O‘zbekiston | 20:30 / 22.12.2017
42723
27 daqiqa o‘qiladi

Prezidentning Parlamentga murojaatnomasi. Asosiy jihatlar

Bugun, 22 dekabr kuni Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis va hukumat a'zolari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, videokonferensiya aloqa tizimi orqali tuman, shahar va viloyatlardagi mahalliy kengashlarga saylangan xalq noiblari hamda barcha bo‘g‘indagi ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, nodavlat tashkilotlar va jamoatchilik vakillari, O‘zbekistonning 33 mamlakatdagi diplomatlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston tarixida ilk marotaba Prezidentning parlamentga 2017 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekiston Respublikasini 2018 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Murojaatnomasi taqdim etildi.

«Davlat rahbari ta'kidlaganidek, ko‘plab taraqqiy topgan mamlakatlarda davlat rahbarining milliy parlament a'zolari huzurida eng asosiy va dolzarb siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar va jamiyatni demokratik rivojlantirish bo‘yicha Murojaatnoma bilan chiqish tajribasi mavjud.

Davlat boshqaruvining bunday demokratik usuli, bugun O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, avvalambor, xalq bilan muloqot prinsipiga g‘oyat uyg‘un va hamohang bo‘lib, har birimizning ish faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ta'kidlash joizki, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning dastlabki natijalari aholining hayoti va kundalik turmushida o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda, odamlarning ijtimoiy faolligi, ertangi kunga ishonchi o‘sib bormoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezident matbuot xizmati murojaatnomadagi asosiy jihatlarni keltirgan.

2017 yilda iqtisodiyot sohasida zamon talablariga javob beradigan, yangicha ma'no-mazmundagi va samarali islohotlarni amalga oshirish yo‘lida birinchi qadamlar qo‘yildi. Jumladan, qisqa muddatda 161 ta yirik sanoat obekti ishga tushirildi. Bu kelasi yil qo‘shimcha 1,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.

Milliy valyutaning erkin konvertatsiyasi yo‘lga qo‘yildi. 336 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

Ijtimoiy sohani isloh qilish bo‘yicha qabul qilingan dasturlar ijrosi ham bosqichma-bosqich ta'minlanmoqda. Joriy yilda imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joylar qurish loyihasi amalga oshirila boshladi. Shahar va qishloqlarimizda jami 3,5 million kvadrat metrdan ziyod namunaviy uylar va ko‘p qavatli uy-joylar barpo etildi.

12 ta umumta'lim maktabi yangidan barpo etildi, 320 tasi rekonstruksiya qilindi, 152 ta maktab kapital ta'mirlandi. 107 ta maktabgacha ta'lim muassasasi rekonstruksiya qilindi va qurildi, 195 ta bog‘cha kapital ta'mirlandi. Maktabgacha ta'lim tizimining jamiyatimiz hayotidagi katta o‘rni va ahamiyatini e'tiborga olib, Maktabgacha ta'lim vazirligi tashkil etildi. 11 yillik ta'lim qayta tiklandi.

Yangi tashkil etilgan institut va filiallar hisobidan yurtimizdagi oliy ta'lim muassasalari soni 81 taga, hududlardagi filiallar 15 taga, xorijiy universitetlar filiallari 7 taga yetdi. Oliy ta'lim muassasalarida iqtisodiyotning real sektoridagi talab va ehtiyojdan kelib chiqib, sirtqi va kechki bo‘limlar ochildi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimi takomillashtirildi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, uning tarkibida bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlar faoliyati tiklandi.

Ijodiy uyushmalarning ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash «Ilhom» jamoat fondi, shuningdek, madaniyat va san'at muassasalari hamda yirik kompaniya va banklar hamkorligida «Do‘stlar klublari» tashkil etildi.

2017 yil jismoniy tarbiya va sport sohasi bo‘yicha ham katta ishlar qilindi. Yakuniga yetib borayotgan yilda o‘zbekistonlik sportchilar boks, dzyudo, taekvando, og‘ir atletika, erkin kurash, sambo bo‘yicha o‘tkazilgan turli xalqaro musobaqalarda salmoqli yutuqlarga erishdilar. 2017 yil ayniqsa o‘zbek milliy kurashi tarixida yorqin sahifa bo‘ldi. Sentyabr oyida Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Osiyo olimpiya kengashi bosh assambleyasi yig‘ilishida ushbu milliy sport turini Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritish haqida qaror qabul qilindi.

O‘tgan davr mobaynida tashqi siyosat sohasida xorijiy davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasida sezilarli natijalarga erishildi. Joriy yilda 21 ta oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, 60 dan ziyod davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Natijada 400 dan ortiq bitim va kelishuvlarga erishildi, qariyb 60 milliard AQSh dollari hajmidagi savdo va sarmoyaviy shartnomalar imzolandi.

Yig‘ilishda davlat rahbari 2018 yilga yurtimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb nom berishni taklif etdi. Qatnashchilar bu takliflarni olqishlar bilan qo‘llab-quvvatladi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilda Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash hamda tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Faol tadbirkorlik biznes faoliyatini innovatsion, ya'ni, zamonaviy yondashuvlar, ilg‘or texnologiya va boshqaruv usullari asosida tashkil etadigan iqtisodiy yo‘nalishdir. Faol tadbirkor, deganda, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga qodir, eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratib, nafaqat o‘zini va oilasini boqadigan, balki butun jamiyatga naf keltiradigan ishbilarmon insonlar tushuniladi.

Davlat rahbari qayd etganidek, bugun biz davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tmoqdamiz. Bu bejiz emas, albatta. Chunki zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda yangi fikr, yangi g‘oyaga, innovatsiyaga tayangan davlat yutadi.

Shu ma'noda, yangi tashkil qilingan Innovatsion rivojlanish vazirligi nafaqat iqtisodiyot sohasida, balki butun jamiyat hayotida eng muhim loyihalarni amalga oshirishda o‘ziga xos lokomotiv rolini bajarishi kerak.

Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z borar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev «Davlat xizmati to‘g‘risida»gi qonunni ishlab chiqish vaqti kelganini ta'kidladi.

Islohotlar samarasini oshirishda parlament, deputat va senatorlar alohida o‘rin tutishi kerak. Lekin amalda ularda faollik va tashabbuskorlik yetishmayapti. Yil davomida bildirilgan 136ta qonunchilik tashabbusidan bor-yo‘g‘i 27 tasi deputatlarga tegishli bo‘lib, ular ham asosan amaldagi qonunlarga Prezidentning farmon va qarorlaridan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalardir. Parlament faoliyati esa ko‘p hollarda shunchaki rasmiy yig‘ilishlardan iborat bo‘lib qolmoqda. Xususan, bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida talay kamchiliklar mavjud. Qonunchilik palatasi tizimdagi muammolarni, ayniqsa, joylarda hal etishga qaratsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Davlatimiz rahbari aytganidek, kerak bo‘lsa, Qonunchilik palatasida Sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha alohida qo‘mita tashkil etib, uning a'zolari asosan hududlarda faoliyat ko‘rsatsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

Oliy Majlis rahbariyati qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish, buning uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, jumladan, Internet tarmog‘ida maxsus «maydon»lar yaratishi zarur. Shu munosabat bilan har bir fuqaro davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalar bo‘yicha o‘z fikrini bildirishi uchun Internet tarmog‘ida «Mening fikrim» deb nomlangan maxsus veb-sahifa tashkil etish maqsadga muvofiq. Prezident Shavkat Mirziyoyev demokratiyaning ilg‘or mexanizmi sifatida jamoa bo‘lib elektron murojaat kiritish tartibini tatbiq qilish ham zarurligini ta'kidladi.

Davlat organlari faoliyatini rejalashtirish, samaradorligini oshirish hamon dolzarb masala bo‘lib turibdi. Bugun birorta idoraning o‘tgan davrdagi faoliyatini xolisona baholash imkonini beradigan aniq mezon yo‘q. Shuning uchun vazirlik va idoralar, barcha darajadagi hokimliklar prognoz ko‘rsatkichlarni belgilashda o‘z faoliyatida kutilayotgan natijalarning aniq miqdor va sifat ko‘rsatkichlarini belgilab olishi lozim. Davlat boshqaruv organlari va Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikda ish olib borish bo‘yicha prinsip va mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.

Eng og‘ir muammolardan biri – davlatning funksiya va vakolatlari haddan tashqari markazlashib ketganidir. Masalan, hozirgi vaqtda 64ta litsenziya turi mavjud bo‘lsa, shundan 21tasi Vazirlar Mahkamasi va 40tasi markaziy idoralar tomonidan beriladi. Bu litsenziyalarning uchtasi viloyat hokimliklari va faqatgina bittasi tuman hokimliklari vakolatiga tegishlidir. Shundan kelib chiqish, Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvini haddan tashqari markazlashtirishdan voz kechish zarurligini ta'kidladi. Buning uchun ko‘pgina vakolatlarni markaziy davlat organlaridan hududiy organlarga o‘tkazish kerak.

Erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirayotgan islohotlarda nodavlat notijorat tashkilotlarining alohida o‘rni bor. Ammo aholining muammolarini tizimli o‘rganish, ularni aniq hal etish, ayniqsa, ijtimoiy sharoiti og‘ir ayollarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularni ish bilan ta'minlash masalalarida bu tashkilotlarning ishtiroki yetarli darajada sezilmayapti. Bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashini tuzish, «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunni ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.

Jamiyatimiz hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari muhim va ta'sirchan omil hisoblanadi. Shu munosabat bilan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya vositalari universitetini tashkil etish zarurligi ta'kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish to‘g‘risida so‘z yuritib, Oliy Majlis huzurida Sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlashga ko‘maklashish komissiyasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Bu komissiya odamlardan kelib tushayotgan murojaatlar, xalq bilan bevosita uchrashuv va muloqot jarayonida ko‘tarilayotgan masalalarni umumlashtirishi, parlament so‘rovi orqali haqqoniy vaziyatni tahlil qilishi, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi bilan birga muammolarni hal etish choralarini ko‘rishi lozim.

Shuningdek, yuksak professional darajada faoliyat yuritadigan malakali sudyalarni tayyorlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasini tashkil etish kerakligi qayd qilindi.

Shu maqsadda o‘tgan bir yil mobaynida sud, prokuratura, ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Lekin bu borada qabul qilingan qator hujjatlar hayotga to‘liq tatbiq etilmayapti. Ichki ishlar idoralari hali chinakam «Xalqparvar ichki ishlar idoralari»ga aylangani yo‘q. Prokuratura organlarining esa jamiyatda qonun ustuvorligini ta'minlash borasidagi faoliyati yetarli emas. Sud idoralari hali-hamon har qanday holatda adolat qaror topadigan maskanga aylangani yo‘q. Shu sababli bu sohadagi islohotlar kelgusida ham qat'iy va izchil davom etadi.

Milliy xavfsizlik xizmati idoralari bugungi kungacha 26 yil avval hukumat tasdiqlagan Nizom asosida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bu hujjat chorak asr davomida o‘zgartirilmagani ushbu idora vakolatlarining asossiz kengayib ketishiga sabab bo‘ldi. Shu bois, davlatimiz rahbarining fikricha, Milliy xavfsizlik xizmati faoliyatini ham isloh qilish vaqti keldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev «Huquqni muhofaza qiluvchi organlar to‘g‘risida»gi va «Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilishni taklif etdi.

Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z borar ekan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma'lumotlariga ko‘ra, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha O‘zbekiston dunyo reytingida 187 mamlakat o‘rtasida 134-o‘rinda turishi ta'kidlandi. Vaholanki, yurtimiz boy tabiiy resurslarga, katta iqtisodiy salohiyatga ega. Hamma gap ana shu zaxirani xalq manfaati yo‘lida oqilona va samarali ishlata olishdadir.

Iqtisodiyotda boshqaruv tizimi eskirgani, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali mexanizmlar o‘z vaqtida joriy qilinmagani jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, texnologik qoloqlik, resurs va energiyani tejaydigan texnologiyalar, muqobil energiya manbalarini tatbiq etishning sustligi iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida to‘siq bo‘lmoqda.

Shu nuqtai nazardan davlatning innovatsion yangilanish dasturini shakllantirish, innovatsiya va investitsiyalardan samarali foydalanadigan yangi avlod kadrlarini, yangi sarmoyadorlar sinfini tayyorlash o‘ta muhim ahamiyatga ega. Buning uchun O‘zbekistonni texnologik rivojlantirish va ichki bozorni modernizatsiya qilish bo‘yicha kuchli milliy g‘oya, milliy dastur kerak.

2018 yil faol tadbirkorlikni rivojlantirish e'tibor markazida bo‘ladi. Bu sohani qo‘llab-quvvatlash, biznes sub'yektlarini jadal va barqaror rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

Ayrim korxonalarga imtiyozlar berilgani erkin raqobat muhiti bo‘g‘ilishiga olib keldi. Endi bunday amaliyotdan voz kechiladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida teng va halol raqobat muhitini yaratish maqsadida «Mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini yanada samarali ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon loyihasi ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Bojxona tartib-taomillarining murakkabligi tadbirkorlikka to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri hisoblanadi. Jahon bankining hisobotiga ko‘ra, eksport-import hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha O‘zbekiston 190 davlat orasida 175-o‘rinda turadi. Bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish uchun Belgiyada 1 soat kifoya qilsa, O‘zbekistonda 1 oy muddat sarflanadi. Shu munosabat bilan kelasi yildan boshlab, tadbirkorlik sub'yektlari uchun bojxona ko‘rigida xavf-xatardan ogoh etish tizimi, ya'ni, tadbirkorlar qanchalik halol ekaniga qarab, ularni «yashil» va «qizil» yo‘laklar orqali o‘tkazish joriy etiladi.

Ayni vaqtda noqonuniy tekshirishlar, xususiy biznes faoliyatiga asossiz aralashishga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi. Tekshirish o‘tkazishga ruxsat berishning maxsus elektron axborot tizimiga o‘tilib, uning nazorati Bosh prokuraturaga yuklanadi. Barcha tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish 2 yilga to‘xtatiladi.

Biz bo‘sh turgan davlat mulki obektlarini o‘zaro sheriklik asosida xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi. Internet tarmog‘ida elektron savdolar va auksionlar orqali yer uchastkalarini, jumladan, tadbirkorlar uchun ajratishning yagona tartibi o‘rnatilib, 2018 yildan elektron savdo maydonlari orqali davlat aktivlarini sotish bo‘yicha elektron tizim tashkil etiladi.

Iqtisodiyotni rivojlantirishda puxta va barqaror bank-moliya tizimi ulkan ahamiyatga ega. 2018 yilda bank tizimi faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirishda banklar bilan tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratiladi.

O‘zbekistonda xalqaro standartlar asosida valyutani liberallashtirish jarayoni boshlandi. Valyuta siyosati biznes va iqtisodiyotni rivojlantirish manfaatlariga to‘liq xizmat qilishi, investitsiya faoliyatiga ijobiy turtki berishi lozim.

2018 yilda soliq siyosatini amalga oshirishda keskin chora-tadbirlardan voz kechiladi. Chunki islohotlar davrida davlat tizimining uzluksiz faoliyat ko‘rsatishi uchun byudjyet barqaror bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish niyatida bo‘lgan investorlar uchun mamlakatimizni jozibali qilish maqsadida soliq tizimi takomillashtiriladi. Barcha biznes toifalari uchun soliq yukini kamaytirish va qulaylashtirish, shu asosda ishlab chiqarishni va soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish zarur. Soliq imtiyozlari berishda individual yondashuvlardan voz kechib, ularni faqat iqtisodiyotning ma'lum tarmoqlari uchun qo‘llash amaliyotiga o‘tiladi.

Davlatimiz rahbari aytganidek, byudjyet tizimini qayta ko‘rib chiqish, byudjyet daromadlari va xarajatlari ochiq va oshkora bo‘lishi ta'minlash lozim.

Tashqi iqtisodiy sohada hali ishga solinmagan katta imkoniyat va zaxiralar mavjud. Bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlari va yirik sheriklar – Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, AQSh, Turkiya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish davom ettiriladi. Kelasi yilda Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlanadi. Asosiy maqsad – tashqi bozorga sifatli va sertifikatlangan mahsulotlarni «o‘zbek brendi» nomi bilan olib chiqishdan iborat.

Hozirgi kunda milliy iqtisodiyotga yuqori daromad keltiradigan istiqbolli tarmoqlardan biri – bu turizmdir. Bu sohaga jahon brendlarini faol jalb etgan holda, ziyorat turizmi, ekologik, ma'rifiy, etnografik, gastronomik turizm va bu sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratiladi.

Davlat rahbari iqtisodiyotdagi yetakchi tarmoq – qishloq xo‘jaligi sohasidagi eng muhim vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekistonda 51 foizdan ziyod aholi qishloq joylarda yashaydi. Biroq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 17 foizdan oshmaydi. Agrar soha mahsulotlarini qayta ishlash hajmi esa 10 foizga yetmaydi. Shu munosabat bilan qishloq xo‘jaligini yanada isloh qilish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqish lozim.

Hududlarni jadal iqtisodiy rivojlantirish haqida so‘z borar ekan, bu borada mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, imkoniyat va javobgarligini kengaytirish maqsadga muvofiqligi ta'kidlandi. Buning uchun Davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini joriy etish konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish kerak.

Qurilish-pudrat tashkilotlari va quruvchilarning zamonaviy avlodini yaratish – dolzarb masalalardan biri. Shu maqsadda qurilish sohasini 2030 yilgacha innovatsion rivojlantirish dasturi ishlab chiqiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib, ilg‘or xorijiy tajriba asosida aholining munosib hayot darajasi uchun zarur bo‘lgan daromadlarni aniqlash bo‘yicha «iste'mol savatchasi» tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash va uni amalda ta'minlash mexanizmlarini yaratish lozimligini qayd etdi.

Ayni vaqtda aholining real daromadlari, ish haqi, stipendiya, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha ham amaliy choralar ko‘riladi.

Salomatlikni muhofaza qilish borasida hududlar aholisi uchun qulay bo‘lgan, sifatli va zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish, kasalliklarni barvaqt aniqlash bo‘yicha boshlangan ishlar izchil davom etadi. Xususiy tibbiyotni jadal rivojlantirish uchun xorijiy investorlarni jalb etish va chet ellik mutaxassislar mamlakatimizda doimiy faoliyat yuritishini ta'minlashga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytiriladi. Yaqin vaqt ichida aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta'minlaydigan 2 mingta ijtimoiy dorixona qurib, ishga tushiriladi. 2018 yilda 46 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmasi negizida tumanlararo perinatal markazlar tashkil etiladi.

Yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Shu asosda yangicha yondashuvlar hayotga faol joriy etilmoqda. Endi O‘zbekiston yoshlari xalqaro assotsiatsiyasi tuziladi. Yoshlar xorijdagi tengdoshlari bilan ilm-fan, madaniyat, tadbirkorlik, sport va boshqa sohalarda faol muloqotda bo‘lishi ularning o‘z salohiyatini dunyo miqyosida namoyon etishi uchun katta imkoniyat yaratadi. Shuning uchun kelasi yil Samarqand shahrida Markaziy Osiyo yoshlari forumini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan buyon ham ingliz tili va boshqa xorijiy tillarni chuqur o‘qitish masalasiga ustuvor ahamiyat beriladi.

2018 yilda namunaviy va arzon uy-joylar qurish ko‘lami joriy yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘paytiriladi.

Ma'lum qilinganidek, kelasi yil yangi yo‘llar barpo etish, transport-logistika infratuzilmasini yanada rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha bir qator ishlar rejalashtirilgan.

Madaniy meros obektlarini ishonchli qo‘riqlash va ulardan oqilona foydalanish tizimini takomillashtirish maqsadida Arxeologik tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va arxeologik topilmalarni saqlash dasturi ham qabul qilinadi.

Jismoniy tarbiya va sport sohasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ilm-fan, madaniyat, san'at va adabiyot sohalarida sidqidildan xizmat qilayotgan yurtdoshlarimizni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom etiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash hamda tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Dunyodagi tahlikali vaziyatni hisobga olgan holda, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashni har tomonlama kuchaytirish shart. Bu – zamon talabi. Avvalo, shu yo‘nalishda shakllangan tizim samaradorligini yanada oshirish, ayniqsa, diniy masalalar bilan bevosita shug‘ullanadigan hokim o‘rinbosarlari, mutasaddi tashkilotlar mas'uliyatini yanada kuchaytirish zarur. Xususan, mahalla raislari, profilaktika inspektorlari, imom-xatiblar, diniy-axloqiy masalalar bo‘yicha maslahatchilar, yoshlar, xotin-qizlar tashkilotlari faollari birgalikda ish olib borishi lozim.

Axborot resurslari orqali tarqatilayotgan buzg‘unchi g‘oyalarning oldini olish maqsadida huquqni muhofaza qilish organlari tarkibida alohida bo‘linmalar tashkil etiladi.

Jamiyatimizda diniy konfessiyalar o‘rtasida hamjihatlik va fuqarolar totuvligini mustahkamlash bundan buyon ham eng dolzarb vazifalardan bo‘lib qoladi.

O‘tgan qisqa davrda milliy armiyamizni isloh qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar qabul qilinib, Qurolli Kuchlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirish jarayoni boshlandi. Harbiy sohadagi islohotlar samarasini oshirish maqsadida Mudofaa doktrinasi yangidan qabul qilinadi. Ushbu doktrina O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqlik tamoyilini, yaqin qo‘shnilar bilan do‘stona va amaliy munosabatlarni rivojlantirishni ifoda etadi.

Ayni paytda mudofaa sohasida bajarilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar bor. Avvalo, Milliy xavfsizlik konsepsiyasi hamda Mudofaa doktrinasining samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash bo‘yicha ko‘p ish qilish kerak. Xususan, Qurolli Kuchlarni zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan ta'minlash uchun Mudofaa-sanoat kompleksini shakllantirish va rivojlantirish davlat dasturini qabul qilish zarur.

Mamlakatimizda qabul qilingan Harakatlar strategiyasiga muvofiq O‘zbekiston tashqi siyosat sohasida barcha uzoq va yaqin davlatlar, avvalo, qo‘shni mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini har tomonlama rivojlantirish siyosatini izchil davom ettiradi. Xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xalqaro moliya institutlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda tuzilgan shartnoma va kelishuvlar o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishi uchun barcha zarur chora-tadbirlar ko‘riladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan taqdim etilgan Murojaatnomada bayon qilingan reja va loyihalar, hech shubhasiz, mamlakatimiz taraqqiyotini, xalqimiz farovonligini yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Bu maqsadlarni to‘liq va samarali amalga oshirish uchun tegishli huquqiy asos va mexanizmlarni yaratish zarur. Shu munosabat bilan Bosh vazir, Prezidentning Davlat maslahatchilari barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimlari bilan birgalikda Murojaatnomadan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarni so‘zsiz amalga oshirishga doir kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va tasdiqlashni ta'minlash vazifasi topshirildi.

«Og‘ir yil kutib turibdi. Qilsak bo‘ladi, lekin xalqimiz ta'biri bilan aytganda suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib, tanlagan yo‘limizdan qaytmasligimiz shart. Nega deganda hayotda hech narsa o‘z o‘zidan bo‘lmaydi. O‘zimiz harakat qilmasak, hech kim bizga beg‘araz yordam bermaydi. Bugun gap xalqimiz, vatanimiz, bolalarimiz kelajagi haqida bormoqda. Barchamiz belimizni mahkam bog‘lab ishlashimiz, barcha tajribamizni vatanimizga safarbar etishimiz kerak. O‘zimiz o‘zimizga xiyonat qilmasligimiz kerak, o‘zimiz o‘zimizni aldamasak, halol ishlasak, o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga albatta yetamiz», deya so‘zini yakunladi prezident.

Mavzuga oid