O‘zbekiston | 07:51 / 01.06.2022
14746
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon davlat chet tillari instituti tashkil etildi

Foto: Shutterstock

Prezident “Andijon davlat chet tillari institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Andijon shahrida Andijon davlat chet tillari instituti tashkil etilmoqda. Institut yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi.

Quyidagilar institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • xorijiy tillar sohasi bo‘yicha oliy ma’lumotli, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash;
  • o‘quv jarayonida xalqaro baholash dasturlari (TALIS, PIRLS, PISA) va standartlaridan foydalanish, o‘qitish va baholashning zamonaviy shakllari, metodlari va texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan pedagoglarni tayyorlash;
  • yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etish va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
  • xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida yuqori 1 000 talik o‘rinni egallagan xorijiy oliy ta’lim muassasasining dasturi asosida o‘z ta’lim dasturlarini shakllantirish, yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan mustaqil ravishda qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni joriy etish;
  • ta’limni zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish, jumladan, o‘quv jarayoniga raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish, shuningdek, o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil ta’lim olish va amaliy, jumladan, sinxron, badiiy, ketma-ket va ilmiy-texnik tarjima ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirish;
  • institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish, jumladan, professor-o‘qituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli respublika va xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida tashkil etish.

Belgilab qo‘yilishicha, institutda o‘quv jarayoni 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi hamda talabalarga ikkita xorijiy til bo‘yicha kvalifikatsiya beriladi.

Andijon davlat universiteti va uning Pedagogika institutiga xorijiy tillar yo‘nalishlarida bakalavriat va magistratura bosqichlarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ajratiladigan davlat buyurtmasi kvotasi 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab institutga yo‘naltiriladi;

Institutning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab kirish imtihonlarida fanlar majmuasidagi chet tili fanidan 4 ta ko‘nikmani (tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish) baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladi. 

Mavzuga oid