Light | 23:18 / 02.08.2018
23253
3 daqiqa o‘qiladi

Qadimiy Buxoroning nafis ipak gilamlari: 60 ming dollargacha baholanadigan gilamlar qanday to‘qiladi? - video

Qadimiy Buxoro nafaqat me'moriy yodgorliklari, muqaddas qadamjolari, o‘zining nafis ipak gilamlari bilan ham mashhur. Gilamdo‘zlik bu go‘shada qadimdan san'at darajasigacha ko‘tarilgan hunar hisoblanadi.

Kun.uz qadimiy Buxoroning qoq markazi — Poyi Kalon maydoni oldida joylashgan «Bukhara Silk Carpets» korxonasida bo‘lib ipak tolalardan gilam to‘qish jarayoni bilan yaqindan tanishdi va videolavha tayyorladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ipak gilam to‘qish sabr, qunt va matonat talab qiluvchi mehnatdir. Dizayner yaratib bergan naqsh eskizi asosida o‘rtacha kattalikdagi gilamlar 6 oydan 2 yilgacha to‘qiladi. Mohir usta uni qisqaroq vaqtda, yaqinda o‘rgangan gilamdo‘z, tabiiyki, uzoqroq vaqtda to‘qiydi.

Buxoro gilamlarining maftunkor naqshlari, ko‘zni quvnatuvchi ranglari va naqshlari xorijlik sayyohlarni maftun etib kelmoqda. Gilamlarning asosiy xaridorlari ham ular. Albatta, qo‘l mehnati va ko‘z nuri, oylab vaqt ketkazib to‘qilgan gilamlarning narxi ham arzon emas: bu yerda 100 AQSh dollaridan 60 ming AQSh dollarigacha narxlangan gilamlar sotiladi.

Xorijiy sayyohlarga gilam to‘qish jarayoni ko‘rsatilishi bilan birga, Buxoro ipak gilamlarining tarixi, Buxoro gilamdo‘zligida mavjud turlicha uslublar  haqida so‘zlab beriladi.

Gilamlardagi har xil naqshlar va turli gullar ham o‘zining mantiqiy ma'nolariga ega. Baxt, serfarzandlik, boylik va farovonlik timsollari gilamlarda o‘z aksini topadi.

Buxoro gilamlarining qadimiyligi, go‘zalligi, chidamliligi dunyo bo‘ylab dovrug‘ qozongan. Shu korxonaning o‘zida to‘qilganiga 300 yil bo‘lgan gilamlar hanuzgacha o‘z jilosini yo‘qotmasdan saqlanmoqda. Hozirgi kunda ham tabiiy bo‘yoqlardan foydalanib to‘qilayotgan gilamlar yana bir necha asr xizmat qiladi.

Shuhrat Shokirjonov, Ma'rufjon Asqarov,
Kun.uz muxbirlari

Mavzuga oid