Jamiyat | 14:40 / 03.01.2020
28595
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda «yerto‘lasida baliq boqsa bo‘ladigan dom» qulab tushishi mumkin

Foto: KUN.UZ

Samarqand shahrining Sartepa maskanidagi joylashgan 17-«A» uyda yashovchi kishilardan Kun.uz tahririyatiga murojaat tushdi. Unda bu uyning yerto‘lasi suvga to‘lib qolgani, u yerda hatto baliq boqish mumkinligi haqida aytilgandi.

Aslida Samarqand shahri markazida ko‘p qavatli uyda bunday holat kuzatilishi tasavvurga sig‘maydigan holat. Negaki, shahardagi uylarni ta'mirlash uchun bu yili naq 71 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Atigi bir oy oldin Samarqandda 300ta ko‘p qavatli uy ta'mirdan chiqarilgani OAV orqali e'lon qilingandi.

Voqea joyiga borib holatni o‘rgandik.

Albatta, uy egalarining «baliq boqishga zo‘r sharoit» deyishgani shunchaki hajviya bo‘lib, yerto‘ladagi suv asosan kanalizatsiyadan oqib tushmoqda. Hidiga toqat qilib bo‘lmaydigan yerto‘ladagi bu «hovuz»da aslida epidemiyaga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan viruslar yetishishi uchun haqiqiy sharoit mavjud.

Yashovchilarning ma'lum qilishicha, ular Samarqand shahar davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markaziga murojaat qilishgan. Ammo hech qanday natija bo‘lmagan. Shunday qilib, butun boshli ko‘p qavatli uy ahli bir necha oydan beri badbo‘y hid va zaxdan aziyat chekmoqda.

Yerto‘laning suvga to‘lib qolishi bilan bir qatorda u yerdagi elektr tarmoqlarining ochiqligi ham agar oldi olinmasa erta-indin muqarrar halokatga sabab bo‘lishi mumkin.

Bayram kunlari bo‘lgani sababli mutasaddilardan ma'lumot ololmadik. Ammo bu uyda yashovchilar yana qancha vaqt antisanitar holatga toqat qilishiga to‘g‘ri kelishi yuzasidan izoh kutamiz.

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid