Jahon | 14:09 / 12.05.2026
4142
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya uch kunlik sulhdan keyin Ukrainaga hujumlarni yana boshladi

12 mayga o‘tar tunda Ukrainaning qator hududlari yana Rossiya hujumlariga uchradi. Oqibatda kamida 6 kishi yaralanib, bir kishi halok bo‘lgan. Kiyev o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirishni taklif qilganini aytmoqda. “Vaqtinchalik otashkesimni yakunlashni Rossiyaning o‘zi tanladi, biz ham xuddi shunday javob beramiz”, dedi Zelenskiy. Kelishilgan asirlar almashinuvi hali ro‘y bermadi.

Xarkiv oblastidagi hujum oqibatlari

12 may kirib kelishi bilan, Rossiya va Ukraina o‘rtasida AQSh vositachiligida o‘rnatilgan uch kunlik oteshkesim yakuniga yetdi.

Uch sutka davomida tomonlar bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganlikda aybladi, lekin yoppasiga hujumlar bo‘lmaganini Moskva ham, Kiyev ham tasdiqladi.

Ukraina tomoni xabariga ko‘ra, 12 mayga o‘tar tunda Kiyev shahri, Kiyev viloyati hamda Dnepr va Jitomir shaharlari havodan hujumga uchragan.

Asirlar almashinuvi ro‘y bermadi

Otashkesim vaqtida kelishilgan “1000 ga 1000” shaklidagi asirlar almashinuvi ro‘y bermadi. Ukraina tomoniga ko‘ra, bu borada “muzokara jarayoni” davom etyapti.

Kreml voizi Dmitriy Peskov 11 may kuni harbiy asirlar ro‘yxatini kelishishni “murakkab va uzoq jarayon” deb atadi. “Bu boradagi ishlar tez orada yakuniga yetadi, deb umid qilamiz”, dedi u.

Kiyev otashkesimni uzaytirishni taklif qilgan

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiganing ma’lum qilishicha, Kiyev o‘t ochishni to‘xtatish rejimini 11 maydan keyin ham saqlab qolishni taklif qilgan.

“Moskvaga qisman otashkesimni 11 maydan keyin ham davom ettirishni taklif qildik. Buning o‘rniga, Rossiya bu kecha Ukrainaga 200 dan ortiq dron uchirdi – tinch aholi infratuzilmasiga, jumladan bolalar bog‘chasiga zarba berdi, kamida 6 kishini yaraladi, kamida bir kishini o‘ldirdi”, – deb yozdi Sibiga X platformasida.

“Ukrenergo” xabariga ko‘ra, Rossiya hujumlari sabab Donetsk, Xarkiv, Sumsk, Chernihiv va Nikolayevsk viloyatlarida iste’molchilar elektr energiyasidan uzilib qolgan. “Xavfsizlik shart-sharoitlari imkon bergan hamma joyda avariya-tiklash ishlari allaqachon boshlangan”, deyiladi bayonotda.

Zelenskiy: “Qisman otashkesimga yakun yasashni Rossiyaning o‘zi tanladi, biz ham xuddi shunday javob beramiz”

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, tungi hujumlar orqali “vaqtinchalik sukunat” rejimini buzishni Rossiyaning o‘zi tanlagan, Ukraina tomoni esa shunga mos javob qaytaradi.

“Bir necha kun davom etgan qisman sukunatga barham berishni Rossiyaning o‘zi tanladi. Bugun tunda Ukraina bo‘ylab 200 dan ortiq hujumkor dronlarni uchirishdi. Frontga yana aviabombalar tushdi – ularning soni 80 dan ortiq. 30 dan ortiq aviatsiya hujumlari qayd etildi. [...] Bu hujumlar natijasida jarohatlanganlar bor. Afsuski, qurbonlar ham”, – deb yozdi Zelenskiy Telegram-kanalida.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid