Iqtisodiyot | 14:31
3443
8 daqiqa o‘qiladi

Daromadlar o‘rtasidagi tafovut: boylar boyishda, kambag‘allar qashshoqlashishda davom etyapti

2025 yilda dunyo aholisining eng boy 10 foizi 75 foiz, 40 foiz o‘rta qatlam 23 foiz, eng kambag‘al 50 foiz esa atigi 2 foiz global boylikni nazorat qilyapti. Masalan, eng boy 0,001 foiz - ya’ni 60 mingdan kamroq multimillioner insoniyatning yarmiga nisbatan uch baravar ko‘p boylikka ega. Shuningdek, daromadlar o‘rtasidagi tengsizlik darajasi ham kengayib boryapti.

Foto: Kun.uz

Dunyo aholisining eng boy 10 foizi barcha shaxsiy boylikning qariyb 75 foiziga egalik qilyapti. Bu haqda World Inequality Report 2026 hisobotida keltirib o‘tilgan.

Daromadlar taqsimotida ham vaziyat xuddi shunday: eng yuqori 50 foiz umumiy daromadning 90 foizdan ortig‘iga egalik qiladi, qolgan 50 foiz kambag‘al insonlar hissasiga esa jami daromadning 10 foizidan kamroq qismigina to‘g‘ri keladi.

«Dunyo bo‘ylab ko‘plab odamlar uchun turmush darajasi turg‘unlashib borayotgan bir paytda, boylik va hokimiyat tobora tor doiradagi qatlam qo‘lida jamlanyapti», deyiladi hisobotda. 

Boylik va daromadlar tengsizligi o‘rtasidagi farq

Boylik va daromad darajasi har doim ham bir-biriga mos kelavermaydi. Eng boy odamlar doimo eng ko‘p daromad topuvchilar bo‘lmaydi. Bu holat odamlarning qancha pul topishi bilan nimalarga egalik qilishi o‘rtasidagi tafovutni ham ko‘rsatadi.

2025 yilda dunyo aholisining eng boy 10 foizi 75 foiz, 40 foiz o‘rta qatlam 23 foiz, eng kambag‘al 50 foiz esa atigi 2 foiz global boylikni nazorat qilyapti. 1990 yillardan buyon milliarderlar va yuz millionlab dollarga ega shaxslarning boyligi har yili o‘rtacha 8 foizga oshib kelyapti. Bu ko‘rsatkich dunyo aholisining eng kambag‘al yarmi boyligining o‘sish sur’atidan deyarli ikki baravar yuqori.

Eng boy 0,001 foiz — ya’ni 60 mingdan kamroq multimillioner insoniyatning yarmiga nisbatan uch baravar ko‘p boylikni nazorat qiladi. Ularning ulushi 1995 yildagi 4 foizdan 6 foizgacha oshgan. 

«Eng kambag‘al qatlam ham kichik yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, bu eng yuqori qatlamda boylik jamg‘arilishining oshib borayotgani fonida sezilmay qolmoqda. Natijada dunyo juda ozchilik katta moliyaviy qudratga ega bo‘lgan, milliardlab odamlar esa iqtisodiy barqarorlik uchun kurashayotgan manzarani aks ettiryapti», deyiladi hisobotda. 

Daromad ko‘rsatkichlari soliqdan oldingi tushumlar asosida, pensiya va ishsizlik sug‘urtasi badallari inobatga olingan holda hisoblangan.

2025 yilda global daromadning 53 foizi eng boy 10 foiz odamlarga, 38 foizi esa 40 foiz o‘rta qatlam hissasiga to‘g‘ri kelgan. Aholining quyi bo‘g‘indagi 50 foizi esa atigi 8 foiz global daromadga egalik qilgan.

Masalan, agar dunyo aholisi 10 kishidan iborat bo‘lib, umumiy daromad 100 dollarni tashkil etsa, eng boy bir kishi 53 dollar oladi, keyingi to‘rt kishi jami 38 dollar topadi, qolgan besh kishi esa 8 dollarni o‘zaro bo‘lishib oladi.

Hududlar kesimida boylik va daromad qanday taqsimlangan?

Tengsizlik dunyoning turli hududlarida turlicha ko‘rinishga ega. Insonning qayerda tug‘ilgani uning qancha daromad topishi va qanday boylik to‘plashi mumkinligini belgilovchi eng muhim omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, har bir mintaqada ham kambag‘al, ham boy mamlakatlar mavjud va hisobotdagi ko‘rsatkichlar o‘rtacha qiymatlarni aks ettiradi.

2025 yil hisobotida Shimoliy Amerika va Okeaniya mintaqasi aholisi o‘rtacha boyligi dunyo o‘rtacha ko‘rsatkichidan 338 foiz yuqori bo‘lgan. Daromadlar ko‘rsatkichi ham dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 290 foiziga baland shakllangan. Yevropa va Sharqiy Osiyoda ham o‘rtacha boylik darajasi ancha yuqori. O‘z navbatida Janubiy Afrika, Janubiy Osiyo, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharqning katta qismida daromadlar global darajadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha past bo‘lib qolyapti.

«Global tengsizlik umumiy manzarani yaqqol ko‘rsatadi, biroq boylik va daromad tafovutlari mamlakatlar o‘rtasida ham keskin farq qilishi mumkin. Ayrim davlatlarda taqsimot nisbatan muvozanatli bo‘lsa, boshqalarida boylik juda ozchilik qo‘lida jamlangan», deyiladi hisobotda.

Daromad tengsizligi eng yuqori bo‘lgan mamlakatlar

Daromad tengsizligi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Janubiy Afrikaga to‘g‘ri keladi. Bu mamlakatda eng boy 10 foiz aholi jami daromadning 66 foizini oladi, aholining eng quyi qatlamdagi yarmi esa atigi 6 foizi daromadlarga egalik qiladi. Braziliya, Meksika, Chili va Kolumbiya kabi Lotin Amerikasi mamlakatlarida ham shunga o‘xshash holat kuzatiladi. Bu yerda eng boy 10 foiz aholining daromadlari umumiy daromadning qariyb 60 foizini tashkil etadi.

Yevropa mamlakatlarida manzara nisbatan muvozanatliroq. Masalan, Shvetsiya va Norvegiyada aholining quyi qatlamdagi 50 foizi jami daromadning taxminan 25 foizini oladi, eng boy 10 foizga esa 30 foizdan kam ulush to‘g‘ri keladi.

Avstraliya, Kanada, Germaniya, Yaponiya va Buyuk Britaniya kabi ko‘plab rivojlangan iqtisodiyotlarda ham mazkur ko‘rsatkich o‘rtacha darajada shakllangan. Bu davlatlarda eng boy 10 foiz aholi jami daromadning 33–47 foizini ishlab topsa, quyi bo‘g‘indagi 50 foiz ulushi 16–21 foizni tashkil etadi.

Osiyoda daromad taqsimoti turlicha. Bangladesh va Xitoyda tizim nisbatan muvozanatli bo‘lsa, Hindiston, Tailand va Turkiyada daromadlar yuqori qatlam foydasiga keskin og‘ishgan. Bu mamlakatlarda eng boy 10 foiz jami daromadning yarmidan ko‘prog‘ini ishlab topadi.

Boylik tengsizligi eng yuqori bo‘lgan mamlakatlar qaysilar?

Boylik tengsizligi masalasida ham Janubiy Afrika yetakchi o‘rinda turadi. Bu mamlakatda eng boy 10 foiz aholi jami shaxsiy boylikning 85 foizini nazorat qiladi. Aholining eng past 50 foizi esa manfiy ulushga ega, ya’ni ularning qarzlari aktivlaridan ko‘p.

Rossiya, Meksika, Braziliya va Kolumbiyada ham shunga o‘xshash manzara kuzatiladi. Bu davlatlarda eng boy qatlam 70 foizdan ortiq boylikni egallab olgan, eng kambag‘allar esa atigi 2–3 foiz ulushga ega.

Italiya, Daniya, Norvegiya va Niderlandiya kabi Yevropa mamlakatlarida taqsimot nisbatan muvozanatliroq. Bu yerda o‘rtadagi 40 foiz aholiga umumiy boylikning qariyb 45 foizi to‘g‘ri keladi, pastki 50 foizning ulushi ham nisbatan yuqori. Shunga qaramay, eng boy 10 foizlik sezilarli ustunlikni saqlab qolgan.

AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Yaponiya kabi boy davlatlarda ham tenglik yuqori emas. Bu mamlakatlarda eng boy 10 foiz jami daromadning yarmidan ko‘prog‘ini nazorat qiladi, pastki 50 foizning ulushi esa atigi 1–5 foiz bilan cheklanadi.

Osiyodagi rivojlanayotgan iqtisodiyotlar, Xitoy, Hindiston va Tailandda ham boylik tengsizligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu mamlakatlarda eng boy 10 foiz umumiy boylikning taxminan 65–68 foizini nazorat qiladi, bu esa pulning yuqori qatlamda doimiy ravishda jamlanib borayotganini ko‘rsatadi.

Mavzuga oid