O‘zbekiston | 11:29 / 01.05.2024
8944
2 daqiqa o‘qiladi

Yashirin iqtisodiyot bo‘yicha qaror loyihasi Tadbirkorlik kengashi takliflari asosida qayta ko‘rib chiqiladi

Loyiha Tadbirkorlik kengashi, jamoatchilik faollari hamda idora va vazirliklar tomonidan berilgan takliflar asosida qayta ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, hujjat loyihasi hukumatga kiritilishidan oldin keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.

Foto: Alamy

Savdo-sanoat palatasi «Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi yuzasidan munosabat bildirdi.

Mazkur qaror loyihasi joriy yilning 27 aprel kuni Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi yig‘ilishida atroflicha muhokama qilingan va Kengash a’zolari tomonidan loyiha bo‘yicha konseptual takliflar bildirilgan.

Qaror loyihasi kengash yig‘ilishida bildirilgan hamda idora va vazirliklarning tomonidan berilgan takliflar asosida qayta ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, hujjat loyihasi hukumatga kiritilishidan oldin amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda regulation.gov.uz portali orqali jamoatchilik fikr-mulohozasini o‘rganish va takliflarini olish uchun keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.

«Ushbu jamoatchilik muhokamalari (tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari, olimlar, ekspertlar va mutaxassislarning maslahatlari hamda tavsiyalari) asosida loyiha to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi va tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir etuvchi tartib-taomillar va talablar bartaraf etilgandan so‘ng loyiha hukumatga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi», deyiladi Savdo-sanoat palatasi rasmiy munosabatida.

Soliq qo‘mitasi ham har bir Soliq to‘lovchining fikr va mulohazalarini hurmat qilishini qayd etib, jamoatchilik muhokamalari asosida loyiha to‘liq qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Avvalroq, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish dasturi doirasida Soliq qo‘mitasi yana kartadan kartaga o‘tkazmalarni nazorat qilishga urinayotgani tanqidlarga sabab bo‘lgandi. Shuningdek, loyihadan naqd pulda xarid qilgan fuqarolarga keshbek bermaslik, QQSni qaytarish muddatini uzaytirish va soliq organlariga tadbirkorning hududiga kirish vakolatini berish kabi takliflar ham o‘rin olgandi.

Mavzuga oid