O‘zbekiston | 09:42 / 04.07.2021
30733
2 daqiqa o‘qiladi

Emlangan talabalarga to‘lov-kontraktda chegirma beriladi

Koronavirusga qarshi emlash guruhlariga talabalar ham kiritildi. Emlangan talabalarga to‘lov-kontraktda chegirma beriladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekistondagi mavjud epidemiologik holatni inobatga olgan holda mas'ul tashkilotlarning takliflariga binoan, bugungi kunga qadar Respublika maxsus komissiyasining qarorlari bilan umumiy emlash ishlariga jalb etilgan aholi guruhlari qatori kengaytirildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra:

  • 18 yoshdan katta bo‘lgan Samarqand va Toshkent viloyati aholisini, shuningdek, imkoniyatdan kelib chiqib, boshqa hududlardagi 18 yoshdan katta aholi qatlamini o‘zlari biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida ixtiyoriy ravishda emlash belgilandi;
  • Mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha davlat va nodavlat oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan 18 yoshdan katta bo‘lgan, bugungi kunda bakalavriatura, magistratura, klinik ordinatura bosqichlarida tahsil olayotgan talabalarni davlat budjeti mablag‘lari hisobidan koronavirus infeksiyasiga qarshi ixtiyoriy ravishda ommaviy emlash belgilandi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi ixtiyoriy ravishda emlangan to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydigan talabalarga tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar, 2021/2022 o‘quv yili uchun bazaviy to‘lov kontarktiga 10 foiz miqdorida bir martalik chegirma bonusi beriladi.

Mavzuga oid