2025 yil 17 oktyabr kuni Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani hududidan o‘tgan yo‘l yaqinida mol-qo‘y boqib yurgan cho‘pon ust qisman tuproq bilan yopilgan jasadga duch keladi. Voqea yuzasidan huquqni muhofaza qilish idoralari tekshiruv boshlaydi.

Turkiyadagi Haberturk nashrining yozishicha, O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘tkazgan tekshiruv natijasida garchi jasadning katta qismi chirib ketgan bo‘lsa-da, marhum pichoqlab o‘ldirilgani aniqlangan.

Shundan so‘ng, jasadning shaxsini aniqlashga kirishiladi. Bunda dastlab jasadni tashlab ketgan avtomobilning davlat raqami topiladi. Ushbu avtomobil esa 51 yoshli Turkiya fuqarosi Suat T. tomonidan ijaraga olingani ma’lum bo‘lgan.

Nashrning yozishicha, tergovchilar avtomobilda luminol tekshiruv o‘tkazib, unda qon izlarini topgan. Olingan qon namunalari Qorovulbozor tumanidan topilgan jasad bilan mos keladi.

Ma’lumot uchun, luminol tekshiruvi — bu kriminalistikada jinoyat joyidagi ko‘zga ko‘rinmas, yuvib tashlangan yoki juda kam miqdordagi qon izlarini aniqlash uchun qo‘llanadigan maxsus kimyoviy usuldir.

Marhum allaqachon Turkiyada bedarak yo‘qolganga chiqarilgandi

O‘zbekiston kuch tuzilmalarining tezkor qidiruv ma’lumotlari Turkiya politsiyasiga yetkazilgan. Shunga ko‘ra Istanbul Jamoat xavfsizligi boshqarmasining «Qotillik bo‘limi» xodimlari avtomobilni ijaraga olgan Suatni kuzatuvga olgan. Shuningdek, o‘rganishlar davomida Suat sheriklikda restoran ochishni rejalashtirgan Kadir Tunch bilan 2025 yil 28 may kuni O‘zbekistonda bo‘lgani aniqlangan.

Kadir Tunch

2025 yil 3 iyun kuni esa 49 yoshli Kadir Tunchning qarindoshlari uning bedarak yo‘qolgani haqida ariza bergani ma’lum bo‘ladi.

Bu orada politsiya O‘zbekistondan yuborilgan DNK namunalari bilan Kadir Tunchning farzandlaridan olingan namunalarni solishtirgan. Tekshiruv natijasida O‘zbekistonda topilgan jasad Kadir Tunch ekani tasdiqlangan.