O‘zbekiston | 11:41 / 11.11.2024
35355
4 daqiqa o‘qiladi

Ramzan Qodirov Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd yuzasidan munosabat bildirdi

Checheniston rahbari O‘zbekistondagi suiqasd ishida «chechen izi» borligi haqida tarqatilgan xabarlarni siyosiy o‘yin va o‘zbeklar va chechenlar o‘rtasida nizo keltirib chiqarishga qaratilgan harakat deb baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday ma’lumotni tarqatganlar qidirilmoqda.

Foto: RIA Novosti

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov xorijiy nashrlarda O‘zbekistondagi otishmaga aloqadorligi haqida tarqalgan xabarlarga izoh berdi. U o‘zining Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga aloqadorligi to‘g‘risidagi xabarlarni «siyosiy o‘yin» hamda «o‘zbeklar va chechenlar o‘rtasida nizo keltirib chiqarishga qaratilgan harakat», deya baholagan.

«O‘zbekistonda bir necha hafta oldin ichida Prezident administratsiyasining sobiq xodimi bo‘lgan mashinaga qarata o‘q uzilgan edi. Hech kim jabrlanmadi. Gumonlanuvchilardan biri allaqachon hibsga olingan, tergov barcha ishtirokchilarni va suiqasd sabablarini aniqlashi kerak. Biroq, natijalarni kutmasdan, g‘arbparast va ba’zi muxolifat nashrlar «chechen izi» haqidagi versiyani o‘rtaga tashladi, keyin bu izni butunlay menga bog‘lashdi», — deb yozgan Qodirov o‘zining telegram kanalida.

Checheniston yetakchisi bu «provokatsiya»ga javob bermasligini ta’kidlagan:

«Men bu provokatsion narsalarga javob bermayman. Qolaversa, O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati tufayli barcha sohalar, jumladan, axborot va huquq-tartibot tizimidagi ishlar a’lo darajada. Qo‘shimcha qilamanki, agar men haqiqatan ham biror narsani rejalashtiradigan bo‘lsam, bu ishni 100 foiz natija bilan oxiriga yetkazaman».

Shuningdek, Ramzan Qodirov bu xabarlarni siyosiy o‘yin va o‘zbeklar bilan chechenlar o‘rtasida nizo keltirib chiqarishga qaratilgan harakat sifatida baholagan.

«Chechenlar va o‘zbeklar tarixiy o‘tmishi umumiy bo‘lgan qardosh xalqlardir. Bizning umumiy jihatlarimiz juda ko‘p. Shaxsan men uchun O‘zbekiston – o‘zbek xalqini, uning odob-axloqini sevgan aziz otam Ahmad Hoji hayotining alohida va muhim qismidir. Va men bu ma’lumotlarni uchinchi tomonlarning siyosiy o‘yin quroli va mamlakatlarimiz o‘rtasida nizo keltirib chiqarishga qaratilgan ochiq urinish sifatida baholayman. Ishonchim komilki, G‘arbning soxta uslubiga boshqa nashrlar ham ergashadi. Qanday bo‘lmasin, men va O‘zbekistondagi aziz birodarlarim bu provokatsion ma’lumotlar ortida kim turganini bilib olamiz. Bu borada ishlar allaqachon boshlangan», — deydi Ramzan Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura joriy yil 26 oktyabr kuni soat 1:40 atrofida Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi Ifor ko‘chasida ikki noma’lum shaxs Prezident administratsiyasi sobiq xodimi Komil Allamjonovning avtomobiliga o‘qotar quroldan bir necha marta o‘q uzganini xabar bergan edi. Ular voqea joyidan qochib ketgan, haydovchi va Allamjonov jabrlanmagan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qibraydagi qotillikka suiqasd holati bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyatni sodir etishda gumonlanuvchilarning 4 nafari ushlangan. 

Mavzuga oid