Jahon | 16:18 / 15.10.2025
7637
4 daqiqa o‘qiladi

Feodosiyadagi neft bazasi uchinchi kundirki yonmoqda. Bu haqda nimalar ma’lum?

13 oktyabr, dushanbaga o‘tar kechasi Ukraina harbiylari Qrimdagi Dengiz neft terminaliga hujum qildi. Neft bazasi uch kundan buyon yonmoqda, kuygan gaz hidi esa 10 kilometr masofadan ham sezilmoqda. Bu Feodosiyadagi neft bazasiga qilingan birinchi hujum emas. Zarba haqida nimalar ma’lum?

Foto: PlanetLab

Anneksiya qilingan Qrim rahbari Sergey Aksenov 13 oktyabrga o‘tar kechasi Feodosiyadagi neft bazasiga dronlar hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi.

«Dushmanning uchuvchisiz uchish apparatlari Feodosiyadagi neft bazasiga hujum qildi. Oqibatda yong‘in kelib chiqqan. Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q. Barcha tegishli xizmatlar allaqachon voqea joyida ishlamoqda. Havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan 20 dan ortiq dron urib tushirilgan», – deb yozgandi u.

Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbalar bir qator ommaviy axborot vositalariga Ukraina harbiylari Feodosiyadagi neft bazasiga hujum uyushtirgani va beshta rezervuarga zarba berganini tasdiqladi, biroq Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi hujum haqida rasman 15 oktyabr, chorshanba kuni ertalab xabar berdi.

«Aniqlashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 13 oktyabrga o‘tar kechasi vaqtincha bosib olingan Feodosiyadagi Dengiz neft terminali korxonasi takroran aniq nishonga olingani tasdiqlandi», – deyiladi ukrainalik harbiylar bayonotida.

Bosh shtab ma’lumotlariga ko‘ra, hujum natijasida avvalgi hujumdan keyin omon qolgan 16 ta yoqilg‘i rezervuari shikastlangan. Korxona hududida hali ham keng ko‘lamli yong‘in davom etmoqda.

«Qrim.Realiya»ning yozishicha, sodir bo‘lgan yong‘inning shu’lasi Feodosiyadan shimolroqdagi Eski Qrim shahridan hamda Qrimning janubiy sohilining g‘arbiy qismida joylashgan Alupkadan ham ko‘rinmoqda.

«Krimskiy veter» kanali monitoring guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, seshanba kuni kechqurun Feodosiyadagi neft quyish terminalida oltita yoqilg‘i rezervuari hamon yonayotgandi.

Seshanba kuni «Qrim.Realiya» Feodosiya ustida zaharli tutun suzib yurgani – uni hatto Eski Qrimdan (neft bazasidan taxminan 25 km uzoqlikda) ham ko‘rish mumkinligi haqida yozdi. Yong‘in sodir bo‘lgan joydan 10 km masofada kuyindi hidi sezilgan.

Chorshanba kuni ertalab neft bazasi yonidan o‘tish hali ham yopiq edi, tutun izi esa Kerch tomon 36 kilometrga cho‘zilgan, deb yozadi «Krimskiy veter».

Feodosiya meri Vladimir Kim esa shaharda havo gigiyenik me’yor doirasida qolayotganini ta’kidlagan.

NASA FIRMS tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, Dengiz neft terminali joylashgan hududda issiqlik anomaliyalari qayd etilgan, bu yirik yong‘indan dalolat berishi mumkin. Yuqori harorat izlari xaritada hali ham saqlanib qolgan.

Qora tutun to‘dalari sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ham ko‘rinadi.

Feodosiyadagi neft bazasi so‘nggi bir yarim hafta ichida bir necha bor Ukraina hujumlariga uchradi.

Xususan, 6 oktyabr kuni Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Dengiz neft terminali quvvatlari yo‘q qilingani haqida hisobot bergan. «Muvaffaqiyatli zarba natijasida obekt hududida keng ko‘lamli yong‘in qayd etildi», deb yozgan ukrainalik harbiylar.

Rossiya hukumati bu ma’lumotni tasdiqlamadi. «Qrim.Realiya» yong‘in kamida 9 oktyabr kuni kechgacha davom etgani haqida yozgandi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi xabarida Feodosiyadagi neft terminali Rossiya qo‘shinlarini yoqilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlashda muhim logistika bo‘g‘ini deb atalgan. Rezervuarlarda saqlanayotgan neft mahsulotlarining umumiy hajmi qariyb 193 ming metr kubni tashkil etadi.

Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga doimiy hujumlari xom neftni qayta ishlash hajmini kuniga taxminan 500 ming barrelga qisqartirishga sabab bo‘ldi.

Agentlik ta’kidlashicha, Rossiyaning avvalgi hajmiga qaytishi 2026 yil o‘rtalaridan oldin ro‘y bermaydi.

Mavzuga oid