Jahon | 18:21 / 12.10.2025
10359
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga Rossiya ichkarisidagi energetika obektlariga zarba berishda yordamlashmoqda

Foto: Magyarbirds / Reuters / Scanpix / LETA

AQSh hukumati 2025 yil yoz o‘rtalaridan beri Ukrainaga mamlakat qurolli kuchlari Rossiya hududidagi energetika obektlariga zarba berishi uchun zarur bo‘lgan razvedka ma’lumotlarini taqdim etib kelmoqda, deb xabar berdi Financial Times gazetasi 12 oktyabr kuni. Nashrning Ukraina va AQShdagi manbalari AQSh razvedkasi Kiyevga front chizig‘idan uzoqda joylashgan neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qilish imkonini bergan ma’lumotlarni ulashganini aytdi. FT suhbatdoshlari buni Qo‘shma Shtatlarning Rossiya iqtisodiyotini zaiflashtirish va Vladimir Putinni muzokaralar stoliga o‘tirishga majburlash uchun muvofiqlashtirilgan urinishi deb atadi.

Gazeta manbalariga ko‘ra, Amerika razvedkasi Kiyevga Ukraina qurolli kuchlarining zarbdor dronlari yo‘nalishlari, balandligi, vaqti va parvoz taktikasini shakllantirishga yordam ko‘rsatadi, bu esa dronlarga Rossiya havo hujumidan mudofaasidan qochish imkonini beradi.

Nashrning uch suhbatdoshi Vashington rejalashtirishning barcha bosqichlarida yaqindan ishtirok etayotganini ta’kidladi. Amerikalik mulozimlardan birining aytishicha, Ukraina uzoq masofali zarbalar uchun nishonlarni o‘zi tanlaydi, Vashington esa bu obektlarda qanday zaifliklar borligi haqida razvedka ma’lumotlarini taqdim etadi. Shu bilan birga, boshqa manbalar ta’kidlashicha, Ukraina qurolli kuchlari uchun ayrim nishonlarni AQSh ham belgilab bermoqda.

Gazetaning ta’kidlashicha, AQSh razvedka ma’lumotlarini Ukraina bilan baham ko‘rishni ikki davlat prezidentlari Donald Tramp va Volodimir Zelenskiyning iyul oyi boshidagi telefon muloqotidan keyin boshlagan. Financial Times iyul oyida Tramp suhbat chog‘ida Zelenskiydan Ukraina qurolli kuchlarining Moskva yoki Sankt-Peterburgga zarba bera olish imkoniyatiga qiziqib savol berganini eslagan. Ukraina prezidenti o‘shanda agar AQSh uzoq masofali qurollar taqdim etsa, bu amalga oshishi mumkinligini aytgandi.

Oq uy FT’​​ning o‘sha xabariga izohida gazeta «klik uchun so‘zlarni kontekstdan sug‘urib olishi»ni bildirgandi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt Tramp «shunchaki savol bergani, keyingi qotilliklarni rag‘batlantirmagani»ni ta’kidlagandi. Trampning o‘zi esa namoyishkorona tarzda Zelenskiyni Moskvaga hujum qilishdan qaytargandi.

Iyul oyidagi telefon suhbatidan ko‘p o‘tmay, Kiyev Amerika razvedkasidan yangi darajadagi detalizatsiyaga ega ma’lumotlarni ola boshladi, deydi FT’ga Ukrainaning uzoq masofali dronlari operatsiyalari bilan tanish bo‘lgan to‘rt kishi. Bu ma’lumotlar Kiyevga Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlarining aniqroq xaritasini tuzish va zarbalar yo‘nalishlarini belgilash imkonini beradi.

Avgust va sentabr oylarida Ukrainaning Rossiya neft-gaz obektlari va quvurlariga zarbalari sur’ati oshdi. FT keltirgan Energy Aspecs tadqiqot guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina Rossiyadagi 38 ta neftni qayta ishlash zavodidan kamida 16 tasiga zarba bergan, ularning ba’zilari bir necha bor neftni qayta ishlashda uzilishlarga olib kelgan. Yetkazilgan zarar tufayli Rossiya dizel yoqilg‘isi eksportini qisqartirdi va importga qaramlik kuchaydi.

Vashington uzoq vaqtdan beri Ukrainaga bosib olingan hududlardagi Rossiya harbiy nishonlariga zarba berishda yordam berish uchun Kiyev bilan razvedka ma’lumotlarini baham ko‘rib keladi, shuningdek, Rossiyaning zarbalari haqida oldindan ogohlantiradi. Shu bilan birga, AQSh rasmiylari Ukrainaning Rossiya energetika obektlariga zarbalarida bevosita ishtirok etganini rasman tan olmaydi.

Volodimir Zelenskiy 8 oktyabr kuni Ukraina «AQSh razvedkasi bilan, birinchi navbatda, o‘zini himoya qilish uchun», ya’ni Rossiya zarbalaridan himoyalanish uchun hamkorlik qilayotgani haqida gapirdi. Oq uy vakili FT’ga izohida agar Tramp prezident bo‘lganida Rossiya-Ukraina urushi boshlanmagan bo‘lishi haqidagi tezisni takrorlagan va u hozirda «urushni to‘xtatishga harakat qilayotgani»ni ta’kidlagan. Milliy razvedka direktori boshqarmasi va Mudofaa vazirligi izoh berishdan bosh tortgan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov oktyabr oyi boshida AQSh va NATO «muntazam ravishda» Ukrainaga razvedka ma’lumotlarini, jumladan, Rossiya energetika obektlariga zarba berish uchun ham taqdim etayotgani «aniq» ekanini aytgandi.

The Wall Street Journal gazetasi 1 oktyabr kuni o‘z manbalariga asoslanib, Donald Tramp Ukrainaga Rossiya energetika infratuzilmasiga uzoq masofali raketalar bilan zarba berishi uchun razvedka ma’lumotlarini taqdim etishga ruxsat bergani haqida yozgandi.

Mavzuga oid