O‘zbekiston | 10:39 / 17.02.2021
28585
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat soliq qo‘mitasi «naqdlashtiruvchi firmalar» bilan kurash boshladi

57ta firmada o‘tkazilgan soliq tekshiruvlari natijasida 52ta korxona yoki 91,3 foiz hollarda soxta operatsiyalarni amalga oshirish faktlari tasdiqlangan.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan 2021 yil 17 fevral kuni «To‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlarni kamaytirib ko‘rsatish va qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini noqonuniy hisobga olish» bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etildi.

Davlat soliq qo‘mitasi davlat budjetiga yetkazilgan zararni qisqartirish maqsadida «naqdlashtiruvchi korxonalar» faoliyatini cheklash mexanizmini joriy etadi.

Xususan, soliq xavfini boshqarish va tahlil qilish natijasida soliqlarni kamroq to‘lash maqsadida, pul mablag‘larini naqdlashtirish bilan shug‘ullanuvchi 396 ta «bir kunlik firmalar» xizmatidan foydalangan 10 mingga yaqin tashkilotlar ro‘yxati shakllantirilgan.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan «naqdlashtiruvchi firma» va korxonalarni aniqlash mexanizmini joriy etish masalasi muhokama qilinib, quyidagilar qabul qilingan:

  • 17 fevral ertalab soat 10:00 dan oldin «bir kunlik» firmalar bilan shubhali operatsiyalarni amalga oshirilganligi xavfi nisbatan kam bo‘lgan 2960 nafar tadbirkorlik sub'yektlarining bank hisobvaraqlariga joylashtirilgan inkasso topshiriqlari 2021 yil 1 martgacha vaqtinchalik bekor qilinadi;
  • Reyestrga kiritilgan shubhali korxonalar bilan operatsiyalarni amalga oshirgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga bitimlarni o‘rganib chiqish uchun kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha Davlat soliq qo‘mitasiga murojaat qilish imkoniyati berildi. Ijobiy xulosa qilingan taqdirda, inkasso topshiriqnomalarini bekor qilish va ilgari kamaytirib ko‘rsatilganligi uchun undirilgan mablag‘lar qaytarib berilishi ta'minlanadi.

Ma'lumot uchun, 2021 yil 16 fevralda Davlat soliq qo‘mitasiga ariza yuborgan 57 ta korxonada o‘tkazilgan soliq nazorati tadbirlarining dastlabki natijalariga ko‘ra quyidagilar aniqlangan:

  • 52 ta korxona yoki 91,3 foiz hollarda soxta operatsiyalarni amalga oshirish faktlari tasdiqlandi;
  • 1 ta korxona uchun yoki 1,7 foiz hollarda qalbaki operatsiyalarni amalga oshirish holati tasdiqlanmadi, shu sababli ortiqcha olingan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tezkor jarayonlar boshlandi;
  • 4 ta tashkilotda yoki 7 foiz holatlarda noqonuniy hisobga olish qisman tasdiqlangan.

Shuningdek, birgina Toshkent shahrida 74 korxona noqonuniy hisobga olganligini tan olib ixtiyoriy ravishda 4,6 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ bo‘yicha qayta hisob-kitob amalga oshirilgan.

Mavzuga oid