O‘zbekiston | 02:13 / 27.05.2020
34193
4 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot xodimlariga 20 mlrd so‘mga yaqin rag‘batlantirish puli vaqtida berilmagani ma'lum bo‘ldi

Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati departamenti 15-18 may kunlari koronavirus bilan kasallangan bemorlar davolanayotgan shifoxonalar va bu jarayonda ishtirok etayotgan boshqa muassasalarda nazorat tadbirlari o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma'lum qildi.

Xabar qilinishicha, 32ta tibbiyot muassasasida 932 nafar xodimga 19,6 mlrd so‘m miqdorida maxsus rag‘batlantirish pullari to‘lash kechiktirilgani aniqlangan.

Shundan 4,8 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ Toshkent shahridagi tibbiyot xodimlariga o‘z vaqtida to‘lab berilmagan.

To‘lovlar kechishi holatlari viloyatlarda ham kuzatilgan. Xorazm va Andijon viloyatlarida 1,7 mlrd so‘m to‘lanishi kechikkan bo‘lsa, Samarqand viloyatida 1,2 mlrd so‘mlik rag‘batlantirish puli o‘z vaqtida berilmagan:

  • Qashqadaryo viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi (SEOM)ga o‘z vaqtida talabnoma bermagani oqibatida, 21 nafar tibbiyot xodimiga ikkinchi 14 kunlik ish faoliyati uchun 373,6 mln.so‘m rag‘batlantirish pullari o‘z vaqtida to‘lanmagani aniqlanib, joyida bartaraf etilgan.
  • Samarqand viloyat Yuqumli kasalliklari klinik shifoxonasi tomonidan tibbiyot xodimlariga rag‘batlantirish pullari uchun talabnoma yuborilgan bo‘lsa-da, viloyat SEOM o‘rnatilgan tartibda tibbiyot xodimlari ro‘yxatini tasdiqlab, mablag‘ ajratishga talabnomani viloyat moliya bosh boshqarmasiga taqdim etmagani oqibatida 61 nafar tibbiyot xodimiga 1,2 mlrd.so‘m rag‘batlantirish pullari to‘lanishi kechikkan. Ko‘rilgan choralar natijasida pullar to‘liq to‘lab berilgan.
  • Xorazm viloyat SEOMga 9ta sog‘liqni saqlash muassasasi tomonidan 6 may kuni xodimlarga rag‘batlantirish puli uchun talabnomalar berilgan bo‘lsa-da, viloyat SEOM tibbiyot xodimlari ro‘yxati va zarur mablag‘ 1,7 mlrd.so‘m uchun talabnomalarni shakllantirmagani oqibatida rag‘batlantirish puli uchun mablag‘ o‘z vaqtida moliyalashtirilmagan.
  • Andijon viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi mas'ullari boshqa tibbiyot muassasalaridan jalb etilgan tibbiyot xodimlariga ishlagan kunlari uchun tabellarni taqdim etmagani oqibatida 80 nafar tibbiyot xodimiga 1 711,7 mln.so‘m rag‘batlantirish pullari o‘z vaqtida to‘lanmasdan qolgan.
  • Shu kabi Toshkent shahrining 5ta tibbiyot muassasasida xodimlarga 4 767,5 mln.so‘mlik rag‘batlantirish pullari o‘z vaqtida to‘lanmagan.

«Nazorat tadbirlarida aniqlangan holatlar bartaraf etilib, tibbiyot hodimlariga rag‘batlantirish pullari o‘z vaqtida to‘liq to‘lanishi ta'minlandi – 932 kishiga 19,6 mlrd.so‘m», – deyiladi vazirlik xabarida.

Asossiz ravishda rag‘batlantirish puli to‘lash holatlari ham bor

Moliya vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, nazorat tadbirlarida koronavirus bilan kasallangan va karantinga olingan fuqarolari davolashda ishtirok etmagan xodimlarni rag‘batlantirish puli ro‘yxatiga asossiz kiritish va to‘lash holatlari ham aniqlangan.

Vazirlik bu boradagi raqamlarni ochiqlamagan; faqatgina asossiz va ortiqcha kiritilgan mablag‘lar o‘rnatilgan tartibda moliyalashtirishdan chegirib qolingani, asossiz to‘lab yuborilgan pullarni undirish choralari ko‘rilayotgani aytilgan xolos.

Ma'lum qilinishicha, 26 may holatiga ko‘ra, tibbiyot xodimlariga jami to‘langan to‘lovlar miqdori 142 9 mlrd. so‘mni tashkil etdi.

Mavzuga oid