Shohimardonga borish yanada osonlashdi: “Farg‘ona” va “Oq qiya” postlari 24 soatlik rejimga o‘tdi
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining “Farg‘ona” chegara bojxona posti hamda Shohimardonga kirish qismida joylashgan “Oq qiya” bojxona punkti tun-u kun ishlash rejimiga o‘tkazildi. Bu esa eksklav hudud – Shohimardon qishlog‘iga dam olishga boruvchi fuqarolar uchun ayni muddao bo‘ldi. Avvallari mazkur postlar ertalab soat 6:00 dan 22:00 gacha ishlardi.
Mazkur yangilik Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarovning 2024 yil 18 iyul kuni Toshkent shahridagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshdi. Qirg‘iz Respublikasi prezidentining O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida tomonlar ikki davlat chegarasida joylashgan chegara bojxona postlaridan samarali foydalanish masalasini ko‘rib chiqishgan edi.
Kun.uz muxbiri “Farg‘ona” hamda “Oq qiya” chegara bojxona postida bo‘lib chegaradan o‘tayotgan yo‘lovchi va haydovchilar bilan suhbatlashdi.
“Qarindosh-urug‘larga yaxshi bo‘ldi”
“Shohimardonlikman. Chegaralarimiz 24 soatlik rejimiga o‘tishi bizni xursand qildi. Avvallari 3-5 soatlab chegarada navbatimiz kelishini kutib qolib ketar edik. Hozir esa navbatlar ancha kamaygan. Qirg‘iziston tomonida ham bekorga ushlab turishlar bo‘lmayapti. Eng asosiysi, farg‘onalik qarindosh-urug‘larimiz ortiqcha qiyinchiliklarsiz xonadonimizga kelib-ketishmoqda”, deydi yo‘lovchilardan biri Ulug‘bek Qosimov.
“O‘zbek-qirg‘iz do‘stligi yanada mustahkamlanyapti”
“Qirg‘izistonlikman, taksi haydayman. Bir kunda 2 yoki 3 marta chegaradan o‘tishga to‘g‘ri keladi. Kirib-chiqish 24 soatlik tizimga o‘tgandan beri ahvol ancha yaxshilandi. Avvallari kechki soat 23:00 dan keyin chegaradan o‘tib bo‘lmas edi. Hozir esa bemalol: yarim tunda ham o‘tib ketyapmiz. Chegarada asossiz 2-3 soatlab qolib ketar edik, O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlatlari bir-biriga bu borada ko‘maklashayotganidan xursandman, albatta. O‘zbek-qirg‘iz do‘stligi yanada mustahkamlanyapti”, deya ta’kidlaydi taksi haydovchisi Nurali Ro‘ziboyev.
“Avval chegarada uzoq qolib ketardik”
“Shohimardon qishlog‘idanman, haydovchilik bilan shug‘ullanaman. Farg‘ona shahridan Shohimardonga, Shohimardondan Farg‘onaga odam tashiyman.
Chegaralarimiz 24 soat ishlash rejimiga o‘tgandan beri Shohimardonni ziyorat qiluvchi sayyohlar uchun ancha yengilliklar bo‘ldi. Kechki soat 1:00 yoki 2:00 da ham so‘lim qishloqqa kelishni xohlagan sayyohlarni olib kelyapmiz, navbatlar kamaygan. Bunday sharoitlar yaratilgani uchun shukr. Avval chegarada 2 soat yoki 3 soatlab qolib ketar edik, hozir ko‘p yengilliklar bo‘ldi, navbatlar kamaygan, Allohga shukr”, deydi Azizxon Akramov.
“Turistlar oqimi ko‘paydi”
Farg‘ona viloyati Bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shavkat Sotivoldiyev bojxona punktlari 24 soatlik rejimga o‘tgach, chegarada navbatlar keskin kamaygani haqida ta’kidladi:
“25 iyuldan Farg‘ona viloyati bochxona boshqarmasining Farg‘ona chegara posti “Oq qiya” bojxona punkti 24 soatlik ish tizimiga o‘tkazildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad Farg‘ona tumani Shohimardon qishlog‘iga sayyohlar qatnovini oshirish, transport vositalarining uzun navbatlarda qolib ketishlarini oldini olish. E’tibor beradigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston respublikalari o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari qalinlashmoqda. Shu sababli fuqarolar, transport vositalarining harakatlanishi sezilarli darajada o‘sdi.
Shuningdek, Shohimardonda dam oluvchilarning soni ham o‘sgan, bu esa bojxonada yuzaga keladigan ovoragarchiliklarni bartaraf etish masalalarini hal qilishni talab qildi.
2023 yil 1 sentabridan boshlab ikki davlat fuqarolari uchun ID kartalar orqali chegaralarni kesib o‘tishga ruxsat berildi. Bu ham nazorat ishlarini tezlashtirgan bo‘lsa, hozir bu jarayon 24 soatlik ish tizimida olib borilmoqda. Avvallari ish soatimiz 6:00 dan 22:00 gacha davom etgan bo‘lsa, hozir bu tizim o‘zgartirildi”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Shohimardon qishlog‘iga “Farg‘ona” hamda “Oq qiya” chegara bojxona postidan bir kunda o‘rtacha 10 mingdan ortiq fuqaro o‘tadi.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov
Mavzuga oid
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
11:20 / 22.11.2024
“Qani deputatlar, nega qaramayapti?” - propan narxidan haydovchilar xavotirda
19:02 / 21.11.2024
Farg‘ona aeroportida havo kemalarini qabul qilishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi
11:28 / 21.11.2024