Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Umra plyus” dasturi uchun malay va indonez tillarini biladigan gidlar tayyorlanadi
O‘zbekistonning turizm markazlari sanalgan Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida malay va indonez tillarini biladigan, ziyorat turizmiga ixtisoslashgan gid-tarjimonlarni tayyorlash boshlandi. Mazkur tashabbus yurtimizga Malayziya va Indoneziyadan kelayotgan ziyoratchi sayyohlar oqimini sifatli xizmatlar bilan qamrab olishga qaratilgan.
Loyiha Turizm qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi hamkorligida, Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 9 yanvardagi “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Malayziya va Indoneziyadan O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan ziyoratchi sayyohlar soni ortib bormoqda. Shu bois, ular uchun sayohatni yuqori saviyada tashkil etish, tarixiy va muqaddas qadamjolar haqida to‘g‘ri va batafsil ma’lumot bera oladigan gid-tarjimonlarni tayyorlashga ehtiyoj kuchaygan.
Shu paytgacha malay va indonez tillari bo‘yicha mutaxassislar Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida tayyorlab kelingan bo‘lsa, endi bu yo‘nalish ko‘lami yanada kengaymoqda. Jumladan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Buxoro davlat universiteti va Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida 6 oylik intensiv gid-tarjimonlar tayyorlash kurslari tashkil etildi.
Ushbu kurslarga Malayziya milliy universiteti va Sulton Idris pedagogika universitetining malakali o‘qituvchilari jalb qilingan. Natijada faqat joriy yilning o‘zidayoq 50 dan ortiq malay va indonez tillarini biladigan mutaxassisni tayyorlash imkoniyati yaratildi.
Kelgusida mazkur tajribani respublikaning boshqa hududlarida, xususan Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida ham joriy etish va uni doimiy tizimga aylantirish rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
11:00
O‘zbekistonda har yili “Ochiq turizm mavsumi” dasturi o‘tkaziladi
18:31 / 09.06.2026
AQSh sayyohlik va biznes vizalari uchun tezkor suhbat bo‘yicha pullik xizmatni yo‘lga qo‘yadi
22:50 / 03.06.2026
80 ming aholiga mo‘ljallangan dunyodagi birinchi suzuvchi shahar loyihasi qayta tiklandi
11:42 / 02.06.2026