Turizm | 12:54 / 02.04.2026
2595
16 daqiqa o‘qiladi

Pushti masjid, qadimiy port, egizak minoralar va keng assortimentli gastronomiya: sayohat uchun nega Malayziyani tanlash kerak?

Ushbu mamlakat bir vaqtning o‘zida tropik orollar, tarixiy shaharlar, zamonaviy arxitektura, gastronomiya va ko‘p millatli madaniyat uyg‘unligini jamlagan kam sonli davlatlardan biri hisoblanadi. Aynan shu jihat sayohatchiga bir safar davomida turli xil tajribalar bilan tanishish imkonini beradi.

Malayziya – Janubiy Sharqiy Osiyoda joylashgan, iqtisodiy, madaniy va turistik salohiyati yuqori davlat. U Malay yarim oroli va Borneo oroli shimoliy qismini qamrab oladi. Mamlakat maydoni taxminan 330 803 km². Aholisi esa 34 million atrofida (2025) bo‘lib, turli millat va din vakillaridan iborat. Rasmiy tili – malay, ingliz, xitoy va tamil tillari ham keng tarqalgan.

Iqtisodiyoti barqaror o‘sib borayotgan, yuqori daromadli va sanoatlashgan tizimga ega. 2026 yilga kelib mamlakatning yalpi ichki mahsuloti (YaIM) nominal bo‘yicha taxminan 502 milliard dollar atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Turizm Malayziya iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. 2024 yilda mamlakatga 25 milliondan ortiq xalqaro sayyoh tashrif buyurgan, turizm daromadlari taxminan 102 milliard ringgit (MYR) bo‘lgan, bu xizmatlar eksportidan keladigan katta mablag‘ni anglatadi.

Sabah: tropik tabiat va orollar

Mamlakat sharqiy qismida joylashgan Sabah shtati Malayziya turizm sanoatining eng muhim hududlaridan biridir. Borneo oralining shimoliy qismidagi mazkur joy tropik o‘rmonlar, marjon riflari, orollar va biologik xilma-xilligi bilan mashhur. Aynan shu tabiiy resurslar Sabahni dam olish maskani bo‘lish bilan bir qatorda, ekologik turizm markaziga ham aylantirgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda Sabah hududiga 3,79 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurgan va turizm sohasi 8,74 milliard ringgit daromad keltirgan. Bu ko‘rsatkichlar Sabah turizmi pandemiyadan keyin tez tiklanganini va xalqaro sayyohlar oqimi yana o‘sayotganini ko‘rsatadi. Hukumat 2026 yilda bu ko‘rsatkichni 4 million sayyohga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Sabahning markazi hisoblangan Kota Kinabalu shaxri esa turizm infratuzilmasi rivojlangan hudud sifatida tanilgan. Deңgiz bo‘yidagi bu shahar bir vaqtning o‘zida kurort zonasi, port va sayyohlik markazi vazifasini bajaradi.

Shaharning eng katta afzalligi tabiat maskanlari bilan yaqin joylashganidir. Masalan, polisdan atigi 20 daqiqada tezkor ravishda qayiqda boriladigan Tunku Abdul Rahman Marine Park milliy bog‘i beshta tropik oroldan iborat bo‘lib, sayyohlarga snorkeling, sho‘ngish va plyajda dam olish imkoniyatini taqdim etadi.

Manukan va Sapi orollarida sayyohlar marjon riflari orasida suvyosti dunyosini kuzatish, sho‘ngish hamda tropik plyajlarda dam olishi mumkin. Bu hudud Janubiy-Sharqiy Osiyoda suvyosti turizmi rivojlangan joylardan biri sanaladi.

Sabax hududi, ayniqsa, vahshiy tabiat kuzatuvchilari uchun qiziqarli. Bu yerda orangutanlar, Borneo pigmiy fillari, gibbonlar va boshqa noyob hayvonlar uchraydi. Ekoturizm loyihalari, masalan, orangutanlarni reabilitatsiya qilish markazlari yoki daryo safari sayyohlarga tabiiy muhitni yaqinroq ko‘rish imkoniyatini yaratadi.

Turizmning hududga iqtisodiy ta’siri ham katta. Mehmonxonalar, transport xizmatlari, restoranlar va ekologik turizm loyihalari mahalliy iqtisodiyotning muhim qismini tashkil etadi. So‘nggi yillarda Sabax turizm infratuzilmasining rivojlanishi natijasida 360 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgani qayd etilgan.

Shu sababli Sabax bugungi kunda Malayziya turizm strategiyasida alohida o‘rin tutadi. Bir tomondan u sayyohlarga tropik tabiat va dengizda dam olishni taklif etsa, ikkinchi tomondan ekologik turizm va barqaror rivojlanish konsepsiyasini ham ilgari suradi.

Mari Mari: bir necha sivilizatsiya birlashgan madaniy shaxarcha

Malayziya nafaqat tropik tabiat va dengizlari bilan mashhur mamlakat, balki ko‘p millatli va ko‘p madaniyatli jamiyat sifatida ham dunyo sayyohlarini jalb qiladi. Bu yerda malaylar, xitoylar, hindlar, Sabax hamda Saravak hududlaridagi mahalliy etnik guruhlar birga yashaydi, ularning urf-odatlari, bayramlari va kundalik hayoti mamlakatning boy madaniy panoramasini tashkil etadi. Shu sababli Malayziya turizmi dam olish bilan cheklanmaydi, madaniyat va tarixni o‘rganish imkoniyatini ham beradi.

Mari Mari Cultural Village aynan shu madaniy merosni jonli tarzda namoyish qiladigan etnografik maskanlardan biri. Sabaxning Kota Kinabalu shahridan atigi 30 daqiqa masofa uzoqlikda joylashgan ushbu shaxarcha mahalliy xalqlarning an’anaviy turmush tarzini interaktiv tajriba orqali ko‘rishga mo‘ljallangan.

Sayyohlar mazkur maskanda quyidagi asosiy tajribalardan bahramand bo‘lishi mumkin:

  • An’anaviy uylar va arxitektura
  • Mari Mari hududida Dusun, Lundayeh, Rungus va Murut xalqlarining uylari bor. Xonadonlar yog‘och va palma barglaridan qurilgan bo‘lib, tabiiy materiallar va an’anaviy qurilish texnologiyalari bilan ajralib turadi. Bu uylar mehmonlarga mahalliy hayotning qadimiy shakllarini vizual tajriba orqali his qilish imkonini beradi.
  • Milliy taomlar va oshpazlik
  • Sayyohlar mahalliy oshpazlar bilan birga an’anaviy taomlar tayyorlashni o‘rganadi. Masalan, Sabax baliqlaridan tayyorlangan hinava salati yoki maxsus noodle hisoblangan tuaran mee singari milliy taomlarni sinovdan o‘tkazish mumkin.
  • Marosimlar, raqs va folklor
  • Maskanda mahalliy bayramlar, an’anaviy raqslar va marosimlar jonli tarzda namoyish etiladi. Murut xalqining “magunatip” marosimi yoki Rungus xalqining hunarmandchilik ko‘rgazmalari sayyohlar uchun ta’limiy tajriba sifatida xizmat qiladi.
  • Hunarmandchilik va amaliy san’at
  • Mehmonlar sopol ishlash, to‘qimachilik va bambukdan tayyorlangan an’anaviy asboblar yaratish jarayonini kuzatishi yoki jarayonda ishtirok etishi mumkin.

Mari Mari Cultural Village oddiy turistik maskan emas, Janubiy-Sharqiy Osiyo xalqlari tarixi va madaniyatini chuqurroq tushunish imkoniyati. Sayyohlar bu yerda dam olib, suratga tushadi, mahalliy etnik guruhlarning ijtimoiy, madaniy va ekologik hayotini yaqindan o‘rganadi. Shu bois, bu joy Sabax va Malayziya turizmining “madaniyat va tarix laboratoriyasi” sifatida tanilgan.

Kuala-Lumpur: zamonaviy metropol fenomeni

Mamlakat poytaxti Kuala-Lumpur XX asr oxiridan boshlab Janubiy-Sharqiy Osiyoning eng tez rivojlanayotgan iqtisodiy va urbanistik markazlaridan biriga aylangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shahar hududida 8 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi va u mamlakat iqtisodiy faoliyatining muhim qismi jamlangan joy hisoblanadi.

Kuala-Lumpurning eng mashhur minarlaridan biri Petronas Twin Towers. 1998 yilda qurib bitkazilgan ushbu egizak minoralar 452 metr balandlikka ega bo‘lib, bir vaqtlar dunyodagi eng baland binolar sifatida tan olingan. Minoralarni bog‘lab turuvchi osma ko‘prik – skybridge shahar panoramasini tomosha qilishga mo‘ljallangan eng mashhur nuqtalardan biridir.

Minoralar ostida Suria KLCC savdo majmuasi joylashgan. Bir necha qavatdan iborat bu majmua xalqaro moda brendlari, elektronika do‘konlari, restoranlar, kafe va ko‘ngilochar maskanlarni bir joyga jamlagan. Bu yerga sayyohlar bilan bir qatorda mahalliy aholi ham xarid qilish, hordiq chiqarish va uchrashuvlar o‘tkazish uchun tez-tez tashrif buyuradi. Savdo markazi ichida san’at galereyalari va ko‘rgazma maydonlari ham tashkil etilgan.

Savdo majmuasining orqa tomonida joylashgan KLCC Park esa shaharning eng mashhur dam olish maskanlaridan biri sanaladi. Osmono‘par binolar bilan o‘ralgan bu keng yashil hudud shahar markazidagi “yashil orol”ga o‘xshaydi. Parkda sayr yo‘laklari, yugurish yo‘llari, sun’iy ko‘l, favvoralar va bolalar maydonchalari mavjud. Kechki payt bu yer juda gavjum bo‘lib, sayyohlar va mahalliy aholi ko‘l bo‘yidagi musiqali favvora shousini tomosha qilish uchun yig‘iladi.

Kuala-Lumpur tarixiy maskanlari bilan ham qiziqarli. Shahar markazidagi Merdeka maydoni Malayziya tarixida muhim o‘rin tutadi. 1957 yil aynan shu maydonda mamlakat mustaqilligi e’lon qilingan. Atrofidagi mustamlaka davri arxitekturasi, jumladan Sultan Abdul Samad binosi, Kuala-Lumpur tarixining muhim sahifalarini eslatib turadi.

Shahar madaniy xilma-xilligi esa Kuala-Lumpurning yana bir muhim jihati hisoblanadi. Masalan, Chinatown Kuala-Lumpur hududida xitoy madaniyatiga xos bozorlar, choyxonalar va ibodatxonalarni uchratish mumkin. Central Market Kuala-Lumpur esa Malayziya hunarmandchiligi, milliy suvenirlar va san’at asarlari bilan mashhur.

Melaka: mustamlaka izlari saqlangan tarixiy port

U qadimda Janubiy-Sharqiy Osiyoning muhim savdo portlaridan biri sifatida tanilgan va tarix davomida turli madaniy hamda siyosiy ta’sirlarni boshdan kechirgan.

Melaka XVI–XVII asrlarda portugal, golland va britaniya mustamlakchilari qo‘l ostida bo‘lgan, shuning uchun shaharda turli davr arxitekturasini uchratish mumkin. Har bir binoda o‘sha davrning tarixiy izlari, uslubi va madaniy xususiyatlari saqlangan. Shaharning diqqatga sazovor maskanlari orasida:

  • Dutch Square: golland me’morchiligi namunasi, qizil rangli binolari bilan mashhur bo‘lib, shahar markaziy maydoni sifatida xizmat qiladi.
  • Stadthuys: gollandlar tomonidan qurilgan eng qadimiy binolardan biri, muzey va tarixiy markaz sifatida saqlanib qolgan.
  • A Famosa qal’asi: portugal mustamlakchilari tomonidan barpo etilgan va uning qoldiqlari shaharning tarixiy ruhini his qilish imkonini beradi.
  • St. Paul’s Hill: qadimiy ziyoratgohlar va gumbazli minorlar bilan tanilgan, shaharning eng tarixiy tepaliklaridan biri hisoblanadi.

Shuningdek, Melaka daryosi bo‘ylab qayiq safari yoki Jonker Street bozorida sayr qilish orqali sayyohlar shaharning tarixiy va madaniy muhiti bilan yanada yaxshi tanishishlari mumkin.

Putrajaya: reja asosida qurilgan yangi poytaxt

Ushbu shahar Malayziyaning ma’muriy markazi bo‘lib, mamlakat siyosiy va davlat boshqaruvi faoliyatini markazlashtirish maqsadida reja asosida bunyod etilgan. 1990-yillarda qurilgan Putrajaya yangi urbanistika va arxitektura yondashuvining yorqin namunasi sifatida e’tirof etilgan. Keng bulvarlar, sun’iy ko‘llar, ko‘priklar va futuristik binolar shaharga tartibli, estetik muhit ulashadi.

Musulmonlar mamlakati sifatida Putradjayada zamonaviy islomiy me’morchilik namunasini ham ko‘rish mumkin. Shaharning diqqatga sazovor maskanlari orasida:

  • Putra Mosque: o‘zining pushti gumbazi va nafis detallar ila bezatilgan majmuasi bilan mashhur.
  • Perdana Putra: Bosh vazir idorasi, futuristik dizayn va o‘ziga xos arxitektura bilan ajralib turadi.

Gastronomiya: Osiyo ta’mlar xaritasi

Malayziya o‘z oshxonasi bilan ham sayyohlar uchun alohida tajriba taqdim etadi. Bu yerda malay, xitoy va hind gastronomiyasi bir-biri bilan uyg‘unlashgan. Mashhur taomlar qatorida quyidagilar ajralib turadi:

  • Nasi Lemak – kokos sutida pishirilgan guruch, baliq, tuxum va achchiq sous bilan xizmat qilinadigan milliy taom.
  • Laksa – nordon va achchiq sho‘rva bilan tayyorlanadigan xamirli (noodle) taom, Malayziya bo‘ylab ko‘plab variantlari mavjud.
  • Roti Canai – yupqa xamirli non, ko‘pincha sabzavotli yoki go‘shtli sous bilan iste’mol qilinadi.
  • Satay – yog‘li go‘sht bo‘laklarini bambuk shampurga tiqib, grilda pishirilgan va yer yong‘oqli sous bilan taqdim etiladigan mashhur taom.

Ramazon oyida Kuala-Lumpurdagi Kampung Bharu hududida Ramazon bozorlari tashkil etiladi. Bu bozorlarda milliy taomlar, shirinliklar va ichimliklar namoyish etiladi, shu bilan birga mahalliy aholi bilan muloqot qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Bir kunlik yashash narxi qanchaga tushishi mumkin?

Transport imkoniyatlari va narxlari

Malayziya sayyohlar uchun qulay transport tizimiga ega. Shaharlar ichidagi va shaharlar orasidagi transport vositalari turli budjetga moslashtirilgan:

1️. Shahar ichidagi transport

  • Metro va tramvay (LRT, MRT, Monorail): Kuala-Lumpur va atrofidagi shaharlarda eng ommabop transport turi. Bilet narxi 0,5–1,5 USD (10 000–30 000 so‘m) atrofida.
  • Avtobuslar: shahar ichidagi jamoat transporti arzon va qulay. Odatda bir yo‘nalish 0,3–1 USD (~6 000–20 000 so‘m).
  • Taksi va ride-hailing (Grab, Maxim): shaxsiy transport va qulaylikni afzal ko‘rganlar uchun mos. Boshlang‘ich tarif 1–2 USD (~20 000–40 000 so‘m), shahar bo‘ylab har bir kilometr 0,3–0,5 USD (~6 000–10 000 so‘m).

2️. Shaharlar orasidagi transport

  • Poyezdlar: KTM Komuter va ETS tizimi orqali shaharlar orasida sayyohat qulay. Masalan, Kuala-Lumpur – Melaka yoki Kuala-Lumpur – Penang yo‘nalishida chipta narxi 10–20 USD (~180 000–360 000 so‘m).
  • Avtobuslar: ko‘plab ekspress va arzon avtobuslar shaharlar orasidagi qatnovni ta’minlaydi. Narhlar masofa va xizmat turiga qarab 5–15 USD (~90 000–270 000 so‘m).
  • Ijaraga mashina : sayyohatni mustaqil rejalashtirishni xohlovchilar uchun qulay. Kunlik ijarasi 30–50 USD (~540 000–900 000 so‘m) atrofida bo‘ladi.

3. Maxsus transport imkoniyatlari

  • Feri va qayiq safari: Sabax va boshqa orollar hududida sayyohat qilish uchun qulay. Masalan, Kota Kinabalu – Sapi oroli feri chiptasi 5–10 USD (~90 000–180 000 so‘m);
  • Velosiped va skuter ijarasi: shaharlarda qisqa masofalarni tez va ekologik tarzda bosib o‘tish imkonini beradi.

Izoh: Malayziyada transport narxlari shahar va hududga qarab farq qiladi. Poytaxt va metropol shaharlar biroz qimmatroq, Sabax va Melaka kabi hududlar esa arzonroq hisoblanadi. Shuningdek, ride-hailing ilovalari orqali sayyohlar narhlarni oldindan ko‘rib, qulay transport tanlashlari mumkin.

AirAsia X: O‘zbekistondan Malayziyaga borishda qulay transport

Oldin Malayziyaga yetib borish uchun boshqa davlatlar orqali tranzit parvozlar talab qilinar edi, endilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlar yo‘l vaqtini sezilarli darajada qisqartiryapti. Jumladan, Toshkent–Kuala-Lumpur yo‘nalishidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar sayyohlar uchun katta qulaylik yaratadi. Parvoz, odatda, taxminan 7–8 soat davom etadi.

AirAsia X klassik “budget” modeli asosida ishlaydi. Ya’ni, asosiy chiptaga faqat o‘rindiq narxi kiradi, qolgan qo‘shimcha xizmatlar: bagaj, ovqat, o‘rindiq tanlovi uchun alohida to‘lanadi. Shu yondashuv sabab chiptalar narxi boshqa “premium” aviakompaniyalarga nisbatan 30–50% arzon bo‘ladi.

Kompaniya uzoq masofali parvozlar uchun keng Airbus A330 samolyotlaridan foydalanadi. Samolyot ichidagi dizayn qulay bo‘lib, arzon aviakompaniyalar orasida raqobatbardosh o‘rindiq va oyoqlar uchun maxsus joy (legroom) taklif etadi.

AirAsia X xalqaro maydonda ham e’tirofga sazovor. 2025 yilda AirlineRatings.com tomonidan “Dunyoning eng yaxshi arzon aviakompaniyasi” deb tan olingan. Shuningdek, World Travel Awards 2024 doirasida “Dunyoning yetakchi uzoq masofali arzon aviakompaniyasi” unvoniga sazovor bo‘lgan. Bu mukofotlar kompaniyaning uzoq masofaga arzon va barqaror parvozlar qobiliyatini tasdiqlaydi. Shu sababli O‘zbekistondan Malayziyaga borayotgan sayyohlar uchun AirAsia X qulay va ishonchli transport vositasi hisoblanadi.

Диёрахон Набижонова
Tayyorlagan Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid