Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ar-Riyodda berilgan dron zarbasi, yadroviy bombalarini ko‘paytirayotgan Fransiya va Janubiy Sudanda qurolli hujum – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Urush davom etmoqda
Dushanba kuni AQSh va Isroilning Eronga qarshi havo urushi yanada kengaydi. Isroil «Hizbulloh» zarbalariga javoban Livanga hujum qildi, Eron esa AQSh harbiy bazalari joylashgan Fors ko‘rfazi davlatlariga hujumlarini to‘xtatmadi. Mojaro yakuni hali ko‘rinmayapti.
Eronga qilingan hujum Fors ko‘rfazini urush girdobiga tortdi: Eron, Isroil va Livanda o‘nlab tinch aholi halok bo‘ldi, global aviatransport xaosga yuz tutdi. Dunyo neft savdosining beshdan bir qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashish to‘xtab qoldi, bu esa neft narxi keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi Kuvayt xatolik tufayli Amerikaning uchta F-15 qiruvchi samolyotini urib tushirganini ma’lum qildi. Barcha olti nafar ekipaj a’zosi samolyotdan sakrashga ulgurgan va sog‘-salomat qutqarilgani aytilmoqda.
AQSh harbiylarining bildirishicha, Erondagi 1250 dan ortiq nishonga zarba berilgan va Eronning 11 ta kemasi yo‘q qilingan. Hozirgacha AQShning olti nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi — ularning barchasi dam olish kunlari Eronning Kuvaytga yo‘llagan javob zarbalari oqibatida qurbon bo‘lgan. Erondagi qurbonlar soni esa 550 dan oshgani aytilmoqda.
Dushanba oqshomida Isroil Tehrondagi Eron davlat teleradiokompaniyasi binosiga hujum qilganini bildirdi.
Tel-Avivning o‘zida esa havo hujumidan mudofaa tizimlari Eron raketalarini tutib olar ekan, portlash ovozlari butun shaharni larzaga keltirmoqda.
Tramp dushanba kuni ushbu mojaro haqida gapirgan eng ochiq bayonotida Tehronning yadroviy dasturi va jadal rivojlanayotgan ballistik raketa dasturiga barham berish uchun hujumga buyruq berganini aytdi. Tramp operatsiya tez orada yakunlanishidan darak bermadi, harbiy rasmiylar esa mintaqaga qo‘shimcha kuchlar yuborilayotganini bildirdi.
Eron yadro quroliga intilayotganini rad etmoqda va AQSh hujumini asossiz deb atadi. Chunki bu hujum Tehron Tramp vakillari bilan yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan bir vaqtda sodir bo‘ldi.
Fransiya yadroviy arsenalini kengaytirmoqchi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron dushanba kuni mamlakat arsenalidagi yadroviy kallaklar soni oshirilishini ma’lum qildi.
Fransiya Yevropa Ittifoqidagi yagona yadroviy davlat hisoblanadi. Makron avval ham AQSh bilan hamkorlik tobora ishonchsiz bo‘lib borayotgan bir paytda Fransiya blok uchun «yadroviy to‘xtatib turuvchi» vazifasini o‘tashi haqida gapirgan edi.
«Arsenalimizni modernizatsiya qilish o‘ta muhim. Biz hozirda xavf-xatarlarga to‘la geosiyosiy larzalar davrini boshdan kechirmoqdamiz. Shuning uchun men arsenalimizdagi yadroviy kallaklar sonini ko‘paytirishga buyruq berdim», dedi Makron mamlakatning yadroviy suvosti kemalari joylashgan bazaga borganida.
Taxminan 290 ta yadroviy kallakka ega bo‘lgan Fransiya AQSh, Rossiya va Xitoydan keyin dunyodagi to‘rtinchi yirik yadroviy davlatdir. Biroq Makron arsenal nechtaga ko‘paytirilishiga aniqlik kiritmadi.
Fransiya yadroviy doktrinasidagi bu o‘zgarish Germaniya, Polsha, Niderlandiya, Belgiya va Daniya kabi Yevropadagi ittifoqchilar bilan yaqin hamkorlikni o‘z ichiga oladi. Hozirda Fransiyaning to‘rtta yadroviy suvosti kemasi bo‘lib, ular dunyo okeanining istalgan nuqtasida yashirinishi mumkin va 10 000 kilometr masofagacha zarba berish quvvatiga ega. Shuningdek, mamlakat ixtiyorida 500 kilometr masofaga yadroviy raketalarni uchira oladigan «Rafale» qiruvchi samolyotlari ham mavjud.
Germaniya ham bu jarayonga qo‘shildi: Kansler Fridrix Mers Germaniya harbiy samolyotlari Fransiyaning yadroviy bombalarini tashish uchun ishlatilishi mumkinligini bildirdi.
Saudiya ham urushga tortilmoqda
Urushning to‘rtinchi kuniga kelib Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi AQShning Ar-Riyoddagi elchixonasiga dron zarbasi berilganini ma’lum qildi. Ikkita dron hujumi natijasida kichik yong‘in kelib chiqqan va binoga moddiy zarar yetgan.
Xorijiy diplomatik vakolatxonalar joylashgan Ar-Riyodning «Diplomatik dahasi» uzra qora tutun ko‘tarilayotgani kuzatilgan. Voqeadan xabardor ikki manbaning bildirishicha, binoda erta tongda hech kim bo‘lmagani sababli tan jarohati olganlar haqida xabar kelib tushmagan.
Elchixona seshanba kuni erta tongda Ar-Riyod, Jidda va Zahron shaharlaridagi AQSh fuqarolari uchun «joyida qolish» haqida ogohlantirish e’lon qildi. Shuningdek, keyingi bildirishnomaga qadar fuqarolarga elchixonaga yaqinlashmaslik tavsiya etildi.
Manbalarga ko‘ra, 3 mart tongida Ar-Riyodning diplomatik tumanida yana ikkita portlash ovozlari eshitilgan.
Dushanba tongda esa Saudiya Arabistoni Energetika vazirligi mamlakatning sharqiy provinsiyasida joylashgan Ras-Tanura neftni qayta ishlash zavodida yong‘in chiqqanini ma’lum qilgandi. Xabarga ko‘ra, Eronning ikkita droni urib tushirilgan va ularning parchalari zavod hududiga tushishi natijasida yong‘in kelib chiqqan. Ehtiyot chorasi sifatida zavodning ayrim bo‘linmalari faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan.
Shuningdek, o‘sha kuni Ar-Riyoddan janubda joylashgan «Prince Sultan» aviabazasi yaqinida ham beshta dron tutib qolingandi.
Prezident Donald Tramp AQSh elchixonasiga qilingan hujum va Eron urushda amerikalik harbiy xizmatchilarning halok bo‘lishiga nisbatan javob chorasi qanday bo‘lishini «tez orada bilib olishlarini» aytdi.
Minobdagi maktabga zarba
Yaqin Sharqdagi urushning ilk kunida Erondagi qizlar maktabi zarbaga uchradi. Bu bino Islom inqilobi qo‘riqchilari bazasi yaqinida joylashgandi.
28 fevral tongida AQSh va Isroil Eron janubida, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozidan 30–40 kilometr masofada joylashgan Minob shahriga raketa zarbasi yo‘lladi. Raketa qizlar uchun ixtisoslashgan «Shajara Toyyiba» maktabiga kelib urilgan, bu vaqtda maktabda darslar boshlangandi.
Eron davlat nashrlarining dastlabki xabarlarida zarba vaqtida maktab hududida bo‘lgan 40 kishi halok bo‘lgani aytildi. Qurbonlarning aksari o‘quvchilar edi, shuningdek, maktab xodimlari hamda ota-onalar ham halok bo‘lgan.
IRNA davlat axborot agentligi xabarida hodisa joyida tozalash ishlari davom etayotgani, xarobalar ostidan yangi jasadlar chiqishi mumkinligini ma’lum qilgan. Eron ta’lim vazirligi 2 mart kuni jami qurbonlar soni 175 kishini tashkil etayotganini xabar qildi.
Amerika va Isroil tomoni hozircha Minob bo‘ylab zarbani izohlamadi. AQSh harbiylari The Washington Post muxbirining so‘roviga javoban ushbu hujum haqidagi xabar «tekshirilayotgani»ni ma’lum qilgan.
Janubiy Sudanda qurolli hujum: 169 kishi halok bo‘ldi
Janubiy Sudan rasmiylarining ma’lum qilishicha, yakshanba kuni mamlakat shimolidagi hududga noma’lum shaxslar tomonidan uyushtirilgan hujum natijasida kamida 169 kishi, jumladan, bir necha yuqori martabali amaldor qurbon bo‘ldi.
Ruveng ma’muriy hududi rasmiysi ushbu hujumni o‘nlab qurollangan yoshlar amalga oshirganini ta’rifladi: ular qo‘shni shtatdan kelgani va Janubiy Sudan Ozodlik Armiyasi muxolifati bilan aloqadorligini iddao qildi. «Halok bo‘lganlar orasida 90 nafar bola, ayol va keksalar, shuningdek, mintaqaviy kuchlarning 79 nafar a’zosi, jumladan, politsiyachilar bor», - dedi rasmiy.
Rasmiyning qo‘shimcha qilishicha, yana 50 kishi yaralangan va ularning aksariyati davolanish uchun qo‘shni Abey ma’muriy hududiga yetkazilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat kuchlari son jihatdan kamchilikni tashkil qilgan. 3-4 soat davom etgan to‘qnashuvlar davomida hujumchilar uy va bozorlarga o‘t qo‘ygan.
Muxolifat bu ayblovlarni rad etib, Yuniti shtati rasmiylarini zo‘ravonlikni siyosiylashtirishda aybladi. BMT mamlakat yana to‘liq miqyosli fuqarolar urushiga qaytish xavfi borligi haqida bir necha bor ogohlantirgan.
Mavzuga oid
14:34 / 03.04.2026
Eronda portlatilgan ko‘prik, Ho‘rmuzni ochish bo‘yicha koalitsiya va AQSh bosh prokurorini ishdan olgan Tramp – kun dayjesti
16:00 / 02.04.2026
Oy tomon yo‘l olgan fazogirlar, Luhanskni to‘liq «ozod qilgan» Rossiya va Trampning murojaati – kun dayjesti
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026