Jahon | 12:27 / 09.05.2018
5376
3 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya, Xitoy va Janubiy Koreya oliy darajadagi uchrashuvida nimalar muhokama qilinyapti? 

Sindzo Abe, Li Ketsyan, Mun Chje In Foto: Wikipedia.org

Tokioda 2015 yildan beri birinchi marta uch davlat yetakchilari – Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe, XXR Davlat kengashi bosh vaziri Li Ketsyan va Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje Inning uchrashuvi boshlandi.

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe uchrashuv avvalida 27 aprel kuni Janubiy Koreya va KXDR yetakchilari tomonidan imzolangan «Koreya yarim orolidagi tinchlik, farovonlik va birlashuv to‘g‘risidagi Pxanmunjom deklaratsiyasi»ni yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunda Shimoliy Koreyaning yadro qurolidan voz kechishi eng muhim tezisdir. Abening ta'kidlashicha, Yaponiya Shimoliy Koreya bo‘yicha Xitoy va Janubiy Koreya bilan hamkorlik qilishi kerak. Bu 1970-yillarda KXDR maxsus xizmatlari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan yapon fuqarolarini vataniga qaytarish uchun ham shart.

«Men kuch bilan ushlab turilgan yapon fuqarolarini vatanimizga tezroq qaytarish masalasiga yechim topishda sizlar bilan hamkorlik qilishni xohlayman», - deya bosh vazirning so‘zlarini keltiradi Kiodo agentligi. O‘z navbatida, XXR Davlat kengashi bosh vaziri Li Ketsyan uch davlat o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashi, bu Shimoli-Sharqiy Osiyoda barqarorlikka xizmat qilishiga umid bildirdi. Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje Inning qayd etishicha, Koreya yarim orolida «sovuq urushning» tugashi butun sayyorada tinchlikni mustahkamlashga hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Uchrashuvdan so‘ng ikki tomonlama muzokaralar ham o‘tkaziladi.

Tomonlar Koreya yarim orolidagi vaziyat, xususan, «Koreya yarim orolidagi tinchlik, farovonlik va birlashuv to‘g‘risidagi Pxanmunjom deklaratsiyasi»ni muhokama qiladi, shuningdek, uch mamlakat o‘rtasida erkin savdo bo‘yicha bitim yuzasidan muzokaralar o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya KXDR bilan munosabatlar qanday shartda tiklanishini bildirgandi

 

Mavzuga oid