O‘zbekiston | 22:11 / 08.04.2018
112000
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada eshak so‘yib sotgan yana bir qassob qo‘lga tushdi

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida faoliyat yurituvchi qassoblardan biri eshak go‘shti sotish bilan ham shug‘ullangani fosh bo‘ldi. Bu haqida «Muloqot TV» telekanali reportajida ma'lum qilingan.

Ma'lum bo‘lishicha, Sodiqjon Botirov Dang‘ara tumanida qoramol olib sotish savdosi bilan shug‘ullanib kelgan. Shu bilan birga u o‘z xonadonida qoramol va qo‘ylarni so‘yib, aholi iste'moli uchun tarqatgan. Lekin u o‘z uyida eshaklarni ham so‘yib, go‘shtlarni turli savdo nuqtalariga sotgani ma'lum bo‘ldi. Dang‘ara tuman IIB tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Sodiqjon Botirov eshak go‘shtini olib ketayotgan avtomashina to‘xtatilgan.

«Botirov Sodiqjon Urayimovich boshqaruvidagi avtomashina to‘xtatilib, tekshirilgan vaqtda mashina yukxonasida go‘sht mahsulotlari borligi aniqlangan. Bu mahsulotlar shubha tug‘dirgani sababli, tekshirib ko‘rish uchun daliliy ashyo sifatida olindi. Dang‘ara tuman veterinariya bo‘limi tomonidan berilgan 107 - raqamli xulosaga ko‘ra bu eshak go‘shti ekani aniqlangan», deya izoh beradi Dang‘ara tuman IIB tergovchisi Furqatjon Siddiqjonov.

Telekanal tomonidan tayyorlangan reportaj davomida Dang‘ara tuman veterinariya bo‘limi mutaxassisi Akramjon Matkarimov eshak go‘shtini inson organizmi uchun o‘ta xavfli kasalliklar yuqtirishi haqida ma'lumot bergan bo‘lsa, Qo‘qon shahar bosh imom xatibi Abdumajid hoji Isaqov islom dinida eshak go‘shtini mol go‘shtiga aralashtirib sotish juda katta gunoh ekanligini aytib, uni halol deya bilmasdan yegan va farzandlariga yedirgan odamlarlarning gunohi o‘sha go‘shtni sotgan kishiga bo‘lishi, demak, u kishi minglab odamlarni gunohini bo‘yniga olgani haqida o‘z fikrini bildirgan. 

«Mol bozoridan mol olib kelib so‘yib, bozorda go‘shtini sotaman. Oxirgi safar ikki eshak ham olib kelib, uyimda so‘yib mol go‘shtiga aralashtirdim. Go‘shtni 16 mingdan sotardim. Eshak go‘shtini aralashtirsam, sal foyda bo‘larmikin deb shu ishga qo‘l uribman», deydi Sodiqjon Botirov.

«Sodiqjon Botirov O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy kodeksiga ko‘ra tegishli jazoga tortildi. Lekin, uning bunday pastkashligi oqibati nimalarga olib kelganini barchamiz bilamiz. Qolgani esa, kimsaning qilgan ishidan vijdoni qiynalishi yoki qiynalmasliga bog‘liq» deya yakunlanadi «Muloqot TV» reportaji.

Bundan avvalroq Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida eshak so‘yib sotgan qallob «tadbirkorlar» qo‘lga olingani haqida xabar qilingandi.

Mavzuga oid