O‘zbekiston | 17:44 / 19.02.2026
12096
2 daqiqa o‘qiladi

Birinchi o‘zbek kosmonavti umumxalq tanlovi asosida aniqlanadi

«O‘zbekkosmos» agentligi birinchi o‘zbek kosmonavtini aniqlash uchun umumxalq tanlovini o‘tkazadi.

Foto: Midjourney

Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (O‘zbekkosmos) birinchi o‘zbek kosmonavtini tanlov asosida aniqlaydi. Bu haqda «O‘zbekkosmos» direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Kosmonavtlikka talab yuqori bo‘ladi, sog‘liq, fiziologiya, ilmiy, xorijiy til bilish nuqtai nazaridan. Umumxalq tanlovi qilmoqchimiz. Bo‘lajak kosmonavt hozir o‘qiyotgan bo‘lishi yoki ishlayotgan bo‘lishi mumkin. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, kosmonavt bo‘lish juda katta baxt», dedi Ibrohimov, biroq tanlovning shartlari va muddatiga aniqlik kiritmadi.

Shuningdek, u prezidentga sun’iy yo‘ldoshlarning turli modellari bo‘yicha taqdimot tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

«Bu Yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshi va biz ikki xil modelni ko‘rsatdik. Asosiy maqsadimiz - taqdimotda sun’iy yo‘ldoshning tuzilishi: u nimalardan iborat, foydali yuk, asosiy qism, quyosh panellari qanday ishlashi va orbitada qanday ko‘rinishi haqida ma’lumot berishdir», dedi u.

Ibrohimov so‘zlariga ko‘ra, hozir Yaponiyaning Kyusyu texnologiya institutida ta’lim olayotgan 7 nafar o‘zbekistonlik talaba birinchi milliy ilmiy sun’iy yo‘ldosh yaratish ustida ishlamoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 fevral kuni birinchi o‘zbek kosmonavtini tayyorlash bo‘yicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishgan edi. Unda kosmonavtni qisqa muddatga – 10-14 kunlik parvozga tayyorlash taklif qilindi, bunday parvozlarni tashkil etish bo‘yicha xalqaro hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid