Jahon | 16:38 / 14.05.2026
2833
5 daqiqa o‘qiladi

Isroil Netanyahu BAAga maxfiy tashrif buyurganini aytdi. BAA rad qildi

Ushbu da’vo va raddiya Isroil hamda Birlashgan Arab Amirliklari munosabatlari naqadar yaqinlashganini, ammo bu aloqalar ancha nozik bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Binyamin Netanyahu / Foto: AFP

2026 yil bahorda – Isroilning Erondagi harbiy kampaniyasi avjiga chiqqan paytda bosh vazir Binyamin Netanyahu BAA rahbari bilan uchrashish uchun ushbu mamlakatga «maxfiy tashrif buyurgan». Bu haqda 13 may kuni Isroil bosh vaziri idorasi bayonot berdi.

Netanyahuning idorasi tashrif aynan qachon bo‘lgani, u qanday sayohat qilgani yoki amirliklar yetakchisi shayx Muhammad bin Zoid Nahayon bilan nimalarni muhokama qilganiga aniqlik kiritmadi. Bayonotda ushbu tashrif BAA va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarda «tarixiy burilish yasagani» aytilgan.

BAA rad qildi

Isroil hukumati bayonoti e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tgach, BAA bunday tashrif amalga oshirilganini rad etdi.

«Birlashgan Arab Amirliklari Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning BAAga taxmin qilinayotgan tashrifi yoki mamlakatda Isroilning har qanday harbiy delegatsiyasini qabul qilganlik haqida tarqalayotgan xabarlarni rad etadi», deyiladi BAA tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Shuningdek, bayonotda BAA Isroil bilan munosabatlarini ochiq-oshkora olib borishi aytilgan. Shuning uchun «e’lon qilinmagan tashriflar yoki oshkor etilmagan kelishuvlar haqidagi har qanday da’volar, agar ular BAAning tegishli organlari tomonidan rasman e’lon qilinmasa, mutlaqo asossizdir».

BAA prezidenti Muhammad bin Zoyd / Foto: DMO

New York Times'ning yozishicha, ushbu ziddiyatli bayonotlar munosabatlardagi nozik jihatlarni namoyon etmoqda.

Urush davomida Eronning qo‘shni davlatlarga hujumlaridan eng ko‘p zarar ko‘rgan Amirliklar Isroil bilan ittifoqni yanada mustahkamlagan. BAAga Isroil mudofaa tizimlari o‘rnatildi va yuqori darajadagi rahbarlar o‘rtasida telefon muloqotlari olib borilmoqda. Shunga qaramay, arab dunyosidagi jamoatchilik fikri asosan Isroilga qarshi bo‘lib qolmoqda.

Eron ham masalaga aralashdi

Eron ham bu masalaga o‘z ogohlantirishi bilan aralashdi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ijtimoiy tarmoqdagi postida «Isroil bilan til biriktirish kechirib bo‘lmas holat» ekanini aytdi. Shundan so‘ng u Isroil bilan hamkorlik qilayotganlar «javobgarlikka tortilishini» va’da qildi. Ammo Amirliklarning nomini to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olmadi.

Eron rasmiylari Amirliklarni 2020 yilda ham «Ibrohim kelishuvlari» orqali Isroil bilan o‘rnatgan yaqin aloqalari uchun tanqid qilgandi. Ammo Eronning BAAga hujumlari Amirliklarni Isroilga yanada yaqinlashtirgan ko‘rinadi.

Urushning ortidan yaqinlashayotgan BAA va Isroil

28 fevralda AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri Amirliklar boshqa har qanday davlatga qaraganda ko‘proq Eron dronlari va raketa zarbalariga duch keldi. Ushbu hujumlar energetika obektlari, aeroportlar va mehmonxonalarga talafot yetkazdi hamda kamida 10 nafar tinch aholining hayotiga zomin bo‘ldi.

May oyida Eron tashqi ishlar vazirligi, agar Amirliklar Isroil va AQShdan uzoqlashmasa, «xavfli oqibatlarga» duch kelishi haqida ogohlantirgandi. Bir necha soat o‘tgach, BAA Eronning yangi raketa va dron hujumi haqida xabar berdi. Shundan so‘ng, Netanyahu shayx Muhammad Zoidga qo‘ng‘iroq qilib, unga birdamlik bildirdi.

O‘tgan haftada Isroil o‘zining «Temir gumbaz» (Iron Dome) havo mudofaa tizimini Amirliklarga joylashtirgani haqida xabar berilgandi. Bu HHM tizimining arab davlatini himoya qilish uchun ishlatilgani ma’lum bo‘lgan birinchi holatdir. AQShning Isroildagi elchisi Mayk Hakabi esa seshanba kuni ushbu joylashtirishni tasdiqladi.

Mayk Hakabi / Foto: JNS

«BAAga minnatdorchilik, chuqur ehtirom va hayratimni bildira olamanmi? Ular «Ibrohim kelishuvi»ning birinchi a’zosi bo‘lishdi, buning natijasida qanday manfaatlar ko‘rganlariga bir qarang», dedi Hakabi Tel-Avivdagi konferensiyada.

NYT'ning yozishicha, uzoq vaqtdan beri arab davlatlari tomonidan yakkalanib kelayotgan Isroil uchun bu kelishuvlar – Yaqin Sharqqa kengroq integratsiyalashuv yo‘lida juda qadrli.

«Ibrohim kelishuvlari»lari imzolanganidan beri isroillik sayyohlar va investorlar Amirliklarning eng yirik shahri – Dubayga oqib kela boshladi. Texnologiya va energetika kompaniyalari yangi shartnomalar imzoladi. Netanyahuning o‘zi ham yillar davomida BAAga rasmiy tashrif buyurish bo‘yicha ko‘plab rejalar qilgan. Ammo ularning hech biri shu paytgacha amalga oshmagandi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid