O‘zbekiston AQSh bilan faol siyosiy muloqotni davom ettirishini bildirdi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida AQSh va Ukraina elchilari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Bugun, 29 noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Furqat Siddiqov AQShning O‘zbekistonga yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henikni qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Amerika strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari ko‘rib chiqildi, tomonlarning faol va konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirishga tayyorligi qayd etildi.
“Rejalashtirilgan tadbirlar, jumladan, O‘zbekiston va AQSh Strategik sheriklik muloqotining navbatdagi yig‘ilishi bilan bog‘liq tashkiliy va mazmunli jihatlar muhokama qilindi. Savdo, investitsiya, innovatsiya, qishloq xo‘jaligi, energetika va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi”, – deyiladi TIV xabarida.
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikela Meredit ham ishtirok etgan uchrashuvda elchi AQSh ma’muriyati O‘zbekistonga moliyaviy-texnik ko‘mak berish va pandemiyaga qarshi kurashda yordam ko‘rsatish davom etishini bildirgan.
Shuningdek, mintaqaviy hamkorlik masalalari va Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilgan.
Shu kuni O‘zbekiston tashqi siyosat idorasida yana bir uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Bahrom A’loyev Ukrainaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Nikolay Doroshenkoni qabul qildi.
TIV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuvda turli sohalardagi O‘zbekiston-Ukraina hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilingan. Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, ikki mamlakat biznes sub’yektlariga o‘zaro asnoda imtiyoz va preferensiyalar berish istiqbollari yuzasidan fikr almashilgan.
Avvalroq, TIVda Rossiya, Fransiya, Qozog‘iston, Belarus va Qirg‘iziston elchilari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan edi.
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
17:55 / 23.11.2024
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
13:12 / 23.11.2024