O‘zbekiston | 23:17 / 30.01.2020
38566
2 daqiqa o‘qiladi

Hududiy ichki ishlar boshqarmalarida yangi lavozim joriy etiladi

Ichki ishlar vazirligining hududiy tuzilmalari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar IIBB va hamda viloyatlar IIBlarining kadrlar xizmati tarkibida bir nafardan yosh xodimlar bilan ishlash bo‘yicha inspektor lavozimi joriy etiladi.

Bu haqda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 29 yanvar kuni o‘tkazilgan yoshlar bilan uchrashuvda ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

IIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 2019 yilda ichki ishlar organlarida 168 nafar yosh xodim bo‘lim boshlig‘i, 13 nafari boshqarma boshlig‘i etib tayinlangan.

«Yoshlarni qilgan mehnati, erishgan yutuqlariga yarasha rag‘batlantirish, ular orasidan bilimli, halol va jonkuyar xodimlarni rahbarlik lavozimlariga tayinlash juda muhim vazifa hisoblanadi. Bugungi kunda iste'dodli, faol yoshlarning 14 nafari tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va boshliq o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 425 nafar tashabbuskor rahbarlik lavozimlariga kadrlar zaxirasiga olindi.

Tizimdagi 80 nafar Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotlari yetakchilarining deyarli har uchinchisi bir pog‘ona yuqori lavozimlarga tayinlandi», – deya Po‘lat Bobojonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda ta'kidlanishicha, 2019 yili ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilayotgan 5192 nafar yosh xodim davlat, vazirlik, mahalliy idora va boshqa darajadagi mukofotlar bilan rag‘batlantirilgan, 4 nafar xodim «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Mavzuga oid