ jalb qilish bo‘yicha investitsiya platformasi ishga tushiriladi. Bunda barcha korxonalar o‘zining loyihasini bu platformaga joylashtiradi, potensial investorlar esa istalgan loyihani tanlab, sarmoya kiritishi mumkin bo‘ladi.

Eng muhimi, investor ta’sischi emas, ulushdor sifatida daromadga sherik bo‘ladi, kiritgan mablag‘i kafolatli himoyalanadi.

Ta’kidlanishicha, tadbirkorlar bu yangi tizim orqali yiliga qo‘shimcha 1 milliard dollar mablag‘ jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 600 dan ziyod startaplar faoliyat yuritmoqda. 8 yil ilgari ularning soni barmoq bilan sanarli edi.

“E’tibor bering, 7 oyni o‘zida startaplarga rekord miqdorda – 264 million dollar xorijiy investitsiya keldi. Bu 2024 yil davomida kirgan sarmoyalardan 4 barobar ko‘p. Shu bois startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jonlantiramiz”, – dedi prezident.

Yoshlarning 1 mingta startap g‘oyasi tijoratlashtiriladi va shundan 200 tasi xalqaro bozorga olib chiqiladi.

Eng ilg‘or texnologiyalar olib kelinib, 100 ta mahalliy startap xalqaro miqyosda jozibador biznesga aylantiriladi. Bunga 100 million dollar beriladi.

Bu yildan boshlab, “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi. Eng yaxshi 100 ta g‘oya tanlab olinib, har bir startap uchun 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi.

Bu loyihalarni brendga aylantirish uchun moliyaviy va marketing xizmatlari bo‘yicha ekspertlarning xarajatlari qoplab beriladi.

“G‘oliblarni 20 avgust – Tadbirkorlar kunida taqdirlasak, o‘ylaymanki, yosh tadbirkorlarga bu ham katta motivatsiya bo‘ladi”, – dedi davlat rahbari.

IT, fintex va startaplarga keng yo‘l ochilgani natijasida marketpleyslar soni uch yil ichida 24 tadan 163 taga ko‘paydi.

Tadbirkor va hunarmandlar o‘z mahsulotlarini raqamli platformalar orqali eksport qilishga o‘rgandi. Ular an’anaviy eksportdagi kabi milliy va xorijiy marketpleyslarda chetga sotgan tovari uchun QQSni qaytarishni so‘ragan.

Mutasaddilarga buning tartibini tasdiqlab, amaliyotga joriy qilish topshirildi.

Umuman, fintex-startaplarni ko‘paytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 5 yillik strategiya qabul qilinadi. Raqamli moliyaviy xizmatlarni ko‘paytirish uchun banklar, fintex kompaniyalar va startaplar o‘rtasida ko‘prik bo‘ladigan yangi ekotizim – “ochiq banking” joriy qilinadi.

Bularning hisobiga yaqin yillarda startap loyihalarga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi hozirgidan 10 karra oshadi.

Mavzuga oid