O‘zbekiston | 21:26 / 30.07.2020
100378
2 daqiqa o‘qiladi

Azimjon Asqarov O‘zbekistonda dafn etiladi

Taniqli huquq himoyachisi, asli o‘zbek Azimjon Asqarovning jasadi O‘zbekistonga olib kelib dafn etiladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligidagi manba Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Foto: Kloop

Tashqi ishlar vazirligining ma'lum qilishicha, Azimjon Asqarovning rafiqasi, o‘g‘li va boshqa oila a'zolarining uning O‘zbekiston hududida dafn etilishi haqidagi murojaatiga binoan Qirg‘iziston tomoni bilan tegishli maslahatlashuvlar o‘tkazilgan.

O‘zaro muzokaralar natijasida ushbu murojaatni ko‘rib chiqish va ularning talablarini qanoatlantirish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistondagi eng mashhur inson huquqlari himoyachilaridan biri, 10 yildan buyon qamoqxonada bo‘lgan Azimjon Asqarov shu yilning 25 iyulida qamoqxonada vafot etgandi.

U 2010 yil 16 iyunida Qirg‘iziston janubida, o‘zbeklar istiqomat qiladigan hududda ro‘y bergan fojiali voqealardan keyin qamoqqa olingandi. U iyun voqealari vaqtida ommaviy tartibsizliklar tashkil qilish va mahalliy militsiya zobitini o‘ldirishga sheriklik qilishda ayblanib, hibsga olingan. O‘sha yilning sentyabrida sud Asqarovni butun umrga ozodlikdan mahrum qilgan, biroq u o‘z aybdorligini tan olmagandi. 

BMTning inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Asqarovga nisbatan kuch ishlatilgani, zo‘ravonlik qilingani, inson huquqlari himoyachisiga nisbatan sud ishi adolatsiz tarzda ko‘rib chiqilganini qayd etgan. 

Inson huquqlari himoyachilari Asqarovga nisbatan jazo bu qadar og‘ir bo‘lganini uning bevosita militsiya tomonidan fuqarolarga nisbatan qilingan zo‘ravonliklar yuzasidan jurnalistik surishtiruvlar o‘tkazgani va ularni fosh etgani bilan bog‘lagan.

Azimjon Asqarovning ishi sababli Qirg‘izistonda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish muhokama qilingan, bu orada rasmiy Bishkekning AQSh bilan munosabatlari sovuqlashgandi.

2016 yilda BMTning inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Qirg‘iziston hukumatidan Asqarovga nisbatan qo‘llangan jazoni bekor qilish va uni garov evaziga ozod etishga chaqirgan, ammo ushbu masala ochiq qolgandi.

Mavzuga oid