Samarqandda xotinini ayovsiz kaltaklagan er qo‘lga olindi: ayol muttasil kaltaklangan bo‘lishi mumkin
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda samarqandlik ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan shafqatsiz kaltaklangani aks etgan video tarqalgan edi. Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi zo‘ravon er qo‘lga olinganini ma'lum qildi.
IIB tomonidan berilgan rasmiy xabarda Samarqand shahar Termiz ko‘chasida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan M. oilaviy kelishmovchiliklari sababli turmush o‘rtog‘i — 1985 yilda tug‘ilgan Sh. tomonidan qiynoqqa solinib, kaltaklab kelingani aytilgan.
«Joriy yilning 20 avgust kuni M.ning turmush o‘rtog‘i Sh. sababsiz, turli bahonalar bilan yashayotgan uyida uni ayovsiz urib, oyoqlari bilan turli joylariga tepib, tan jarohati yetkazgan.
«Hozirda M. va uning ikki nafar farzandi Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tomonidan himoyaga olinib, IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlari tomonidan himoya orderi berilib, malakali psixologlarni jalb qilgan holda farzandlari va o‘ziga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatilmoqda.
Uning turmush o‘rtog‘i Sh.ga nisbatan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi xabarda.
Kun.uz suhbatlashgan IIB vakilining ma'lum qilishicha, kaltaklanish holatlari oilaning uyidagi kamerada yozilgan. Jabrlangan ayol amallab videoyozuvlarni ko‘chirib olgach, tasvirlar tarqalib ketgan. Aslida, ayolning uyda eri tomonidan shafqatsiz kaltaklanishi anchadan buyon takrorlanib turgan.
Mazkur videotasvirlar 22 avgust kuni tarqalgan. 23 avgust kuni IIB xodimlari oila yashaydigan xonadonga borishganida ayol og‘ir ruhiy tushkunlikda bo‘lgan.
Uning turmush o‘rtog‘i esa tasvirlar internetda tarqalgach, qochib ketgan. 23 avgust kuni kechqurun IIB xodimlari ma'lumot asosida Toshkentga kelib, ayolning turmush o‘rtog‘ini qo‘lga olishgan va 24 avgust kuni u Samarqandga olib ketilgan.
Kaltaklangan ayolning tanasidagi jarohatlar (masalan, qo‘lidagi gips) ham videotasvirlardagi voqea yaqin orada sodir bo‘lganini anglatadi. Tergov jarayonida qolgan tafsilotlar aniqlanishi kutilmoqda. Ayol esa chuqur ruhiy tushkunlikda bo‘lgani uchun hozircha batafsil muloqot qiyin bo‘lgani aytilmoqda.
Mavzuga oid
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024