Jamiyat | 11:16 / 31.01.2026
8558
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda ko‘p kvartirali uy portladi

Hodisa Qorako‘l tumani Tinchlik mahallasida sodir bo‘lgan. Portlash oqibatida 2 qavatli uyning bir qismi qulab tushgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash gaz plitasidan foydalanish jarayonida gaz sizib chiqishi oqibatida sodir bo‘lgan. Hodisada 2 kishi tan jarohati olgan va shifoxonaga yuborilgan.

Foto: Kun.uz

Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida ko‘p qavatli uyda portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, portlash bugun, 31 yanvar kuni tumanning Tayqir mahallasida sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida 2 qavatli uyning bir qismi qulab tushgan. Hodisa joyiga mas’ullar, FVV tuzilmalari va boshqa tezkor xizmatlar vakillari yetib borgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga gaz sizib chiqishi sabab bo‘lgan.

FVV holat yuzasidan rasmiy axborot berdi. Unga ko‘ra, 31 yanvar kuni soat 8:23da 112 tizimi orqali Qorako‘l tuman Tinchlik mahallasi Sho‘robod ko‘chasida joylashgan 2 qavatli uy xonadonlarining birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lganligi to‘g‘risida FVBga xabar kelib tushgan. Voqea joyiga qutqaruvchilar va boshqa tegishli xizmatlar yetib borgan. Hozirda vaziyat oqibatlari bartaraf etilmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, chaqnash gaz plitasidan foydalanish jarayonida gaz sizib chiqish oqibatida sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida 2 kishi tan jarohati olgan va shifoxonaga yuborilgan. Halok bo‘lganlar yo‘qligi bildirildi.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid