O‘zbekiston | 16:41 / 03.04.2018
21126
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatida kichik sanoat zonalari tashkil etiladi

Foto: KUN.UZ

Prezidentning 29.03.2018 yildagi PQ–3635-son va PQ–3636-son qarorlari bilan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida kichik sanoat zonalari (KSZ) tashkil etilishi nazarda tutilgan. 
 
Norma’ning yozishicha, davlat mulki bo‘lgan va davlat ulushi mavjud xo‘jalik yurituvchi jamiyatlarning foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va obektlari negizida KSZ tashkil etiladi. Qashqadaryo viloyatida jami 30 gektarga yaqin hududda 7 ta KSZ, Surxondaryo viloyatida 55 gektardan kattaroq hududda esa 9 ta KSZ joylashtiriladi.
 
KSZdagi davlat ko‘chmas mulki tadbirkorlik sub'yektlariga 10 yillik uzoq muddatga ijaraga beriladi. Bu davrda ijaraga olingan maydonda amalga oshirilayotgan faoliyat turidan kelib chiqqan holda ortib boradigan koeffitsiyentni qo‘llamasdan ijara to‘lovining eng kam stavkasi belgilanadi. Quyidagi shartlar bajarilganda ushbu obektlarga mulk huquqi keyinchalik biznesga o‘tadi:

•  biznes-rejalar bajarilganda;
•  ish o‘rinlari yaratilgan va saqlanganda;
•  barcha turdagi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar o‘z vaqtida to‘langanda.
 
KSZ ishtirokchilariga investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini ajratib berish to‘g‘risidagi qarorlar viloyat Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ma'muriy kengashi (25.10.2017 yildagi PQ–3356-son qarorga muvofiq tashkil etilgan) tomonidan qabul qilinadi.
 
Yangi KSZ ishtirokchilariga 1.02.2020 yilga qadar ular egallab turgan maydondan kelib chiqqan holda hisoblanadigan yer solig‘ining belgilangan eng kam miqdoridan – uch baravardan kam bo‘lmagan YaST to‘lovi bo‘yicha talablar tatbiq etilmaydi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun tijorat banklari orqali ikkita: Qashqadaryo KSZdagi loyihalar uchun $25 mln va Surxondaryoda – $50 mln miqdoridagi kredit liniyasini ochadi. Ushbu mablag‘lar import uskunalari va ularga butlovchi qismlarni xarid qilish uchun ajratiladi. Kreditlar so‘ndirish jadvaliga muvofiq MBning kreditni uzish kunidagi kursi bo‘yicha so‘mda amalga oshirilishi mumkin.
 
Hujjatlar 30.03.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid