O‘zbekiston | 19:20 / 29.07.2022
10689
3 daqiqa o‘qiladi

“Qurilish sohasida huquqiy-normativ hujjatlar eskirgan” - Savdo-sanoat palatasi quruvchilarning muammolarini tingladi

25 iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qurilish vazirligi hamda Biznes-ombudsman bilan hamkorlikda qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlarining muammolari, ularni bartaraf etish hamda yechimi yuzasidan takliflar ishlab chiqishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatini Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahobov, Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘rinbosari J.Urunov, qurilish vaziri o‘rinbosari D.Adilov, shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, Bosh prokuratura hamda boshqa idora va tashkilotlarning mas’ul vakillari va sohaning 150 nafardan ortiq vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuvning muhim maqsadlaridan biri – tadbirkorlarga qurilish sohasiga oid tizimli muammolar va konstruktiv yechimlarni ochiq muhokama qilish uchun maydon yaratishdan iborat.

Tadbir davomida muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha tadbirkorlik sub’yektlarining takliflari umumlashtirish, tahlil qilish va yuqori tashkilotlarga taqdim qilish uchun yig‘ib olindi.

Yig‘ilishda qurilish sohasidagi islohotlarni yanada jadallashtirish, mavjud muammolarni aniqlash, jahon standartlari asosida zamonaviy, ko‘rkam binolarni barpo etish borasida sohadagi mahalliy korxonalarning takliflari eshitildi.

Ma’lumki, mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami yildan yilga kengayib bormoqda. Yangi uy-joylar, yirik zavodlar, zamonaviy infratuzilma obektlari qurilmoqda. Tabiiyki, bunday katta hajmdagi ishlarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish uchun malakali quruvchilar, bilimli loyihachilar, barqaror tashkilotlar kerak.

O‘zbekistonda 22 mingdan ortiq qurilish-pudrat tashkiloti bo‘lib, mazkur korxonalarda ishchilarning kasb malakasi, ularning tajribasi va qurilish sohasidagi ko‘nikmalari masalalari keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Shuningdek, davra suhbatida ilg‘or xorijiy tajribada qurilish xavfsizligi, sifati va natijasiga katta e’tibor qaratilishi, ushbu tizim bosqichma-bosqich mamlakatimiz qurilish sohasida ham joriy qilinganligi e’tirof etildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining sohalar kesimida muammolari va takliflarini aniqlash hamda ularning yechimlarini topishga qaratilgan davra suhbatlari davom ettirilmoqda.

Savdo-sanoat palatasi Matbuot xizmati (T)

Mavzuga oid